27 iyul kuni Makkai mukarramaga haj amallarini ado etish uchun yetib kelgan ziyoratchilarimizning dastlabki guruhi “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida tantanali ravishda katta ehtirom va yuksak iltifotlar ila kutib olindi.
Katta orzular, yaxshi tilaklar va chin ixloslar og‘ushida kelgan bo‘lg‘usi hojilarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchilik qilib keldilar.
Ziyoratchilarimiz muhtasham mehmonxonaga yaqinlashib kelganlarida nashidlar-salavotlar aytildi, savat to‘la xurmolar tutildi hamda ularga shirinliklar ulashilib, muqaddas zam-zam suvlari ikrom qilindi.
“Haj – 2019” mavsumi ishchi guruhi a’zolari, shifokorlar va Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” shirkati mutasaddilari yurtdoshlarimizga tabassum ila peshvoz chiqdilar.
Hashamatli mehmonxonadan joylari tayin bo‘lgan ziyoratchilarimiz bu yerda mamlakatimizdan ularga xizmat ko‘rsatish uchun birmuncha oldinroq yetib kelib, katta hozirliklar ko‘rib qo‘ygan ishchi guruh a’zolari ehtiromi va mohir oshpazlarimiz pishirgan lazzatli taomlari hamda shirinliklaridan bahramand bo‘ldilar.
Haqiqatan, bu yilgi haj mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilgani dastlabki tashkiliy ishlar, kutib olish jarayonlaridanoq ko‘zga tashlana boshladi. Gap shundaki, ziyoratchilarni katta tantana ila kutib olinishi, izzat-ikrom qilinishi, yuklarini qabul qilib olish, ularni tashish, mehmonxonalarga olib kelish, ziyoratchilarni shinam xonalarga joylashtirish va ibodatlarni bekamiko‘st ado etishga ko‘maklashish kabi savobli ishlar tahsinga loyiqdir.
Bunday ajoyib sharoitlar ziyoratchilarimizning ibodatga bo‘lgan rag‘batlarini yanada oshiradi va ixloslarini ziyoda aylaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Uydan faqirlikni quvishda Ixlos surasini o‘qish haqida
Sahl ibn Sa’d Su’adiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi, ansorlardan bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib faqirlik va yashash qiyinligidan shikoyat qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Uyingga kirsang, uyda biron kim bo‘lsa salom ber. Hech kim bo‘lmasa menga salovot ayt va “Qul huvallohu ahad”ni bir marta o‘qi”, dedilar.
U kishi shunday qilgandi, Alloh taolo unga mo‘l rizq ato etdi, rizqini ko‘payib berdi va hatto (orttirib) qo‘shnilariga ehson qila boshladi.
“Tafsiri Abul futuh” va “Mustadrok”dan