Muqaddas islom dinimiz bizni din-u diyonatli, odob-u axloqli va insofli bo‘lishimizga da’vat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarining birida marhamat qiladilar: “Alloh taolo bandalarning o‘rtasida mol-u dunyoni bo‘lib berganidek, din-u diyonatni, odob-u axloqni ham bo‘lib bergan. Alloh taolo mol-u dunyoni yaxshi ko‘rgan bandasiga ham, yaxshi kurmaydigan bandasiga ham beraveradi. Ammo, din-u diyonatni va odob-u axloqni faqat yaxshi ko‘rgan bandasiga beradi. Bas, kimga Alloh taolo din-u diyonatni va odob-u axloqni bergan bo‘lsa, uni Alloh taolo yaxshi ko‘radi”.
Dinimiz asosi go‘zal xulq va ibratli axloqdir. Xulq so‘zi insonning fe’l-atvori, fazilatli xislati va odobi kabi ma’nolarni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan dinimiz nima deb so‘rashganda: “Dinimiz axloq dinidir”, deb javob bergan ekanlar. Dinimiz ezgulik dinidir. Bas, qaysi bir kishi go‘zal va ko‘rkam axloq egasi bo‘lsa, undan faqat ezgulik va yaxshilik kutiladi. Chunki ma’naviyati yuksak va qalbi toza payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘zlari ulug‘ axloq egasi bo‘lganlar.
Alloh taolo buni o‘z kalomida bayon etgan: “Va albatta, sen buyuk xulqdasan”. Qalam surasi, 4-oyat.
Bu oyatda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, xulqlarini ulug‘lik bilan sifatladi, bu payg‘ambar alayhissalom uchun katta bahodir. Oisha roziyallohu anho onamizdan payg‘ambarimiz alayhissalom xulqlari to‘g‘risida so‘rashganda: “Xulqlari Qur’on edi”, deb javob berganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari: “Men yaxshi xulqlarni mukammal qilish uchun yuborilganman”, deb marhamat qilganlar. Hamda u zot: “Inson yaxshi xulqi bilan kunduzni ro‘za tutib, kechani namoz o‘qib o‘tkazadiganlar martabasiga yetadi”, deganlar.
Umuman olganda mazkur oyat va hadislardan ma’lum bo‘ladiki, islom dinida odob-axloq, yaxshi xulqqa katta e’tibor berilgan. U zotga ummat bo‘lgan har bir musulmon payg‘ambar alayhissalomning go‘zal xulqlari bilan xulqlanishi lozim.
Odam bolasi Alloh taolo huzurida surati bilan emas, siyrati bilan, ya’ni, ichki dunyosi, ma’naviyati bilan baholanadi. Ota-ona, ustoz va murabbiylar, qolaversa, har bir tarbiyachi eng avvalo o‘zi go‘zal xulqli bo‘lishi lozim. Chunki rivoyatlarda kelishicha tarbiya beruvchi qandoq bo‘lsa, tarbiya oluvchi shundoq bo‘ladi. Ayrim insonlar bolasini tarbiya berayotganda yoki boshqa kishi bilan muloqotda bo‘lganlarida yomon so‘zlar (so‘kish) bilan gapiradilar. Yomon so‘zni (so‘kish) odat qilgan kishi badaxloq odamga aylanadi. Hadisi shariflarda so‘kish gunoh ekanligi aytilgan. Ikki kishidan biri ikkinchisiga yomon so‘z (so‘kish) aytsa ma’naviy jinoyat qilgan bo‘ladi va oradagi Alloh taolo tomonidan tutilgan pardani bo‘zgan bo‘ladi, natijada gunohkor bo‘lib xulqsiz insonga aylanadi. Yaxshi xulq egalari, masalan, ustoz va murabbiylar shogirdlariga tarbiya berayotganda, oilada esa ota-onalar o‘g‘il-qizlariga tarbiya berayotganda ularga yomon so‘z (so‘kish) aytmasdan, urmasdan va baqirmasdan tarbiya beradilar. Demak, har bir murabbiy va ustoz kishi go‘zal axloqli bo‘lsa, yosh avlodga bergan nasihatlari samara beradi. Shunda jamiyatimizga foydasi tegadigan, odob-u axloqli yosh avlod voyaga yetadi. Bundan tashqari yaxshi xulqli inson ota-onasi va ahli ayolini hurmat qiladi va mahalladagi mahalladoshlari, korxonasidagi ishchilar bilan suhbat qilganda go‘zal axloqda bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz alayhissalom hayotlik davrlarida hech kimga ozor bermaganlar. Imom Ahmad Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qiladilar: “Payg‘ambarimiz alayhissalom qo‘l ostidagi xizmatchilarni va xotinlarni hech qachon urmaganlar. Ikki ishdan birini tanlash to‘g‘ri kelsa, gunoh bo‘lmasa, osonini tanlar edilar. Agar gunoh ish bo‘lsa, undan uzoqda bo‘lardilar, o‘zlari uchun o‘ch olmaganlar...”.
Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Albatta, Alloh taolo suratlaringizga va mol-u dunyolaringizga qaramaydi, balki qalbingiz va amalingizga qaraydi”, deganlar.
Yuqorida keltirilgan xadislardan xulosa qilib, go‘zal odob-axloq bilan o‘zimizni bezash, bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘lish, odob-axloqda payg‘ambarimiz alayhissalomga munosib ummat bo‘lish har birimizga nasib bo‘lishini tilaymiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taologa iltijo qilib: “Ey Robbim, mening xilqatimni (suratimni) go‘zal qilganingdek, xulqimni ham go‘zal qilgin”, deb so‘ragan duolarini o‘zimizga odat qilib olaylik!
Aminjon Ismoilov
Sirdaryo tumani bosh imom-xatibi
Muqaddas dinimizning ikkinchi manbasi bo‘lgan Sunnatda ham vatan tushunchasi va unga bo‘lgan muhabbat borasida talaygina hadislar kelgan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytayotib Madina ko‘chalarini ko‘rgan vaqtlarida tuyalarini tezlatardilar. (Ot, xachir kabi) ulovda bo‘lsalar, uni niqtardilar”.
Abu Abdulloh aytadi: «Horis Ibn Umayr Humaydning “Ulovni uni (Madinani) sevganlaridan niqtardilar” rivoyatini ziyoda qilgan» (Imom Buxoriy rivoyati).
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz hajini ado qilsa, ahliga qaytishga shoshilsin. Chunki shunday qilishi ajrini ko‘paytiradi”, dedilar» (Imom Doraqutniy, Hokim va Bayhaqiy rivoyati).
Sharh: Alloma Munoviy[1] rahmatullohi alayh “Fayzul Qodir” kitobida hadisni quyidagicha sharhlagan: “(Vatanga) shoshilish – mustahab. “Ahl”dan murod esa vatandir, garchi u yerda ahli (oilasi) bo‘lmasa-da, kelishi bilan do‘stlari, ahllariga surur bag‘ishlagani uchun “shunday qilishi ajrini ko‘paytiradi”. Vatanda istiqomat qilishda boshqa joyga qaraganda ibodatga (oid) vazifalarni bajarish oson bo‘ladi. Bu Islom asoslaridan biri bo‘lgan haj borasida shunday deyilgan bo‘lsa, boshqa, ayniqsa, mustahab (arab. – “sevilgan”, “yoqtirilgan”) – shar’iy amal; uni bajargan kishi savob oladi, bajarmagan kishi gunohkor bo‘lmaydi) va muboh (arab. – “umumiy”, “ixtiyoriy” ish-harakat) – shariat tomonidan mukallaf kishiga qilish yoki qilmaslik ixtiyori teng berilgan amal) safarlarda (o‘z vataniga shoshilishi birinchi navbatda) talab qilinadi. Mana shu hadisdan Abu Hanifa rahmatullohi alayh Makkani qo‘shni tutish makruh (arab. – “rad etilgan”, “qoralangan”, “nomaqbul”) shariat hukmlaridan biri. Qat’iyan taqiqlanmagan, biroq nomaqbul hisoblangan va rad etilgan amal. Makruh ikki xil bo‘ladi, degan hukmni olganlar”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Safar azobning bir bo‘lagidir. Sizlarni taom, sharob va uyqudan to‘sadi. Qay biringizning safardan maqsadi hosil bo‘lsa, ahliga shoshilsin”, dedilar» (Muttafaqun alayh).
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch kishining: ota, musofir va mazlumning duosi ijobat qilinadi”, dedilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Sharh: Alloma Munoviy rahmatullohi alayh “Fayzul Qodir” kitobida yozadi: “Uch kishining: otaning farzandga, musofirning va mazlumning zolimga qilgan duosi ijobat bo‘ladi. Safar vatandan uzoq, g‘urbatda bo‘lish, mashaqqatlarni boshdan kechirish sababli qalbda siniqlik paydo qiladi. Siniqlik duo ijobat bo‘lishining eng katta sabablaridan biri. Mazlum esa nochordir”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mevaning avvali keltirilar edi. Shunda u zot: “Allohumma barik lana fi madinatina va fi samarina va fi muddina va fi so’ina barokatan ma’a baroka” duosini aytardilar. So‘ngra uni hozir bo‘lgan bolalarning eng yoshiga berardilar» (Muslim rivoyati).
Duoning tarjimasi: “Allohim! Bizning shahrimizga, mevamizga, muddimizga va so’imizga baraka ustiga baraka ber“. (Mud va so’ – hajm o‘lchov birliklari).
"Islomda vatan tushunchasi" kitobidan
[1] Alloma Munoviy. To‘liq ismi: Zaynuddin Muhammad Abdurrauf ibn Tojulorifin ibn Ali Zaynul Obidin Haddodiy Munoviy Qohiriy. Milodiy 1545, hijriy 952 yilda tug‘ilgan. Milodiy 1622, hijriy 1031 yilda Qohirada vafot etgan. Qomusiy olimlardan. Alloma Munoviy parhezkor, kam ovqat, kam uyqu zotlardan edi. 80ga yaqin kitob muallifi. Yozgan kitoblari: “Kunuzul haqoiq” (hadis haqida), “Fayzul Qodir sharhu jomeis sag‘ir” va boshqalar.