Quyidagi xitob mo‘min-musulmonlarni qirg‘inbarot qilayotgan, onalarni farzand dog‘ida ezib, ayollarni beva, bolalarni yetim qilib qoldirayotgan, yurtlarni vayron etib, nohaq qonlar to‘kayotgan, bir so‘z bilan aytganda, musulmonlarga zulm qilayotgan zolimlarga qaratiladi!
Ey zolim, atrofingdagi odamlarni o‘lim birma-bir o‘z domiga tortib ketayotganini ko‘rib turibsan. O‘zing hisob kuniga nima tayyorlading?!
Ey zolim, zulm qilishingda senga yordam berganlar qiyomat kuni hisob qilinayotganingda ham senga yordam beradilar deb o‘ylaysanmi?!
Ey zolim, yaxshiliklaring, savoblaring senga shu qadar arzimas narsa bo‘ldimiki, barchasini mazlumlarga ulashib beryapsan?!
Ey zolim, qancha odamlarning haqqini poymol etding?!
Ey zolim, qancha insonlarning qonini to‘kib, ularni yashash, ibodat qilish, erkinlik haqqidan mahrum etding?!
Ey zolim, qiyomat kuni barcha mazlumlar sendan o‘z haqlarini olayotganlarida ahvoling qanday bo‘lishini o‘ylab ko‘rmaysanmi?!
Ey zolim, qalbing Alloh taolodan qo‘rqmaydigan darajada shu qadar muzlab ketdimi?!
Ey zolim, bandalarga zulm qilib, shu ishingdan lazzatlanadigan darajada bag‘ritosh bo‘lib ketdingmi?!
Ey zolim, mazlumning duosi darhol yoki biroz keyinroq bo‘lsa ham ijobat etilishini unutdingmi?!
Ey zolim, mazlumning Robbisi borligini, U mazlumni himoya qilishini bilmaysanmi?!
Ey zolim, qalbingdagi qattiqlik, yuzingdagi qarolik haqida hech o‘ylab ko‘rganmisan?!
Ey zolim, qalbingda zulmingning asarini sezmayapsanmi?! O‘zingni hammaning ichida turib ham yolg‘iz his qilmayapsanmi?!
Ey zolim, zulmdan nega to‘xtamayapsan?! Seni zulmga undayotgan narsa nima?! Kibrmi yo qaysarlikmi yoki tug‘yonmi?!
Ey zolim, biror marta “Allohga nima deb javob beraman?” deya o‘ylab ko‘rganmisan?!
Ey zolim, dunyoyu oxiratdagi ahvoling qanday bo‘lishidan, seni nimalar kutib turganidan qo‘rqmaysanmi?
Ey zolim, sen zulm qilgan kishilar kaftlarini duoga ochib, nigohlarini samoga qaratib duo qilayotganlarida nima deyishlarini bilasanmi?! Ular sening ustingdan Odil Zotga shikoyat qilishyapti!
Ey zolim, ularning duolaridan qo‘rqmaysanmi?!
Ey zolim, zulm orqali qo‘lga kiritgan barcha narsalaring mazlumlarning birgina duosi bilan yo‘q bo‘lib ketishini nega o‘ylab ko‘rmaysan?!
Alloh taolo Shuaro surasining 227-oyatida quyidagicha marhamat qiladi:
وَسَيَعْلَمُ الَّذِينَ ظَلَمُوا أَيَّ مُنقَلَبٍ يَنقَلِبُونَ
“Zulm qilganlar esa, tezda qaysi ag‘darilish joyiga ag‘darilishlarini bilurlar”.
Olamlarga rahmat qilib yuborilgan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Zulmdan saqlaninglar. Zero, zulm qiyomat kuni zulmat bo‘lur. Ziqnalikdan saqlaninglar. Zero, ziqnalik sizlardan oldingilarni halok etdi – ularni o‘zaro qonlarini to‘kishga va harom ishlarni halol qilishga olib keldi» (Muslim rivoyati).
Alloh taolo zulmni shu qadar yomon ko‘rganidan hadisi qudsiyda: «Ey bandalarim, Men O‘zimga zulmni harom qildim va uni sizlarning orangizda ham harom qildim. Bas, bir-biringizga zulm qilmanglar» deya bandalarga xitob qilgan.
So‘zimiz so‘nggida Alloh taoloning mana bu oyati karimasini keltirsak:
وَلاَ تَحْسَبَنَّ اللّهَ غَافِلاً عَمَّا يَعْمَلُ الظَّالِمُونَ إِنَّمَا يُؤَخِّرُهُمْ لِيَوْمٍ تَشْخَصُ فِيهِ الأَبْصَارُ
“Sen hargiz, Alloh zolimlar qilayotgan narsadan g‘ofil, deb gumon qilma. Faqatgina ularni ko‘zlar qotib qoladigan kungacha qo‘yib qo‘yadi, xolos” (Ibrohim surasi, 42-oyat).
Alloh taolo barchamizni zulm qilishdan, zulm ko‘rishdan va boshqalarning qahriga qolishdan asrasin!
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Ota-onalar o‘g‘illariga Muhammad deb ism qo‘yishni afzal ko‘radilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlari sahobalar davridan boshlab hozirgacha U zot alayhissalomga muhabbat yuzasidan farzandlarga qo‘yib kelinadi. Qolaversa, bir qancha hadisi shariflarda, ulamolarning so‘zlarida bu muborak ismni farzandlarga qo‘yish tavsiya qilingan va maqtalgan. Jumladan Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismimni qo‘yinglar, ammo kunyam bilan kunyalanmanglar”, deganlar.
Imom Molik raziyallohu anhu aytadilar: “Madina ahli shunday der edi: “Muhammad ismli kishisi bor hech bir oila yo‘qki, unga ko‘plab yaxshiliklar berilmagan bo‘lsa”.
Ammo, “qasamki, kimki sening isming Muhammad bilan atalsa, hech qachon do‘zax o‘ti unga tegmaydi”, “Qiyomat kuni, ey ismi Muhammad bo‘lgan banda, jannatga kirish uchun o‘rningda tur, deb nido qilinadi” kabi uydirma hadislar ko‘plab uchraydi. Mazkur muborak ismga oid bir qancha uydirma hadislar kitoblarga kirib qolganini ulamolar aniqlagan va musulmonlarni ogoh etish uchun uydirma hadislarga oid yozgan kitoblariga kiritganlar.
Muhammad ismi do‘zaxdan asrashi, qiyomatda foyda berishi kabi fazilatlar bayon qilingan yuqorida zikr etilgan hadislar haqida Imom Shomiy asarida bunday degan: “Muhammad ismi bandaga foyda keltirishi haqida bironta sahih hadis yo‘q”.
Bakr Abu Zayd aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Muhammad yoki Ahmad ismli kishini maqtagani yoki birovni bu ikki ism bilan chaqirishni man qilgani haqidagi har qanday hadis sahih emas” (“Tasmiyatul mavlud”, 17-bet).
Yana bir muhim jihat, bu ism sharafli ismlardan, ammo ism insonga odamlar orasida afzallik bermaydi. Agar bu ismni biror insonga qo‘yilsa, o‘sha insonning ismi hisoblanadi. Bu insonni chaqirilsa yoki ismi aytilsa, unga salovat aytish kabi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga oid hukmlar qilinmaydi.
Asosiy va muhim jihat Muhammad deb nomlanish emas, balki U zotga ergashish ekanligini ulamolar ta’kidlaganlar. Insonga solih amallari va Allohdan qo‘rqishi dunyo va oxiratda foyda beradi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi.