Bursalik mashhur olim, avliyo Muhammad Uftoda hazratlari 1490 yilda tavallud topganlar va 1581 yilda vafot etganlar. Bursadagi Jome’ masjidida muazzin va imom bo‘lib xizmat qilganlar. Juda ko‘p shogirdlarni tarbiya qilganlar. Shogirdlar orasida taqvosi bilan ajralib turgani Aziz Mahmud Hudoyi hazratlari edilar. U kishi 1541 yilda Onado‘lida tavallud topib, 1628 yilda Istanbulda vafot etganlar. Mahmud Hudoyi hazratlari Bursa qozisi bo‘lib xizmat qilganlar. Keyinchalik Muhammad Uftoda hazratlariga shogird bo‘lib, ruhiy tarbiyaning katta ustozlaridan bo‘lib yetishganlar.
Mahmud afandi ustozlari Muhammad Uftoda rahimahullohning xizmatlarida yurgan kezlarida, ustozning tahoratlariga suv isitib berardilar. Bir kuni Mahmud afandi uyqudan turib qarasalar, suv isitilmagan. U vaqtlarda olov chaqmoq tosh vositasida yoqilgan. To toshni bir-biriga urib, olovni yoqolmaganlaridan so‘ng nima qilishlarini bilmay, obdastani bag‘rilariga bosib, ko‘zlarini yumgan holda o‘yga toladilar. «Ustozimning qo‘llariga qanday qilib sovuq suv qo‘yaman» deb noqulay ahvolda o‘tirganlarida, ustozlari Muhammad Uftoda kelib qoladilar va shogirdning hayajon ichra o‘tirganini ko‘rib, «Bolam, senga nima bo‘ldi?» deb so‘raydilar. Shogirdlari ustozning kelganlarini ham sezmasdan, ko‘zlari yumuq holda qumg‘onni quchgancha o‘tiraveradilar. Ustozlari indamasdan o‘tiradilar va «Qani, Mahmud, suvni quy!» deydilar. Mahmud afandi o‘zlariga kelib, oldilarida ustozlari o‘tirganini ko‘radilar. Ustozlari yana gaplarini takrorlaydilar. Shogird bo‘lsa, «Lekin ustoz, suv...» deydilaru, suvning sovuqligini aytolmaydilar. Keyin noiloj suvni quya boshlaydilar. Suv obdastadan chiqar ekan, iliqligidan undan chiqayotgan bug‘ ham ko‘rinar edi. Ustoz qo‘llarini yuvib bo‘lgach, shogirdlariga qarab tabassum qiladilar va «Azizim Mahmud, xizmating tamom bo‘ldi. Bu suv dunyo olovida isiganga o‘xshamaydi. Bu suv qalbingdagi ishq, muhabbat olovida isiganga o‘xshaydi. Bizni ham kuydirdi» deydilar.
Ha, azizlar, Alloh taolo O‘zining xohlagan bandasiga valiylik martabasini berib, unga mana shunday karomatlarni ato etib, maqomini yuksaltirib qo‘yadi.
Alloh taolo barchamizni To‘g‘ri Yo‘lda sobitqadam aylab, xotimamizni chiroyli qilsin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
00:00 Anons
00:48 Fuqarolar murojaati e’tibor markazida
01:11 Qur’on va tajvid markaziga tashrif
01:44 Qo‘shko‘pirdagi "Islom bobo" masjidi foydalanishga topshirildi
02:28 Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi
02:42 Ziyoratchilarimiz Payg‘ambar alayhissalom shaharlarida
02:58 Imkoniyati cheklanganlar uchun navbatdagi ma’rifiy suhbat
03:24 To‘raqo‘rg‘on tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi
04:01 Otinoyilar ishtirokida tanlov o‘tkazildi
04:22 Qishki ta’til davrida o‘tkazilgan malaka oshirish o‘quv seminari nihoyasiga yetdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati