frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

U qoqilmas ulovdir

25.07.2019   5255   3 min.
U qoqilmas ulovdir

Inson komilligi uning fazilatlariga bog‘liqdir. Fazilatlari ortgan sari kamolotga erishib boradi. Inson kamoliga bois fazilatlardan biri sabrdir. Sabr nafsning buyruqlariga ergashishdan tiyilishdir, dinimiz amrlarini nafs mayllaridan ustun qo‘yishdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sabr haqida bunday deganlar: “Bosh tana uchun qanchalik kerak bo‘lsa, sabr ham iymon uchun shunchalik keraklidir”.

Iymon taqozo qilgan iffat, o‘zini bosish, shijoat, hilm, bag‘rikenglik, qanoat kabi yaxshi xulqlar sabrda mujassamdir. Alloh taolo Qur’oni karim oyatlarida juda ko‘p o‘rinlarda sabrga chaqiradi va sabr qilganlarga yuksak mukofotlar borligini bayon qiladi. Jumladan: Ammo sabr qilganlar va yaxshi amallar qilganlar, ana o‘shalarga mag‘firat va katta ajr bor”, deydi (Hud surasi 11-oyat).

Sabr doim kerak. Yaxshilik yetganida ham, yomonlik yetganida ham, zarar-kamchilik paytida ham, foyda – borchilik paytida ham. Yo‘qchilikka sabr qilish oson. Ammo borchilik, to‘qchilikka hamma ham sabr qila olmaydi. Aslida esa, banda og‘ir paytda bardosh bilan, ne’mat yetganida esa shukr va yaxshilik bilan sabr qilishi kerak. Imom Buxoriy va Imom Muslimlar rivoyat qilgan xadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Jonim qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, Alloh mo‘min banda uchun nimani qazo qilsa, o‘sha uning uchun yaxshi bo‘ladi. Agar unga xursandchilik yetsa, shukr qiladi, unga yaxshi bo‘ladi. Agar unga xafachilik yetsa, sabr qiladi, unga yaxshi bo‘ladi. Bu faqat mo‘minlargagina bo‘ladi”, deganlar.

Alloh taolo yana: “Ey iymon keltirganlar! Sabr va namoz ila madad so‘ranglar. Albatta, Alloh sabrlilar bilandir”, deydi (Baqara surasi, 153-oyat).

Banda Allohga toatda ham, gunohdan saqlanish, yo‘ldagi to‘siqlarni va hayotdagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishi uchun ham, zaiflik kelib qolganda ham, havoi nafsni jilovlashi uchun ham sabrli bo‘lishi kerak. Ulamolarimiz sabrni uchga bo‘lganlar:

Birinchisi: Alloh harom qilgan narsalardan va gunohlardan saqlanishga sabr.

Ikkinchisi: toat va qurbat hosil qilish uchun sabr.

Uchinchisi: yetadigan musibat va qiyinchiliklarga sabr.

Insonga zarracha ozor yetsa, bilingki, bularning hammasi boshga kelgan musibat hisoblanadi. Insonning boshiga tushadigan musibat va mushkulotlar esa Alloh tomonidan sinov tariqasida, bandasining iymonini imtihondan o‘tkazish uchun yuboriladi. Masalan, uyda chiroqning o‘chib qolishi yoki tabiiy gazning ma’lum vaqtgacha kelmasligi ham musibat. Bunday paytlarda shoshma-shosharlik  bilan  oh-voy qilishni o‘rniga, sabr-qanoat va chidam bilan turishligi kerak bo‘ladi. Hazrati Ali (karramallohu vajhahu): “Sabr qoqilmas ulovdir, qanoat qayrilmas qilichdir”, deganlar.

Hadisi sharifda “Sabr yorug‘likdir” deyiladi. Zero, sabr nur kabi qiyinchilik zulmatini ketkazadi va haqiqatni namoyon qiladi. Yana boshqa hadisi sharifda  Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “ Hech kimga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va kengroq ato berilmagan”, dedilar. Sabr haqida hikmatli so‘zlar juda ko‘p. Ulardan birida bunday deyiladi: “Kim boqiylikni istasa, musibatlarga sabrli qalb hozirlasin”. Chunki Alloh sabrlilarni yaxshi ko‘radi. Buning uchun kishi irodali bo‘lmog‘i, yaxshilikni ham, yomonlikni ham nemat deb bilib, Parvardigorning xukmlariga sabr bilan sobit turishligi maqsadga muvofiqdir. Sabr va chidam yo‘lini tutgan odam gunoh qilishdan qo‘rqadi, yomon ishlardan yuz o‘giradi, sabotli bo‘ladi, g‘aflatda qolmaydi, rizq bo‘lmish noz-ne’matlar qadrini biladi, yaxshilik qilish, yomonlikdan uzoq bo‘lish harakatiga tushib, tavba qilish baxtiga erishadi. Alloh taolo barchalarimizni hamma ishlarimizda sabr va qanoatli bo‘lishligimizni nasib aylasin!

Abduhalim TO‘XLIYEV,
Yozyovon tumani bosh imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

200 nafar imom, olim va talaba Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi

24.06.2026   3103   4 min.
200 nafar imom, olim va talaba Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilgan “Uchinchi Renessans chorrahasi” ilmiy-ma’rifiy tadbiri mamlakatning turli hududlaridan kelgan 200 nafarga yaqin diniy soha vakillari, tinglovchilar va talabalarni bir maydonda jamladi.

 


O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusida ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.


Mazkur tadbir mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, milliy merosni o‘rganish va keng targ‘ib qilish, shuningdek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan Uchinchi Renessans g‘oyasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi.

 


Unda Andijon, Samarqand va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahridan tashrif buyurgan 200 ga yaqin imom-xatib va imom noiblar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada qayta tayyorlash va malaka oshirish instituti tinglovchilari hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari ishtirok etdi.


Tadbir doirasida mehmonlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining boy ekspozitsiyalari, zamonaviy kutubxonasi, nodir qo‘lyozmalar fondi va raqamli texnologiyalar asosida tashkil etilgan ilmiy-ma’rifiy platformasi bilan yaqindan tanishdilar.

 

 


Ekskursiya davomida ishtirokchilarga mamlakatimiz hududida shakllangan qadimgi sivilizatsiyalar tarixi, islom dinining Markaziy Osiyodagi taraqqiyot bosqichlari, buyuk muhaddislar, mutafakkirlar va allomalarning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida batafsil ma’lumot berildi.


Shuningdek, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarining boy ilmiy-ma’naviy merosi, ularning insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi ahamiyati hamda Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar taqdim etildi.


Tadbir ishtirokchilari Markazda yaratilgan zamonaviy infratuzilma, boy ilmiy muhit va tadqiqotchilar uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida yuqori fikr bildirdilar.

 

 


Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi jome masjidi imom-xatibi Muzaffar Avezovning ta’kidlashicha, Markaz qurilishining dastlabki bosqichlaridanoq mazkur loyiha diniy va ilmiy jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib kelgan.

“Bu markaz qurilayotgan paytlarda ham bir necha bor tashrif buyurib, jarayonlarni kuzatganmiz. Bugun uning to‘liq shakllangan holatini ko‘rib, katta taassurot oldik. Ayniqsa, qadimgi sivilizatsiyalar tarixi, islom madaniyati taraqqiyoti, Renessans davrlari merosi va Yangi O‘zbekiston islohotlarining yagona konsepsiya asosida namoyon etilgani tahsinga sazovor. Bu yerdagi har bir ekspozitsiya insonni ilmga, izlanishga va tafakkurga chorlaydi”, — dedi u.


Muzaffar Avezov, ayniqsa, Markaz kutubxonasi imkoniyatlarini yuqori baholab, boy kitob fondi, nodir manbalar hamda raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan qulayliklar ilmiy tadqiqotlar uchun keng imkoniyatlar ochib berayotganini ta’kidladi.


Andijon viloyati Asaka tumanidagi “Hazrati Usmon” jome masjidi imom-xatibi Xursandbek Kamolov ham Markazning xalqaro ahamiyatga ega ilmiy-ma’rifiy maydon sifatida shakllanayotganiga e’tibor qaratdi.

“Ilgari mashhur xorijiy kutubxonalar va ilmiy markazlar haqida eshitar edik. Bugun esa shunday imkoniyatlar o‘z yurtimizda yaratilganiga guvoh bo‘ldik. Nodir qo‘lyozmalarning raqamlashtirilgan shaklda taqdim etilishi, ulardan erkin foydalanish imkoniyatlari tadqiqotchilar uchun juda muhim. Bu markaz yoshlarda ilmga muhabbat, milliy g‘urur va tarixiy xotirani mustahkamlashga xizmat qiladi”, — dedi u.


Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilgan ilmiy-ma’rifiy muhit, boy kitob fondi, nodir qo‘lyozmalar xazinasi va innovatsion texnologiyalar mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, ma’naviy merosni chuqur o‘rganish hamda uni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladilar. 

iccu.uz

 

200 nafar imom, olim va talaba Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi 200 nafar imom, olim va talaba Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi 200 nafar imom, olim va talaba Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi 200 nafar imom, olim va talaba Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi 200 nafar imom, olim va talaba Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi
O'zbekiston yangiliklari