Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2025   |   16 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:33
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
20:56
Bismillah
10 Avgust, 2025, 16 Safar, 1447

Hajga ketayotgan ayollarga tavsiyalar

31.07.2019   9929   6 min.
Hajga ketayotgan ayollarga tavsiyalar

Haj Islom dinining beshinchi rukni bo‘lib, haj qiluvchi nafs pokligi va ahloq sayqaliga alohida e’tiborli bo‘lishi talab etiladi. Alloh taolo O‘zining  baytiga haj ibodatini bajarish uchun chaqiribdimi, demak  haj qiluvchilar Allohning mehmonlaridir.   Shuning uchun haj qiluvchilar oliy darajadagi odob bilan odoblanishlari zarurdir.

“Haj ma’lum oylardir. Kimki ularda o‘ziga hajni farz qilsa (ya’ni ehromga kirsa), hajda shahvoniy narsalar, fisq va janjal yo‘qdir. Nima yaxshilik qilsangiz Alloh uni biladi” (Baqara surasi, 197-oyat).

Hajga otlangan inson tilini turli fahsh, g‘iybat va noo‘rin so‘zlardan tiyishi zarur. Hajdan ko‘zlangan maqsad mukammal ravishda ro‘yobga chiqishi uchun bir qancha qalb amallari va odoblarni bajo keltirish lozim bo‘ladi:

  • Hajga ketayotgan inson  avvalo Alloh rizoligini tilab, ibodatda bo‘lishi kerak. Shuningdek, “hoji ona” nomini olish, faxrlanish va riyokorlik kabi illatlarda yiroq bo‘lishi zarur.
  • Barcha gunohlardan tiyilib, Alloh taologa tavba qilsin.
  • Atrofida  keksalar, ota-onalari bo‘lsa, ularning roziligi va duolarini olish yaxshi amallardan hisoblanadi.
  • Kimning dilini og‘ritgan, zulm  qilgan bo‘lsa, ulardan safar oldidan uzr so‘rasin. O‘zi ham kechirimli bo‘lsin.
  • Haj safari tayyorgarligi bilan ovora bo‘lib, namoz va boshqa ibodatlarga e’tiborsizlik qilmasin.
  • Kimdan qarzi bo‘lsa, safarga ketguncha barcha qarzlarni to‘lab qo‘ysin.
  • Haj safari chog‘ida har daqiqaning qadriga yetib ibodat va zikrlar bilan mashg‘ul bo‘lish, qo‘lidan kelganicha  odamlarga yaxshilik qilish payida bo‘lishi kerak.
  • Safar chog‘ida  g‘iybat, chaqimchilik va behuda so‘zlardan tilini tiysin.
  • Haj davomida hayollari tijoratdan holi bo‘lgan holda,  qalbda ibodatlarini Yaratganning huzurida qabul bo‘lishini  chin ixlos ila so‘rasinlar. 

Haj safariga boruvchi ayollarga xos bo‘lgan masalalar: 

  • Ayollar ehrom holatida boshlarini yopadilar, yuzlari esa ochiq holda bo‘ladi. Ko‘ylaklar gulsiz, sidirg‘a, ichi ko‘rinmaydigan darajada bo‘lishi, tor va qora rangda bo‘lmasligi  talab etiladi.
  • Sochlar doimo ro‘mol tagida bo‘lishi kerak. Sochlar ibodat chog‘ida xalaqit qilmasligi uchun turmaklanadi yoki biror narsa bilan bog‘lab olinadi.
  • Ayollar talbiyani maxfiy, ya’ni past ovozda aytadilar. “Labbaykallohumma labayk, labbayka laa shariyka laka labbayk. Innal hamda val-ne’mata laka val mulk, laa shariyka lak”
  • Mehmonxonalardagi xonalar taqsimotida tartibli bo‘lish talab etiladi. Mehmonxonada oz vaqt bo‘lishlikni, haj safariga nima maqsadda borishlikni doim yodda saqlagan holda ellikboshining ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish shart.
  • Mehmonxonalardagi xonalar ozodaligiga e’tibor berish, suvni isrof qilmaslik talab etiladi.
  • Mehmonxonalarda ham satri avrat qoidalariga amal qilish lozim.
  • Oshxonadagi tartib-intizomga qat’iy rioya qilish kerak.
  • Shaxsini tasdiqlovchi hujjat (ko‘krak nishoni) va mehmonxona tashrif qog‘ozi (vizitka)si doim yonida olib yurish kerak.
  • Ibodat yoki boshqa holatlarda mehmonxonadan tashqariga chiqiladigan bo‘lsa, kalitni topshirib ketish zarur.
  • Ibodatlar uchun masjidda qolinadigan bo‘lsa yoki  boshqa ishlar yuzasidan ellikboshini ogohlantirib qo‘yish lozim.
  • Ibodat vaqtlarida ayollarning hayz kunlari boshlanib qolsa, Ka’ba tavof qilinmaydi, namoz, Qur’on o‘qilmaydi. Qolgan amallar to‘laligicha qilinadi. Umra ziyorati hayz kunlariga to‘g‘ri kelib qolsa ayol shifokorlar bilan maslahatlashib  ish ko‘riladi.
  • Ayollar kamida uch kishi bo‘lib yurishi, kechasi yolg‘iz  yurmasliklari lozim. Masjid uzoqda bo‘lsa,  shaxsiy avtomobillarga o‘tirmaslik, faqat taksilardan foydalanish tavsiya etiladi.
  • Masjidul Nabaviydagi bir rakaat namozning savobi ming rakaat namozga, Masjidul Haramdagi bir rakaat namozning savobi esa yuz ming rakaat namoz savobiga tengligini doimo esda saqlab, vaqtni g‘animat bilib, doimo ibodatda bo‘lish kerak.
  • Haj va umra oxirida ayollarning sochlaridan, soch uchidan bir barmoq aylantirarlik uzunligida soch kesiladi. Soch uzun bo‘lsa, sochning uchidan, soch kalta bo‘lsa o‘ng tomonda qaychi bilan kesiladi. Ehromga kirishdan oldin shularni hisobga olish kerak.
  • Hajga boruvchi ayollar ibodat vaqtida ulkan ajrlar berilishi hisobga olib, birovlarning haqiga, moliga  hiyonat qilmaslik, atrofdagilar bilan janjalmaslik, o‘zi va boshqalar uchun savobli amallar qilishga harakat qilishi talab qilinadi.
  • Begonalardan audio, video tasmalar, turli kitoblar olmaslik talab etiladi.
  • Hamxonalarda keksalar bo‘lsa, qo‘ldan kelganicha yordam berish tavsiya etiladi.
  • Biz Abu Hanifa mazhabiga muvofiq ibodat qilamiz, shuning uchun ibodat vaqtida boshqa mazhabdagi ayollarning ibodatlariga e’tibor bermaslik talab etiladi.
  • Hozirgi vaqtda tasbehlar, joynamozlar o‘zimizning yurtda ham serob bo‘lgani bois u yerdan yuk qilib ko‘tarib yurmaslik, uyda qolgan farzandlardan tasbeh,  joynamoz va boshqa narsalarni uyga olib kelib qo‘yishlari tavsiya etiladi.
  • Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning masjidlarida yoki Ka’baga  matolarni turli niyatlarda surtish,  Uhud tog‘i tuprog‘idan olib ketish, Uhud tog‘iga qarab namoz o‘qishning bid’at amallardan ekanini aniq bilish zarur.
  • Samolyotda, mehmonxonalarda, masjidlardagi tahoratxonalarda pokizalikka qat’iy e’tibor berish talab etiladi.
  • Hajga borayotganlar nima maqsadda ketayotganligini aniq bilib olishlari lozim, shuningdek, ibodat vaqtlarida ayollarni pardozlanib yurishlari man etiladi.
  • Ibodatlarni tugatib mehmonxonaga qaytish yo‘li yoddan ko‘tarilgan vaqtda sarosimaga tushmaslik, yaqin atrofdagi politsiya yoki biron kishiga beyjik va mehmonxona tashrif qog‘ozi (vizitka)ni ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir.
  • Shifokorlar doim xizmatda bo‘lganligi bois o‘zingizmi, hamxonangiznimi tobi qochib qolsa, darrov shifokorga murojaat qilish zarur.
  • Mehmonxonalarda yuk yo‘qolish kabi hodisalar bo‘lganida, darhol ellikboshiga murojaat qilish kerak.
  • Haj safariga ketayotganda va qaytishda aeroport ma’muriyati tomonidan talab etilgan me’yordan ortiq yuk olmaslik talab etiladi.
  • Toshkent aeroportiga qaytib kelingandan keyin jomadon yoki yuklar yo‘qolgani ma’lum bo‘lsa, jomadon uchun berilgan chiptani ellikboshi bilan birgalikda aeroport ma’muriyatiga topshiriladi.
  • Haj safaridan qaytib kelgandan keyin musulmon kishiga xos bo‘lgan ishlarni mukammal bajarishda, mahalla va jamoat ishlarida, to‘y va ma’rakalarni isrofgarchiliksiz o‘tkazish, yoshlar tarbiyasida  ibrat bo‘lishlari  tavsiya etiladi. Xayrli amallarda davomli bo‘lish ikki dunyo saodatiga erishtiradi.

Haj safari davomida bajargan ibodatlaringiz Alloh taolo dargohida husni maqbul darajasida bo‘lishini, mabrur haj nasib etishini tilab qolamiz.

 

Munira ABUBAKIROVA

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi  mutaxassisi

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“114 Qur’on” kitob-albomi loyihasi tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda

08.08.2025   7636   2 min.
“114 Qur’on” kitob-albomi loyihasi tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda

 Nur tarqatuvchi sahifalar: Islom markazida noyob qo‘lyozmalar jamlanmoqda

 

Turkiy dunyodan Movarounnahrgacha bo‘lgan Qur’onlar 


    O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Qur’on zali bo‘limida yuksak ilmiy va ma’naviy ahamiyatga ega “114 Qur’on” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — dunyo muzeylari va arxivlarida saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixiy merosiga aloqador Qur’on qo‘lyozmalarini saralab olib, ularni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.


    Yaqinda Markazda bo‘lib o‘tgan ilmiy kengash yig‘ilishida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ushbu loyiha bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida tayyorlanayotgan albom haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.



 

    Albom “Kirish” qismi va to‘rt asosiy bo‘limdan tashkil topib, VII asrdan XX asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan Qur’on qo‘lyozmalarini qamrab oladi. Bu asarlar orasida Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on kabi jahon miqyosida tan olingan nusxalar bilan bir qatorda, Somoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va boshqa sulolalarga tegishli nodir sahifalar ham o‘rin olgan.

 

    Albomda har bir qo‘lyozmaning tilla suvi bilan bezatilgan ikki sahifasi faksimile shaklida taqdim etiladi. Bu sahifalar orqali Qur’oni karimning to‘liq vizual manzarasini yaratish ko‘zda tutilgan. Hozirda 103 ta qo‘lyozma sahifalanib, albomning 90 foizi tayyor holga keltirilgan. Qolgan 11 ta qo‘lyozma yaqin kunlarda to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.

 

    Ayni paytda, albomda Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmulk xotun tomonidan 1467 yilda ko‘chirilgan Qur’on nusxasi hamda Qo‘qon xoni Amir Umarxon tomonidan Usmoniylar sultoni Mahmud II ga tuhfa etilgan nusxa ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga bag‘ishlab tilla varaqda yozilgan, 700 yillik tarixga ega Qur’on sahifalari ham loyihaning eng muhim qismlaridan biri sifatida taqdim etilishi ta’kidlandi.

 

    Yig‘ilishda ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan Qur’on nusxalari davriy asosda joylashtirilishi ma’lum qilindi. 

 

    Albomning umumiy hajmi 500 sahifaga yaqin bo‘lib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on zali bo‘limida ushbu meros dunyo tamadduni tarixi va ma’naviy ulkan boyligini jonli tarzda namoyon etadi.

 

    Shuningdek, yig‘ilishda mazkur loyihaning muqova dizayni ham taqdim etildi. Ushbu muqova o‘zining shakli, bezagi va estetik yechimi bilan Ka’baning tashqi ko‘rinishini eslatishi qayd etildi. Kengash a’zolari bu taklifni ma’qullashdi.

O'zbekiston yangiliklari