Yolg‘iz keldik - yolg‘iz ketamiz, ammo yolg‘iz yashay olmaymiz. Inson zoti borki, boshqa odamlar bilan, ayniqsa qarindosh-urug‘lar bilan o‘zaro munosabat o‘rnatishga, birgalikda yashashga muhtoj. Hayot birday davom etavermaydi, insonlar bir-biriga yaxshi-yomon kunlarda sherik va suyanch bo‘ladi.
Muqaddas dinimizda qarindoshlarni ziyorat qilib turish, ularga mehr shafqat ko‘rsatish, qarindosh-urug‘chilik vazifalarini ado qilish farz hisoblanadi. Hatto hadisi shariflarda: “Qarindoshlik aloqasini uzib qo‘ygan odam jannatga kirmaydi”, deb ta’kidlangan.
Ba’zida ro‘zg‘or tashvishlari sababli yaqin qarindoshlarning holidan xabar olish uzoq muddatga kechikib ketadi. Go‘yo dunyoning ishlari qolib ketadigandek tuyuladi. “Qarindoshlarni hadeb ko‘rishga borversam yoki ularga doim xayr-u saxovat qilaversam, kambag‘al bo‘lib qolaman, ishlarim yurmay qoladi-ku” – degan o‘y-fikr ham kelib qolishi mumkin. Yo‘q, aslida holat butunlay boshqacha, bu hayotda bizning o‘lchovimizdan boshqacha o‘lchovlar ham bor.
Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) hadislarida shunday ilohiy o‘lchovlardan birining xabarini berganlar: “Kimni rizqi keng-farovon bo‘lishi va umri uzoq bo‘lishi xursand qilsa, qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin”. Demak, bu ish kishining umriga, vaqtlariga, rizqiga, kasb-korlariga baraka bo‘lar ekan.
Qarindoshlik rishtalari “bor tovog‘im – kel tovog‘im” qabilida qilinadigan ishlar emas. “Falonchi shifoxonada ekan, ko‘rib kelaylik” deyilsa, “U men kasal bo‘lganimda kelib ko‘rdimi, yo‘q, biz ham bormaymiz” – deyilmaydi. Chinakamiga qarindoshlik qilish bu rishta uzib qo‘yilgan qarindoshlar bilan uni qayta tiklash va mustahkamlash bilan bo‘ladi va uni savobi ham ulkan hisoblanadi.
Gohida yaqin qarindoshlar, hatto tug‘ishgan aka-ukalarning arazlashib, yuzko‘rmas bo‘lib yurishlariga guvoh bo‘lib qolamiz. Bu holatlar ikki tarafga ham yarashmaydi, yoshlarga ham ibrat bo‘lmaydi. Qolaversa atrofdagilarning bunga e’tiborsiz qarab turishari to‘g‘ri emas.
Aybsiz do‘st qidirgan do‘stsiz qoladi. Bitta dushmaning bo‘lsa ko‘p, mingta do‘sting bo‘lsa ham oz. U bilan o‘tgan yaxshi kunlarni eslasin. Endichi... Arazdan kim baraka topdi... Qaysarlik bilan nimaga erishdi-yu, nimalardan mahrum bo‘ldi. Arazlarni to‘xtatish, xatolarni kechirish, gina-kuduratlarni tashlash kerak.
Qaysarlik yaxshilikka olib bormaydi. O‘zi haq bo‘lib tursa, 3 kundan ortiq arazlashish, aloqani uzish halol emas. Bu ishda ehtiyot bo‘lish, arazlashgan inson bilan tezroq yarashish choralarini izlab, buni amalga oshirish lozim.
Hadisi sharifda bu haqda ogohlantirilgan: “Musulmon kishining boshqa bir musulmondan uch kechadan ortiq arazlashishi halol emas. Ikkovlari uch kechadan ortiq arazlashib yursa va shu holda davom etishsa, ikkovi ham haqdan chetlagan bo‘ladi. Ulardan qay biri birinchi bo‘lib (arazdan) qaytsa, bu uning gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar ular arazlashgan holida vafot etsa, ikkovlari ham jannatga kirmaydi”.
Aka-uka, opa-singil, amaki-tog‘a, amma-xola, ularning farzandlari, quda-andalar va boshqa barcha qarindoshlar bilan aloqani mustahkamlash, holidan xabar olib turish, kasal bo‘lsa – borib ko‘rish, mushkuli bo‘lsa – yordam berish, yaxshi kunlarda xursandchiligiga sherik bo‘lish, qiyinchilik va sinovli kunlarda suyanchiq va dalda bo‘lishga harakat qiling!
Donolar aytadi: Ikki narsa doimiy bo‘lmaydi: yoshlik va quvvat. Ikki narsa balo-ofatni qaytaradi: sadaqa va qarindoshlik rishtalarini bog‘lash.
Guliston tumani bosh imomi, “Islomobod” masjidi imom-xatibi DILMUROD SULAYMONOV
Munosabat
Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.
Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.
Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.
Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.
Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.
Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.
Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.
Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.
Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi
o‘rinbosari.