Hozir yoz fasli. Hamma o‘zini havosi salqin bo‘lgan dam olish maskanlariga urgan. Shunday joylarga borganlar u yerdagi manzarani yaxshi bilishadi. Dam olishga oilaviy yoki do‘stlari bilan borganlarning ko‘plari o‘sha yerda cho‘milishadi.
Eri erkaklar kiyinish xonasiga, ayoli ayollar kiyinish xonasiga kirib, liboslarini almashtirib, cho‘milish kiyimlarni kiyib tashqariga, odamlar oldiga chiqishadi.
Ayrim erkak kishi o‘z ahli ayolining butun badani ochiq holda begona erkaklar oldida suvga tushishiga beparvolarcha munosabatda bo‘ladi. “Ayolim va farzandlarim dam olishyapti” degan o‘yda bo‘ladi.
Nahotki, ko‘p erlar o‘z juftu halollarining begona erkaklar oldida yarim-yalong‘och holda yurishiga qo‘yib bersa?!
Nahotki, erning vijdoni shu manzarani ko‘tarsa?!
Nahotki, o‘zini musulmonman degan kimsa shu ahvolga rozi bo‘lsa?!
Cho‘milish asnosida ko‘p ayollarning begona erkaklar tanasiga ko‘zlari tushadi, erkaklarning esa ayollarga ko‘zlari tushadi. Erkaklar boshqa ayollarga suqlanib qaraydi. O‘zining ayoliga boshqalar qarayotganini bilsa-da, bu holatga beparvolarcha qaraydi.
Shu holat Islomga to‘g‘ri keladimi?! Musulmon odam shunday bo‘ladimi?! Rashk, hamiyat, qizg‘onish degan tuyg‘u bormi shunday odamlarda?! Ayol kishida iffat, uyat, hayo degan tushunchalar mavjudmi?!
Endi savol: o‘sha oila uyida cho‘milish kiyimida yuradimi?! Eri ham kalta ishtonda yuradimi?! Bolalarichi?! Ular ham ota-onalari yonida ichki kiyimlarda yurishadimi?!
Agar ayol kishi uyida cho‘milmoqchi bo‘lsa, hammomga kirishdan oldin ustiga yengilroq xalat tashlab oladi. Er ham ustini yopib, keyin hammomga kiradi. Ular farzandlari oldida yarim-yalong‘och holda ko‘rinishga uyaladi. Hatto er-xotin bir-biriga yarim-yalong‘och holda ko‘rinishga iymanib, ustlariga biror kiyim tashlab oladi.
Ammo omma oldidachi?!
Nega uylarida qilishga uyalgan ishlarini odamlar oldida qilishdan uyalmaydilar?!
Farzandlari oldida yalong‘och yurishga uyalmaydilarmi?!
Begonalar ko‘z o‘ngida uyda yotganda ham kiyib yotilmaydigan liboslarda yurishga uyalmaydilarmi?!
Ona o‘g‘illari ko‘z oldida tanasini ochib yurishga hayo qilishi kerak emasmi?!
Ota qizlari yonida tanasini berkitib, sonlarini, tizzalarini yopib yurishi kerak emasmi?!
Biz qachon shunday ahvolga tushib qoldik?!
Inson nima uchun uyalmay qo‘yadi? Hayosi qachon yo‘qoladi?
Ulamolarimiz hayoning yo‘qolish sabablaridan eng kattasi sifatida imonning zaifligi va luqmaning buzilishini keltirishgan.
Ha, odamda imon zaiflashsa va yeydigan taomlariga harom va shubhali narsalar aralashsa, unda uyat, or-nomus, iffat degan tushunchalar, hislar yo‘qolib, gunoh qilishga moyilligi ortib, gunoh qilayotganini o‘zi sezmaydigan bo‘lib boradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birodariga hayo haqida tanbeh berayotgan kishining oldidan o‘tayotib: “Uni tek qo‘y! Hayo iymondandir!” – deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ha, hayo, uyat iymonning qismlaridandir.
Suv havzalariga oilasi bilan, ayoli bilan yoki do‘stlari bilan borayotgan kishilar nega avratlarini ochib cho‘milyaptilar?!
Erkak kishi kindigidan to tizzasi ostigacha bo‘lgan joylarini berkitib olishi kerakligini bilmaydilarmi?!
Ayol kishi esa yuzi, qo‘l kafti va oyoq kaftidan boshqa barcha a’zolari, butun tanasi avrat ekanini anglab yetmaganmi?!
Ular avrat hisoblangan joylarini berkitib olishlari kerak. Avratni boshqalarga ko‘rsatish, shu holatda cho‘milish mutlaqo mumkin emas.
Afsuski, u yerga boradiganlarning ko‘pchiligi avratini berkitish o‘rniga uyida, oilasida kiyib yurmaydigan kiyimlarini kiyib, yuzlab kishilar ko‘z o‘ngida yurib, o‘sha libosda oftobda toblanib, cho‘milib, shu holida ovqatlanib o‘tiribdi.
Ba’zi o‘zbeklar avratni ochish borasida yevropaliklarni ham ortda qoldirib ketdilar. Ular g‘arbga taqlid qilishning cho‘qqisiga yetib bordilar.
Ba’zilar e’tirozli savol berishlari mumkin: “Ayol kishining issiq kunlarda salqin joylarda dam olishga, cho‘milishga haqqi yo‘qmi?”
Javob: “Haqqi bor, albatta”.
Ammo buni musulmonchilikka to‘g‘ri keladigan shaklda tashkil etish kerak. Bu borada ham mas’uliyat erkak kishi zimmasiga tushadi. U oilasining shunday xordiq chiqarishi uchun odob doirasida sharoit qilib berishi kerak. Istasa, bu sharoitni uyida tashkil etsin. Istasa, tog‘oldi hududlarida joylashgan dam olish maskanlaridan birini ijaraga olsin-da, begonalar nazari tushmaydigan qilib, keyin ayoliga, farzandlariga cho‘milishlariga imkon bersin.
Dinimiz har bir holatning odobini bayon etgan. Oilaviy dam olishning ham odobi bor. Biz musulmonlarmiz. Demak, Dinimiz ko‘rsatgan odoblarga rioya etib, avrat sanalgan joylarimizni berkitib olishimiz farzdir. Dinimizga faqat uyda, masjidda emas, balki, hayotimizning barcha jabhalarida amal qilishimiz shart. Bozorda sotuvchi-xaridorlik odobiga, ko‘chada yurish-turish odoblariga amal qilamiz, cho‘milish borasida ham o‘ziga xos odoblarga rioya etamiz.
Ayollar cho‘milayotgan paytlarida ham avratlari berk turishiga e’tibor qaratishlari kerak, erkaklar ham xuddi shunday.
Farzandlarimizga ham odob, hayo, uyalish hissi degan narsalarni bolaliklaridanoq tushuntirib, o‘rgatib, ongu qalblariga singdirib, tanalarini shunga o‘rgatib borishimiz lozimdir.
Alloh taolo barchamizga insof bersin. Qayerda bo‘lsak ham, uyalish, hayo degan hislarimiz o‘zimizga hamroh bo‘lishini, iffatli musulmonlardan bo‘lib yurishimizni nasib etsin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.