Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
إِنَّا كُلَّ شَيْءٍ خَلَقْنَاهُ بِقَدَرٍ
“Albatta, Biz har narsani o‘lchov bilan yaratdik” (Qamar surasi, 49-oyat).
Ha, Alloh taolo kichik atomdan tortib ulkan galaktikalargacha, umuman, butun borliqni aniq o‘lchov va hisob bilan yaratgan. Yer yuzida hayotning muntazam ravishda davom etishining asosiy sabablaridan biri ana shu o‘lchovli qilib yaratilganidir. Hamma narsa o‘lchovlidir. Bu olamda biror narsa yo‘qki, shu o‘lchovdan tashqarida bo‘lsa. Keling, so‘zimizga oid misollarni ko‘rib chiqsak:
Alloh taolo og‘irligi 4-5 tonna keladigan filga kiyikning oyog‘ini berganda nima bo‘lardi? Oyoqlar tanani ko‘tara olmay, sinib ketgan bo‘lardi. Bunday ulkan vaznli jonzot uchun mana shunday ustundek oyoqlar kerak. Shuningdek, fillar changalzorlarda yashaydi. Kiyiknikidek oyoq changalzorda turli o‘simliklar, lianalarga o‘ralib, yurishi qiyinlashardi. Katta oyoqlar bilan esa bemalol o‘simlik ustini bosib, ezib, yurib ketaveradi.
*****
Bordiyu kiyikka filning oyog‘ini berganda nima bo‘lardi? Kiyik bu og‘ir vaznli oyoqni ko‘tarishga qiynalib, yura olmagan bo‘lardi. U sakrab-sakrab yura olishi, yirtqichlar hamlasidan tezda qocha olishi uchun unga mana shunday ingichka, nozik oyoqlar kerak.
*****
Agar Alloh taolo tarvuzni daraxtda o‘sadigan qilib qo‘yganida, tarvuzlar pishgan paytlarda o‘sha daraxt ostidan o‘tayotgan odamlarning boshiga katta tarvuz tushib, ko‘p talafotlarga olib kelardi. Qolaversa, og‘ir vaznli tarvuzlarni daraxtdan uzib olish anchagina muammo keltirib chiqarardi. Alloh taoloning marhamatini qarangki, tarvuzlar yerdagi paykonlarda o‘rmalab unib-o‘sadi, pishib yetiladi. Ularni uzib olish, yig‘ib-terish ham muammoga sabab bo‘lmaydi.
*****
Kemiruvchilar ko‘p bola tug‘adi. Ammo bolalarining ko‘p qismi uzoq yashamay o‘lib ketadi. Oz qismigina tirik qoladi. Agar barcha bolalari o‘lib qolmay, uzoq yashaganida, dunyoda kemiruvchilar soni ko‘payishi hisobiga ko‘p noqulayliklar yuzaga kelardi.
*****
Bo‘rilar, oq ayiqlar kam bola ko‘radi. Ammo ular uzoq yashaydi.
*****
Itlar ko‘p tug‘adi, ammo bolalarining aksari kichikligida o‘lib ketadi.
*****
Qo‘ylar kam tug‘adi, ammo bolalari uzoq yashaydi.
*****
Shu tarzda jonzotlar o‘rtasida muvozanat saqlanadi.
*****
Arslon, qoplon, bo‘ri kabi yirtqich hayvonlar faqat kasal, qari kiyik, ho‘kiz kabi hayvonlarni ovlaydi. Bu esa kiyiklar, ho‘kizlar va boshqa o‘lja bo‘ladigan jonzotlar to‘dasida kasallik tarqalishining oldi olinishiga sabab bo‘ladi.
*****
Yirtqich qushlarning tumshuqlari qayrilgan bo‘ladi. Bu esa ularga ov qilingan o‘lja go‘shtini uzib-uzib yeyishi uchun qulaylikka sabab bo‘ladi.
*****
Yirtqich bo‘lmagan qushlarning tumshuqlari esa to‘g‘ri shaklda bo‘ladi. Bu esa ularga don va mayda hasharotlarni terib-terib yeyishga imkon beradi.
*****
Oq ayiq va pingvinlarning terisi qalin, shaffof va yog‘li bo‘lib, bu esa ularga terining suv bilan namlanmasligi, natijada ularning muzlab qolmasligiga, umuman, sovuq iqlimda qiynalmay yashashiga imkon beradi.
*****
Dengiz suvi sho‘r. Agar suv chuchuk bo‘lganida, baliqlar tez fursatda achib, o‘lib qolgan, suvning o‘zi ham aynib ketgan bo‘lardi. Sho‘r suvdagi baliq xuddi tuzlangan go‘sht demakdir. Go‘sht tuzlab qo‘yilganda aynimay, eskirmay turgani uchun baliqlar yashaydigan muhit suvlari ham tuzli suvdir.
*****
Ichimlik suvi esa shirin. Agar inson to‘xtovsiz sho‘r suv ichaverganda, o‘pka va hazm qilish a’zolari qisqa muddatda ishqor ta’sirida yedirilib, inson halok bo‘lgan bo‘lardi.
*****
Endi o‘zimizni olib ko‘raylik. Agar ko‘zimiz bitta, og‘zimiz ikkita, qulog‘imiz uchta, qo‘limiz oyog‘imiz o‘rnida, oyog‘imiz orqamizda, boshimiz belimizda bo‘lganida qanday ko‘rinish va mashaqqat yuzaga kelardi?! Tasavvur qilishning o‘ziyoq dahshatli, to‘g‘rimi?! Juda xunuk manzara bo‘lishi ko‘z oldimizga keldi, shunday emasmi?!
Robbimiz O‘zining Kalomida shunday marhamat qiladi:
لَقَدْ خَلَقْنَا الْإِنسَانَ فِي أَحْسَنِ تَقْوِيمٍ
“Batahqiq, Biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik” (Tiyn surasi, 4-oyat).
*****
Ha, azizlar, Alloh taolo bizga Mehribondir. U barcha narsani go‘zal suratda, muvozanat va hikmat ila yaratgan.
Har bir jonzotning tana a’zolarini o‘ziga moslab yaratgan Buyuk Musavvir Zot – Alloh taolo barcha aybu nuqsonlardan pokdir!
Nozimjon Hoshimjon va Saidabror Umarov tayyorladi
Shu yilning 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov rahbarligida Vobkent tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar imom-xatib, imom-noib, mahalla domlalari va nuroniy otaxonlar ishtirokida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Sayyor yig‘ilish davomida barcha imom-xatib va imom-noiblar o‘zlariga biriktirilgan MFYlar bilan muntazam aloqada bo‘lib, yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratishi, ilm-ma’rifatga qiziqtirish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish kabilarni alohida ta’kidlandi. Shundan so‘ng barcha imom-xatiblar mahalla nuroniylari bilan o‘zlariga biriktirilgan mahallalarga chiqishdi.
Shu kunning o‘zida sayyor qabul ishtirokchilari 50 dan oshiq xonadon holidan xabar oldi. Jumladan, Ko‘liodina mahallasida yashovchi yuz yoshni qarshilagan mehnat faxriylarini ziyorat qildi. So‘ngra shu mahallada istiqomat qiluvchi birinchi guruh nogironlari, moddiy ko‘makka muxtojlar, ijtimoiy ko‘makka muhtojlarning xonadonlaridan xabar olinib, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar uyushtirildi va homiylar ishtirokida moddiy jihatdan ko‘maklar berildi.
Shuningdek, Viloyat bosh imomi rahbarligida hamda Vobkent tumanidagi imom-xatiblar ishtirokida 2024 yil zamonaviy loyihalar asosida qurilgan 120 o‘rinli 12-maktabgacha ta’limda vatanimiz kelajagi bo‘lmish jajji bolalar bilan uchrashib, ularga xursandchilik ulashildi.
Kunning ikkinchi qismida viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov tumandagi Abdulazizxon jome masjidida peshin namozida bo‘lib, yig‘ilgan jamoatga "Shukronalik", "Sof islom ta’limoti", "Tinchlik ne’mati" mavzularida ma’viza qildi va keng jamoat ishtirokida yurtimiz haqqiga duoi xayrlar so‘raldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati