Asli kasbim o‘qituvchi. 40 yildan ortiq yoshlarga ta’lim-tarbiya berdim. Alloh nasib qilib, haj ibodatini ado etish baxtiga muyassar bo‘lish arafasida turibman. Har gal Ka’bani tavof qilar ekanman, rahmatli onamning bir so‘zlari yodimga tushadi. – Bolam, odamlarni koriga yaragan, ularni rozi qilgan, Yaratganni rizoligini topadi. Elim desang, el ardoqlaydi, Alloh desang O‘zi yaxshi niyatlaringga yetkazadi, derdi onam. Men ham onamning purma’no so‘zlariga amal qilib, ozmi-ko‘p el koriga yarashga intildim. Muborak safar oldidan, mahallamizdagi ehtiyojmandlarga qo‘limdan kelgancha yordam berdim. Ajrashish arafasida turgan bir yosh oilani saqlab qolishga erishdim. Mahalla ahlining duosini olib muborak safarga keldim. Ilohim, elu yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi, farzandlarimiz kamolotini so‘rab qilayotgan duolarimizni Yaratgan ijobat qilsin.
Fazliddin NAJMIDDINOV,
Namangan viloyatidan.
Ehtiromdan boshimiz ko‘kda
«Men avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish sohasida 30 yildan ko‘proq mehnat qildim. Alloh nasib qilgan ekan, bu yil haj safariga keldim. Kelishimdan oldin, mahallamizda bir nochor oilani uyini bitkazishga, yana bir boquvchisini yo‘qotgan oilaga qo‘ldan kelgancha yordam ko‘rsatdim. Allohga yoqqan bir ezgu ishim bor ekan-ki, O‘zini ulug‘ baytini ziyorat qilish, haj ibodatini ado etish baxtiga muyassar qildi. Shu o‘rinda bir narsaga e’tiboringizni qaratmoqchiman: men Madina va Makka shaharlarida o‘zbekistonlik hojilarimiz uchun ajratilgan mehmonxonalar va ulardagi shart-sharoitlardan, ochig‘i, hayratga tushdim. Chunki, yuryapmiz, ko‘ryapmiz, eshityapmiz, solishtiryapmiz boshqa davlatlarning hojilariga bunday e’tibor yo‘q. Bu ehtiromdan boshimiz ko‘kda. Har gal Ka’bani tavof qilar ekanmiz, ana shunday qulayliklarni bizga hozirlab bergan davlatimiz Rahbarini, barcha-barchani duolarimizda eslayapmiz, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik, xalqaro maydonda nomimiz va o‘rnimiz bundan-da sarbaland bo‘lishini so‘rayapmiz».
Tolibjon IMONQULOV, Andijon viloyati, Marhamat tumanidan.
Shu yil 9 yanvar kuni Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligida vakillik xodimlari, shahar-tuman bosh imom-xatiblari va iqtidorli imomlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruh O‘zbekiston tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab tumandagi 7 ta masjid va 7 ta mahallada, shuningdek, “Haj — 2024” ziyoratchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, amaliy tadbir rejasi tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari va imom-xatiblarga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj – 2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etdi. Birgalikda mahallaning eng kamida 3 tagacha muammoli xonadoniga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘radi. Ularning muammolarini o‘rgandi, taklif, fikr-mulohazalarini tingladi. Imom-xatiblar 22 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, tumandagi "Qudash" muruvvat uyiga tashrif buyurilib, tashrif chog‘ida muruvvat uyida yashovchi imkoniyati cheklangan, mehr-muruvvatga muhtojlarni holidan xabar olinib, muruvvat uyi uchun maishiy texnika va maishiy jihozlar hamda boshqa turdagi zaruriy ashyolar xayriya qilindi.
Shu bilan birga, muruvvat uyida "Yashil makon" dasturi doirasida 100 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.
Tumanning "Bog‘i Eram" mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oilaga homiylar ko‘magi bilan zamonaviy qulay sharoitlarga ega bir xonalik uy qurib berildi. Ishchi guruh mazkur xonadonga tashrif buyurib, xonadon egalari bilan muloqot qildi.
Peshin namozi so‘ngida masjidlarda jamoatga ma’ruza qilinib, odamlarga manfaat yetkazishning fazilati, ofiyat ulkan ne’mat ekani, yoshlar tarbiyasi doimiy e’tibor markazda bo‘lishi zarurligi, bu borada ota-onalarning o‘rni haqida ilmiy va hayotiy misollar yordamida tushuntirildi.
Masjidlar va imomlar faoliyati ko‘zdan kechirildi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati