O'zbekiston musulmonlari idorasi “Umra – 2023” ziyoratchilari uchun nimcha (kamzul) va sumka tayyorlab beruvchi korxona va tashkilotlar o'rtasida mazkur mahsulotlarga alohida-alohida ochiq tanlov e'lon qiladi.
Tanlovda qatnashish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
1. Tashkilot guvohnomasi, rahbar shaxsning pasport nusxasi.
2. Tijorat banklardan K-2 ma'lumotnoma.
3. Nimcha (kamzul) va sumka namunalari.
4. Tijorat taklifi.
5. Korxonaning bankdagi so'nggi bir yillik pul mablag'lari aylanmasi haqida ma'lumotnoma.
6. Bog'lanish ma'lumotlari.
7. Amaldagi qonunchilikka muvofiq qo'shimcha hujjatlar talab etilishi mumkin.
Erkaklar nimchasi
O'lchamlari 50-52-54-56-58 bo'lishi, tugmali, kiyimning orqa tomonida O'zbekiston bayrog'ining tasviri va UZBEKISTAN yozuvi bo'lishi, og'irligi 190-220 gramm zichlikda bo'lib, rangi moviy bo'lishi lozim. Old tomonida uchta cho'ntak bo'lib, yuqori chap cho'ntak ustiga O'zbekiston musulmonlar idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazining logotipi tushirilishi kerak.
Ayollar nimchasi
O'lchamlari 50-52-54-56-58. Tugmali, kiyimning orqa tomonida O'zbekiston bayrog'ining tasviri va UZBEKISTAN yozuvi bo'lishi, og'irligi 190-220 gramm zichlikda bo'lib, rangi moviy bo'lishi kerak. Old tomonida ikkita cho'ntak bo'lib, yuqori chap qismida O'zbekiston musulmonlar idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazining logotipi tushirilishi lozim.
Sumka
Yorqin ko'k rangda bo'lib, og'irligi 250-280 gramm zichlikdagi matodan tikilishi, yon tomonida suv olib yurishga mo'ljallangan cho'ntak bo'lishi, old tomonida esa telefon uchun cho'ntak va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar uchun shaffof cho'ntak joylashgan bo'lishi talab etiladi.
Tanlovda ishtirok etmoqchi bo'lgan korxona va tashkilotlar 2023 yil 26 avgust kuniga qadar mazkur hujjatlarni O'zbekiston musulmonlari idorasiga taqdim etishlari zarur.
Manzil: Toshkent shahri Olmazor tumani Qorasaroy ko'chasi, 47-uy. Telefonlar: 71-240-04-75.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Agar dinimiz ta’limotlarini diqqat bilan o‘rganilsa, tilanchilik, birovning qo‘liga qarash mutloq qoralanadi. Tilanchi bo‘lgandan ko‘ra ko‘chada o‘tin terib sotishga chorlanadi.
Keling, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning, sahobalar va ulamolarimizning dangasalikdan, tanbal va boqimanda bo‘lishdan qaytargan so‘zlarini o‘rganaylik va ulardan kerakli xulosalar chiqaraylik.
Bu xususda hadisi sharifda bunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga bir kishi kelib tilanchilik qilishga ruxsat so‘radi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam undan so‘radilar: “Uyingda biron narsang bormi?”.
“Ha, bor, kunduzi ostimizga solib, kechasi ustimizga yopadigan bir eski mato va suv ichadigan idish, xolos”, dedi kishi.
“Ikkovini keltir”, dedilar. U kishi aytgan narsalarini olib keldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qo‘lga olib bunday dedilar: “Bularni kim sotib oladi?”.
Sahobalardan biri: “Men ularni bir dirhamga olaman”, dedi.
“Kim buning ustiga ziyoda qiladi?”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. Boshqa sahoba: “Men ularni ikki dirhamga olaman”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki dirhamni boyagi kishiga berib: “Bir dirhamga taom sotib olib, ahli ayolingga olib bor va qolgan bir dirhamga bolta sotib ol-da, menga olib kel”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amrlarini bajarib, huzurlariga bolta sotib olib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak qo‘llari bilan unga sop yasadilar va boltani uning qo‘liga berdilarda: “Endi borib, o‘tin yig‘ib, uni sot”, dedilar.
Ansoriy o‘tin yig‘ib, uni sotib, o‘n besh dirhamga ega bo‘ldi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bu mablag‘ning bir qismiga taom xarid qil, bir qismiga kiyim-kechak sotib ol!”.
So‘ngra aytdilar: “Bunday qilishing senga yarashadi. Tilanchilik qilishing qiyomat kuni yuzingga dog‘ bo‘lib tushadi”.
Inson hunaridan hurmat ko‘radi, Dunyoda ne eksa, shuni o‘radi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim o‘ziga tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga faqirlik eshigini ochib qo‘yadi. Kim o‘zini undan tiysa, Alloh ham uni saqlaydi. Kim behojat bo‘lishni so‘rasa, Alloh uni behojat qiladi. Sizlarning biringiz arqon olib, vodiydan o‘tin terib bozorga keltirib, bir mudd xurmoga sotsa, o‘sha ishi odamlar beradigan yoki bermaydigan sadaqani so‘rashidan yaxshidir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan