Ma’lumki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning kitoblari hayotlik chog‘laridayoq boshqa tillarga tarjima qilina boshlangan edi. Bu xayrli ish hamon davom etmoqda. Shunday tarjimalardan biri «Iymon» kitobining qoraqalpoq tiliga tarjimasi bo‘ldi.
Ushbu kitob Shayx hazratlarining dastlabki kitoblaridan biri bo‘lib, 1991 yilda ilk bor nashr etilgan edi. Keyinchalik kitob qayta-qayta nashr etildi. Ayni kunlarda uning qoraqalpoq tiliga tarjimasi chop etilmoqda. Shuni ham eslatib o‘tish joizki, ushbu kitob muallifning hayotlik chog‘ida rus tiliga tarjima qilinib, chop etilgan.
Kitobning qoraqalpoq tilidagi tarjimasi esa, tez orada sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.
Kitob sotuvga qo‘yilgach O‘zbekiston bo‘ylab barcha filiallaridan va internet orqali kitoblardunyosi.uz saytidan onlayn tarzda xarid qilishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Biz tomonlarda qattiq yomg‘ir yog‘ib, Juma va ikki hayit namozlarida odamlar tashqarida namoz o‘qiy olmay, masjid ichiga tiqilib ketadi. Sunnatni almashib o‘qib olishadi, ammo farz namozda buning imkoni yo‘q-ku. Bu holatda qanday yo‘l tutiladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu kabi uzrli hollarda ya’ni savolda zikr qilinganidek, Juma va ikki hayit namozlarida orqadagilar oldingi safdagi namozxonlarning bellariga sajda qilib, namozni ado etsalar bo‘ladi.
Buning kayfiyati shunday: Avvalgi safdagilar odatdagidek ruku va sajda qiladilar. Ularning orqasidagilar esa, rukuda imkon qadar egiladilar, so‘ng sajdada oldingi safdagi odamlarning orqa bellariga boshlarini qo‘yib, sajda qiladilar. Farzni shunday o‘qisalar, sunnatlarni savolda aytilgandek almashib o‘qib olaveradilar. Chunki belga sajda qilish zarurat tufayli joiz bo‘ladi. Sunnat namozni o‘qishda esa, bunday zarurat bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, bu kabi uzrli holatlarda oldindagi odamning oyoqlari ustiga yoki o‘zining soniga ham sajda qilish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.