O‘tgan yili qozog‘istonliklarning haj safariga harajatlari 4200 AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 3200 nafar ziyoratchilarning haj amallarini bajarish uchun 4800 AQSH dollarini to‘lashlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Qozog‘iston bosh muftiysi Serikbay hoji Oraz Zakon.kz saytiga bergan intervyusida bu yilgi haj narxlarining oshishini izohlab berdi. Uning aytishicha, bo‘lajak hojilarga xizmat ko‘rsatadigan turkompaniyalar ularning har biridan o‘z xizmatlari uchun taxminan 50 ming tangadan olishadi.
“Turkompaniyalar uchta paket: Standart/ekonom, Komfort/luks va VIP paketlari bo‘yicha xizmatlarni taklif etishadi. Tanlangan paketga qarab, hajning narxi belgilanadi. Qolgan barcha harajatlar haj safariga borganlarning aviaqatnovlari, Saudiya Arabistonida ko‘rsatiladigan transport xizmatlari, zamonaviy, barcha qulayliklarga ega mehmonxonalarga joylashtirish, ovqatlanish, ziyoratgohlarga ekskursiya uyushtirish, haj amallarini bajarishga yordam berishlariga sarflanadi.
Avvallari Saudiya Arabistoni Standart/ekonom paketi borganlardan pul olmasdi, endi esa ulardan ham 300 AQSH dollaridan olmoqda. Oxirgi yillarda Nur-Sulton, Olma-Ota, Chimkent va Oqtov shaharlaridan Saudiya Arabistoniga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Oldinlari fuqarolarimiz hajga Istanbul, Sharja, Dubay orqali borishar, bu ko‘p vaqt olar va asablanishlarga sabab bo‘lar edi.
Bizning ziyoratchilarimizga xizmat ko‘rsatadigan «Fly Nas» Saudiya aviakompaniyasi ularni olib ketish uchun bo‘sh uchib keladi. Bu ham narxga ta’sir qiladi”, - deydi bosh muftiy.
Uning bildirishicha, bundan tashqari, Saudiya Arabistonidagi transport xarajatlarining narxi uch marotabaga ko‘tarildi, shunga yarasha xizmat sifati ham oshdi.
“Qo‘shni mamlakat fuqarolari uchun haj safarlari arzon tushayapti, degan gaplarga xizmat ko‘rsatishning sifati nuqtayi nazaridan baho berish kerak. Qirg‘izistonlik ziyoratchilar 90-yillardan beri Saudiya xayriya jamg‘armalari hisobidan bepul mehmonxonalar bilan ta’minlanadi. Ammo ushbu mehmonxonalar Makkadagi al-Haram masjididan ancha uzoqda joylashgan. Bu esa ushbu masjidga ziyoratchilarning yetib kelishi uchun ancha qiyinchilik tug‘diradi. O‘zbekistondagi haj xarajatlari esa biznikidan unchalik katta farq qilmaydi”, - o‘z so‘zini yakunladi Serikbay hoji Oraz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi 30 yildan ziyod vaqt mobaynida Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani bosh imom-xatibi sifatida samarali faoliyat yuritgan "Abduolim ota" masjidi imom-xatibi Oxunjon domla Vosiyevning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Oxunjon domla Vosiyevning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi