Kun o‘tgani sayin yurtimizda diniy sohada keng imkoniyatlar tobora yuksalib bormoqda. Bu Allohning biz bandalariga, jumladan, yurtimiz musulmonlariga ato etayotgan ulug‘ ne’matlaridandir. Ana shunday quvonarli voqealardan biri Navoiy viloyatida yangi masjidning ochilishi bo‘ldi.
Shu yilning 1 avgust kuni Navoiy viloyati Qiziltepa tumani Varozun mahallasida «Abu Bakr Siddiq» nomli yangi jome masjidining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim domla Inomov, Navoiy viloyat bosh imom-xatibi Tohirjon Ro‘ziyev, tuman bosh imom xatibi Zavqiddin Oripov, tuman hokimi boshchiligidagi mutasaddi rahbarlar, imomlar, shuningdek, qishloq va mahalla faollari ishtiroki etishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim domla Inomov so‘zga chiqib, mahalla ahlini yangi masjid bilan qutladilar va ushbu masjid musulmonlarning duolari ijobat bo‘ladigan, yosh avlodning go‘zal axloqiy fazilatlari shakllanadigan mo‘tabar maskan bo‘lishini tilab, kerakli tavsiyalar berdilar, xayrli duolar qildilar.
Alloh taolo yangi masjidni qishloq ahli uchun, umuman, viloyat musulmonlari uchun ilm-ma’rifat va axloqiy tarbiya maskani bo‘lishini nasib etsin!
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati