Saudiya Arabistoniga 101 yoshli Atar Bibi Haj ziyoratini ado etish uchun yetib kelgani ma’lum qilindi. Bu haqda Saudi Gazette nashri xabar berdi. Ushbu ulug‘ yoshli ziyoratchi Madina aeroportida Saudiya Arabistonining Haj vazirligi vakillari tomonidan kutib olingan. Atar Bibiga uning 60 yoshli o‘g‘li va qizi hamrohlik qilayotgani aytilgan. Ataar Bibi Haj-2019 mavsumining eng yoshi ulug‘ ziyoratchisi ekani qayd etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ko‘pincha mablag‘siz, ehtiyojmand odamga “kambag‘al” deb qaraladi. Aslini olganda haqiqiy kambag‘al bu – nafsu havoning asiri bo‘lgan, qalbiga ikkiyuzlamachilik, zulm, g‘urur kabi razilliklar o‘rnashib olgan kishidir. Qalbi insonni e’zozlash kabi tuyg‘ulardan bo‘shab qolgan kishidir. Qalbida iymon mash’alasi so‘ngan kishi haqiqiy kambag‘al, faqir va bechoradir.
Livan yozuvchisi Mixail Nuayma bunday deydi:
Har bir munofiq yoki o‘g‘ri yo fosiq – faqirdir.
Har bir adovatchi, serg‘azab, ginachi – faqirdir.
Har bir hasadgo‘y, chaqimchi, ikkiyuzlamachi – faqirdir.
Har bir moli, chiroyi, saltanati bilan maqtanadigan – faqirdir.
Yeyayotgan noni birovning peshona teri evaziga bo‘lgan har bir kishi – faqirdir.
O‘zi obro‘li bo‘lish uchun qo‘shnisini xor qilgan yoki qornini to‘yg‘azish uchun uni och qoldirgan kishi – faqirdir.
Nafsu havosiga ergashib, ishining boshiyu oxiri jaholat bo‘lgan har kishi – faqirdir.
Endi ayting-chi, shular haqiqiy kambag‘al emasmi?! Ular husnixulq bobida faqir emasmi?!
Ë Robb! Bizni ana shunday faqirlardan va ularga o‘xshaganlardan qilib qo‘yma. Bizni o‘zingga muhtojlardan va berganingga rozi bo‘ladigan behojatlardan qil. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida menga eng yaqin o‘tiradiganingiz xulqi eng go‘zal bo‘lganingizdir”[1], deganlar.
Mazkur faqirlar tavba qilib o‘zlarini isloh qilmas ekanlar, Allohning rahmatidan mahrum bo‘lganlari uchun ko‘z yosh to‘kishlari aniq. Bir on tafakkur qilib ko‘ring-chi, siz ham ularning biri emasmisiz? Agar shunday bo‘lsa, nafsingizni tergang va qoralangan sifatlardan xalos bo‘ling-u, Allohga qayting! Agar buning aksi bo‘lsa, siz husni xulqda, iymonda ekansiz. Allohning rahmatiga loyiqsiz, buning uchun Allohga hamd ayting.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Kamgina narsasi bor faqir emas, balki ko‘pni istaydigan haqiqiy faqirdir”.
Bu borada shoir Mutanabbiy ham bunday degan:
Kunlarin sarflar mol-dunyo to‘plab,
Faqir bo‘lib qolmay deya xavfsirab.
Bakr ibn Uzayna ham bunday deydi:
Qancha bechora bor, chorasi sabr,
Qancha faqirlarning ko‘zlari to‘qdir.
Yana ne boylar bor, dunyoga asir,
Och nafsdan o‘zga hech tuyg‘usi yo‘qdir.
Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyati.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.