30 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramov Makka shahrida bo‘lib turgan o‘zbekistonlik ziyoratchilar bilan suhbat o‘tkazib, haj amallarini to‘la-to‘kis ado etish bilan bog‘liq muhim tavsiyalarni berdilar.
Yig‘ilishda muftiy hazratlari so‘zga chiqib, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan barcha sohalar qatorida muborak haj safarini namunali o‘tkazish borasida bir qator islohotlar amalga oshirilayotganini gapirib berdilar. Ayniqsa, haj safari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanishi, qo‘shimcha imtiyozlar berilishi barobarida narx-navoni o‘tgan yillardagiga nisbatan sezilarli darajada arzonlashtirilganini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, haj ulug‘ ibodat ekani, bunday ulug‘ sharafga yetkazayotgani uchun Alloh taboraka va taologa shukronalar keltirish, har bir ziyoratchi hojilik maqomiga yetishish yo‘lida yuksak ixlos, go‘zal odob va nihoyatda ohistalik bilan harkat qilishi zarurligini alohida qayd etdilar. Mana shunday sifatlarga ega bo‘lgan hoji Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bashorat qilganlaridek, “Hajji mabrurning mukofoti jannatdir” degan ulug‘ maqomga erishishini bayon qildilar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramov so‘zga chiqib, ziyoratchilarimiz rioya etishi lozim bo‘lgan tartib-qoidalar, ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida ma’lumot berdi.
Tibbiyot guruhi rahbari Alisher Saatov esa ziyoratchilar diqqat qilishi lozim bo‘lgan tibbiy masalalar va salomatliklarini saqlash yo‘lida amal qilishi lozim bo‘lgan tavsiyalarni berdi.
Yig‘ilish yakunida ziyoratchilarning qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar.
Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.
Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish davomida qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati