Alloh taolo Qur’oni Karimda O‘zining mo‘min bandalarini vasf qilar ekan, ularni shunday deb maqtaydi:
وَالَّذِينَ يَقُولُونَ رَبَّنَا هَبْ لَنَا مِنْ أَزْوَاجِنَا وَذُرِّيَّاتِنَا قُرَّةَ أَعْيُنٍ وَاجْعَلْنَا لِلْمُتَّقِينَ إِمَاماً
“Ular: “Ey Robbimiz, O‘zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘zimiz quvonadigan narsa hadya et hamda bizlarni taqvodorlarga yo‘lboshchi et”, deydiganlardir” (Furqon surasi, 74-oyat).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Dunyo matodir, uning matolari ichida eng yaxshisi soliha xotindir”.
Boshqa bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh kimga soliha bir turmush o‘rtog‘i (ayol) nasib qilgan bo‘lsa, dinining yarmida unga yordam beribdi. Qolgan yarmi xususida Allohdan qo‘rqsin (taqvo qilsin)!” (Hokim “Mustadrak” II. 175)
Ha, taqvodor ayol Allohning ne’matidir. Xo‘sh, taqvodor, soliha ayol qanday sifatlarga ega bo‘ladi? Quyida shularni keltirsak:
Soliha ayol Alloh taoloning barcha buyurganlarini qilib, qaytarganlaridan qaytuvchi bo‘ladi.
Eri gunoh ishlarga buyursa, itoat etmaydi. Masalan, “Aroq olib kel” desa, bu buyruqni bajarmaydi, aroq olib kelmaydi. Ammo gunoh bo‘lmagan ishlarga buyursa, itoat qiladi.
Libosi, so‘zlari, yurish-turishi bilan eriga yoqadigan ko‘rinishda va holatda bo‘ladi.
Eriga namoz vaqti bo‘lganini aytadi, g‘usl qilishi uchun suv isitib beradi va hokazo.
Eri o‘tiradigan, yotadigan to‘shakni birovga bostirmaydi. Eriga so‘z bilan ham, amal bilan ham aslo xiyonat qilmaydi.
Yangi liboslarini, xushbo‘y iforli atirlarini, qimmatbaho taqinchoqlarini faqat va faqat eri uchun ishlatadi. Erining yonida atir sepib, ziynatlanib, toza liboslarini kiyib yuradi. Ko‘chaga chiqqanda esa oddiy libos kiyib, avratlarini berkitib, ziynatlanmay, atir sepmay chiqadi.
Oilaviy sirlar, erining xos sirlari va boshqa maxfiy suhbatlarni yashirib, asraydi. Ko‘cha-ko‘ylarda, yig‘inlarda va boshqa o‘rinlarda qarindoshlariga, dugonalariga aytib, sirlarni fosh qilmaydi.
Agar eri kamxarj bo‘lsa, topish-tutishi oz bo‘lsa, undan ko‘proq narsa talab qilib, noqulay ahvolga solmaydi. Balki boriga qanoat qilib, Alloh taologa duo qilib erining topganlariga baraka berishini so‘raydi.
Eri safarda, ishda bo‘lgan paytlarda ayol kishi o‘z iffatini va erining mol-mulkini, pul va boshqa narsalarini asrab-avaylaydi, birovlarga eridan so‘ramasdan hech narsa bermay di.
Eri ishdan charchab kelganda, “Go‘sht olib kelmadingizmi?”, “Falon aytgan narsamni olib kelmay, quruq qo‘l bilan keldingizmi?” demasdan, tili va muomalasi bilan eriga ozor bermay, uni yaxshi kayfiyatda kutib oladi.
“Sendan nima ko‘rdim?!”, “Sen bilan yashab nimaga erishdim?!” degan gaplar bilan erini parishon qilmaydi, uni haqoratlab, dilini og‘ritmaydi, “U kam, bu kam” degan gaplarni hadeb aytavermaydi.
Mabodo eri unga yomonlik qilganda ham undan ko‘rgan yaxshiliklarni inkor etib, “Senga tegibmanki, boshim muammodan chiqmaydi” degan mazmundagi gaplarni aytmaydi. Balki, uning yaxshiliklarini eslab, unga Alloh taolodan insof so‘rab, oilani yaxshi tomonga o‘zgartirish harakatida bo‘ladi.
Alloh taolo ayollarimizning soliha bo‘lishlarini nasib aylab, ibratli, totuv hayot kechirishimizni nasib etsin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati