Ma’lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ulkan loyihalar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimizda barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi shunday mega loyihalardan biri bo‘lib, uning asosiy vazifasi ilk O‘rta asrlardan boshlab musulmon va jahon sivilizatsiyasiga o‘z kashfiyotlari va ilmiy izlanishlari bilan bebaho hissa qo‘shib kelayotgan o‘zbek xalqining buyuk ajdodlari merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib etishdan iborat.
Ushbu mavzuga bag‘ishlangan matbuot anjumanida OAV vakillariga O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi loyihasi tarixi, qurilish ishlari jarayonlari, maqsad va vazifalari, hozirgacha Islom sivilizatsiyasi markazi jamoasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro hamkorligi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Qayd etish joizki, Islom sivilizatsiyasi markazi binosi Toshkentning Eski shahar qismida, Hazrati Imom majmuasi hududida qad ko‘tarmoqda. Bino g‘oya va maqsadlarga mos ravishda ulug‘vor, salobatli bo‘lib, an’anaviy islom va o‘zbek me’morchiligi uslubida bunyod etilmoqda. Markaz uchun 10 gektardan ko‘proq joy ajratilgan. Loyihaga ko‘ra, mazkur me’morchilik durdonasi uch qavatdan iborat bo‘ladi, atrofi to‘liq obodonlashtiriladi, sayyohlar uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Majmuada nodir eksponatlarga boy Islom san’ati muzeyi, kutubxona, qo‘lyozmalar fondi, ilmiy kafedralar, konferensiyalar zali bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Ma’lumki, har bir sivilizatsiya ilm-fan, yaratuvchilik, iqtisodiyot, siyosat va madaniyatda jahon tamaddunida qoldirgan izi bilan baholanadi. Shu ma’noda, ilk va kechki o‘rta asrlarda olimlar, fuzalolar, ilohiyotshunoslar, quruvchi-me’morlar va hunarmandlarning bir necha avlodini yetishtirgan, ularning quvvati-hofizalari bilan o‘lmas asarlar, kashfiyotlar, san’at asarlari bunyod etilishiga sababchi bo‘lgan islom sivilizatsiyasining jahon tamaddunida tutgan o‘rni beqiyosdir. Ushbu sivilizatsiyaning allomalari ichida yurtdoshlarimizning o‘rni ham muhim va salmoqlidir.
Islom sivilizatsiyasi markazi binosiga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi joylashtirilishi ham ko‘zda tutilmoqda. Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda, ushbu maskan ilm va ma’rifat markazi bo‘ladi. Bu yerda turli yosh vakillari, xususan, bakalavrlar, magistrlar va bo‘lajak ilohiyotchi doktorlar va hatto oddiy o‘quvchi uchun ham zarur sharoitlar yaratiladi. Ushbu markaz islom ma’rifatini, buyuk ajdodlarimizning boy merosini xalqimizga va dunyo hamjamiyatiga yetkazish vazifasini bajaradi.
Ayni kunda Islom sivilizatsiyasi markazi fondlarida 1000 dan ortiq nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, 8000 dan ko‘proq XIV asrdan boshlab chop etilgan adabiyotlar va 25 mingdan ziyod elektron kitoblar saqlanmoqda. Markazda 34 nafar texnik va ilmiy xodimlar faoliyat olib bormoqdalar. Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan o‘tgan va joriy yillarda “Hadislar to‘plami”, “Vido xutbasi”, “Yetti pir merosi” kitoblari nashr etildi, 4 ta informatsiya roliklari yaratildi, mamlakatimizda va xorijda 27 ta taqdimot o‘tkazildi, 11 ta xorijiy markazlar, universitetlar va kutubxonalar bilan hamkorlik memorandumlari tuzildi va amalga oshirilmoqda.
Islom sivilizatsiyasi matbuot xizmati
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati