Saudiya Arabistoni Haj vazirligi tomonidan O‘zbekiston hojilarga yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha Malayziya, Indoneziya, Turkiya singari birinchi beshtalik davlatlar safiga kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, “Haj-2019” Ishchi guruhi rahbari Jasur Akramov Makka shahrida yurtimiz hojilari bilan tashkil etilgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Bunday yuksak e’tirofga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q, albatta. Uning zamirida muhtaram Prezidentimiz tavsiyasi asosida muqaddas haj ziyorati tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilayotgani, bo‘lg‘usi hojilar uchun zarur barcha shart-sharoit yaratib berilayotgani mujassamdir.
Darhaqiqat, bu yilgi haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari nisbatan erta boshlanib, yuqori tajribaga ega shirkatlar bilan shartnomalar tuzildi, eng zamonaviy mehmonxonalar ijaraga olindi. Bundan tashqari, 7200 nafar ziyoratchiga mavsum davomida namunali xizmat ko‘rsatish uchun 35 nafardan iborat Ishchi guruhi, 140 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 35 nafar shifokor va 15 nafar oshpaz jalb etilgani diqqatga sazovordir.
— Haj amalini bajarish uchun ushbu muqaddas manzil-makonga yetib kelib, bekamu ko‘st ibodat qilishga intilayotganingiz, bugungi kunga qadar Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salom yo‘llaganingiz, umrani ado etganingiz — ulug‘ baxt, — deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari. — Bu Allohning eng suygan bandalariga nasib etadi. Davlatimiz tomonidan haj mavsumi davomida sizlar uchun barcha shart-sharoit muhayyo qilib berilmoqda. Bu muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan odamlarni rozi qilish yo‘lida olib borilayotgan xayrli ishlar samarasidir. Zotan, odamlari rozi yurtga Yaratgan ham ne’matlarini yog‘diradi, insha Alloh.
Uchrashuvda keyingi paytda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ham so‘z yuritilib, masjid-madrasalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda imtiyozlar berilgani, Xalqaro islom akademiyasi ta’sis etilgani, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tuzilgani, Xalqaro Islom sivilizatsiya markazi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari tashkil etilgani, Hadis, Kalom, Aqida, Fiqh va Tasavvuf ilmi maktablari tuzilgani alohida qayd etildi. Ayniqsa, haj qiluvchilar soni oshirilib, umra safariga cheklanmagan miqdorda ziyoratchilar borishi mumkin ekani xalqimiz uchun katta imkoniyat bo‘lgani aytib o‘tildi.
Ziyoratchilarni qiziqtirayotgan savollarga muftiy va Ishchi guruhi a’zolari tomonidan batafsil javob qaytarilib, haj ibodatining qolgan ruknlarini bajarish yuzasidan yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar berildi.
Said RAHMONOV
Bugun, 13 may kuni muborak haj safarini niyat qilgan hojilarimizning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo‘lga chiqishdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lishdi.
Muborak safar oldi Muftiy hazratlari Alloh taoloning bayti sari yo‘l olayotgan ziyoratchilar eson-omon Haj amallarini bajarib, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Shunday qilib, orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj – 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdilar.
Alloh taolo Haj amalini ado etishga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin!