O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Muborak Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizdagi o‘rni, mohiyati va ahamiyatini, xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik ramzi ekanini e’tiborga olib hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni asrash va ulug‘lash maqsadida:
1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2019 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 11 avgust – yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2019 yil 11 avgust Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Qurbon hayitining joylarda yuqori saviyada, xalqimizning milliy va diniy an’analariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Toshkent shahri
O‘zA
"Makka bo‘lmaganida seni tashlab ketmas edim!!!"
Madina! Senga yillar talpingandik, sog‘ingandik, seni hajringdan ko‘z yoshlarimizni to‘kkandik. Seni sevmagan mo‘min bormi dunyoda, senga intilmagan muslim bormi dunyoda.
Seni goho tushlarimizda ko‘rardik, bu tushlardan hech-hech uyg‘ongimiz kelmasdi, seni nega yaxshi ko‘ramiz, seni nega yurakdan sevamiz!?
Chunki senda eng yaxshi ko‘rganimiz, suyukligimiz, sog‘inganimiz, seni sharaflantirgan Rasululloh alayhissalom borlar!
Chunki senda biz dunyoga kelmasimizdan turib bizni sog‘ingan, bizni yaxshi ko‘rgan Zot bordir.
Chunki senda, oxirga nafaslarida ham "ummatim, ummatim" deya g‘arib ummatlarini holidan tashvishlangan Zot bordir.
Yana senda, agar Rasululloh alayhissalom aytgan bo‘lsalar men hammasiga ishondim deya Siddiq maqomini topgan Zot bordir, Rasululloh alayhissalomni amakisi iymonga kelishini yaxshi ko‘rgan, Rasululloh sut ichganlarida chanqog‘i bosilgan Abu Bakr roziyallohu anhu bordir.
Yana senda, yurgan ko‘chasidan shayton qochgan, so‘zlarini Qur’on tasdiqlagan, "Umar xato gapirdi" deya olgan Amirul mo‘miniyn bordir.
Yana senda farishtalar hayo qilgan Zunnurayn Hazrati Usmon, vafoti Rasulullohni ko‘zlarini yoshlatgan o‘g‘li Ibrohim, qizlari Ummu Kulsum, Ruqayya, Fotima, Azvoju mutohharot onalarimizni va yana o‘n minga yaqin sahobani bag‘riga olgan Jannatul Baqe’ bordir.
Bizni yaxshi ko‘radigan, biz uni yaxshi ko‘radigan, Sayyidi shuhada Hazrati Hamzani bag‘riga olgan Uhud tog‘i bordir.
Yana senda, taqvo asosida barpo qilingan, unda o‘qilgan ikki rakaat namozga umrani savobi beriladigan Masjidil Qubo bordir.
Sendagi fazilatlarni sanasam tugamaydi. Senda sahobalarni izlari bordir, Rasulimizni hidlari bordir.
Allohga hamd bo‘lsinki, oshiq mahbubiga yetganidek seni visolingga yetdik, suyukligimiz jivoriga keldik, yaxshi ko‘rganlarimiz bo‘ylariga to‘ydik.
Sendan hech ketgim kelmaydi, Madina!
Chunki, “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimki Madinada vafot eta olsa, unda vafot etsin. Chunki, unda vafot etgan kishini shafoat qilaman” dedilar” (Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan Imom Termiziy rivoyati).
Madina! Makka bo‘lmaganida seni tashlab ketmas edim!!!
TII “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi Adham Yusupov