Uhud tog‘i Madinaning shimoliy tarafida joylashgan muborak bir tog‘dir. Tog‘ning uzunligi 7 kilometr, kengligi 2-3 kilometr, balandligi esa 350 metrga yaqin. Tog‘ Madinai Munavvaradan taxminan 4-5 kilometr uzoqlikda joylashgan. Uhud tog‘ida bir necha g‘or va daralar mavjud bo‘lib, ba’zi g‘orlarning balandligi bir yarim metrni, uzunligi esa o‘n metrni tashkil etadi.
Ushbu tog‘ va uning atrofida ko‘plab tarixiy voqealar bo‘lib o‘tgan. Ana shulardan biri Uhud g‘azotidir. Bu g‘azot Badr g‘azotidan keyin, hijriy 3-yilda, musulmonlar bilan Quraysh qabilasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan. Ushbu jangda ming nafar musulmonlar uch ming sonli Quraysh qo‘shiniga qarshi kurashdilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘sha kuni kamonchilarga tepalikdan tushmaslikni, o‘sha yerda sobit turishni tayinladilar. Bu tepalik hozir Uhud tog‘i yonida joylashgan bo‘lib, “Jabalur rumot” (Kamonchilar tog‘i, tepaligi) deb ataladi. O‘sha yerda turgan kamonchilar jang tugadi, o‘ljalardan qolib ketmaylik degan o‘y bilan pastga tushadilar. Tepalikda kam sonli kishilar qolishadi. Bundan foydalangan Quraysh ittifoqchilari tepalikning orqa tarafidan o‘tib, musulmonlarga hamla qiladi. Oldinda Quraysh qo‘shini, ortda esa ularning ittifoqchilari musulmonlarni qurshab oladilar. Ana shunda mag‘lubiyat yuzaga keladi. Bu haqida Alloh taolo shunday deb marhamat qilgan:
أَوَلَمَّا أَصَابَتْكُم مُّصِيبَةٌ قَدْ أَصَبْتُم مِّثْلَيْهَا قُلْتُمْ أَنَّى هَـذَا قُلْ هُوَ مِنْ عِندِ أَنْفُسِكُمْ إِنَّ اللّهَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ
“Sen: “Sizga musibat yetgan paytda, holbuki o‘zingiz ham ikki baravarini yetkazgan edingiz, bu qayerdan, deysizmi?! Bu o‘zingizning huzuringizdan!” deb ayt. Albatta, Alloh hamma narsaga qodirdir”. (Ya’ni, o‘zingiz sustkashlik qildingiz, zaiflashdingiz, o‘zingiz Allohning shartini buzdingiz, o‘zingiz Payg‘ambarning amriga xilof qildingiz, endi kelib, “Bu qayerdan?” deysizmi?! Bilib qo‘ying, bu musibatni o‘zingiz o‘zingizga chaqirib oldingiz.) (Oli Imron surasi, 165-oyat).
Ha, ushbu mag‘lubiyat Nabiy sollallohu alayhi vasallamning amrlariga xilof qilgan kamonchilar sababidan bo‘lgan edi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam yuqorida zikr qilingan Uhud tog‘idagi daralardan birida dushmandan himoyalanib, yashiringan ekanlar. Ko‘plab sahobalar mag‘lubiyatdan sarosimaga tushib, qochib ketadilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning atroflarida sanoqli sahobalar u zotni pana qilib, o‘z tanalari bilan ul zotni himoya qilib turishgan. Shu yerda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuga “Ot, ey Sa’d, ot, ota-onam senga fido bo‘lsin!” degan ekanlar.
Bu g‘azotda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning muborak boshlari yorildi, tishlari sindi, yuzlariga sovutning halqasi sanchilib, oy yuzlaridan qon oqib tushdi. Shuningdek, Uhud g‘azotida yetmishta sahobalar shahid bo‘lishdi. Ularning sayyidi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sevikli amakilari Hamza roziyallohu anhu edilar.
Jangdan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarga shahidlarni dafn qilishni amr etdilar. Ular o‘sha maydonga dafn etildilar. Oradan 14 asr o‘tib, shu kunimizgacha ushbu maqbara Uhud tog‘i etagida mavjuddir. Haj va Umraga borgan hojilarimiz barcha muborak makonlar qatorida Uhud tog‘ini va yetmishta shahid sahobalarni o‘z bag‘riga olgan “Shahidlar maqbarasi”ni ham ziyorat qilib, Qur’on o‘qib, duoi fotiha qiladilar.
Uhud tog‘i yaqinida “Fas'h” yoki “Uhud” deb nomlangan masjid bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti kuni o‘sha masjidda namoz o‘qigan ekanlar.
Ushbu jangda Ummu Amora Nasiyba bint Ka’b, Abu Dujona, Hanzala, Talha ibn Ubaydulloh, Hamza ibn Abdulmuttalib, Mus’ab ibn Umayr, Abdulloh ibn Jahsh, Amr ibn Jamuh kabi sahobalar o‘zlarining fidokorliklarini ko‘rsatdilar.
Uhud tog‘ining fazilatlari
حَدَّثَنِي مُحَمَّدُ بْنُ بَشَّارٍ ، حَدَّثَنَا يَحْيَى ، عَنْ سَعِيدٍ ، عَنْ قَتَادَةَ ، أَنَّ أَنَسَ بْنَ مَالِكٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ ، حَدَّثَهُمْ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ صَعِدَ أُحُدًا ، وَأَبُو بَكْرٍ ، وَعُمَرُ ، وَعُثْمَانُ فَرَجَفَ بِهِمْ ، فَقَالَ : اثْبُتْ أُحُدُ فَإِنَّمَا عَلَيْكَ نَبِيٌّ ، وَصِدِّيقٌ ، وَشَهِيدَانِ
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud (tog‘i)ga ko‘tarildilar. U zot bilan birga Abu Bakr, Umar va Usmon bor edi. Tog‘ ularni titratdi. Shunda u zot oyoqlari bilan bir urib, “Sobit tur, ey Uhud! Sening ustingda Nabiy, Siddiq va ikki shahid turibdi” dedilar”. Imom Buxoriy rivoyati.
Alloh taolo toqqa sezish, yaxshi ko‘rish xususiyatini ato qilgan. Uhud tog‘i o‘zining ustiga chiqqan zotlarning kimlar ekanini yaxshi bilardi. Shuning uchun sevinchdan, haybatdan titrab ketdi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bu Uhud tog‘idir. U bizni yaxshi ko‘radi va biz ham uni yaxshi ko‘ramiz” deganlar.
Uhud tog‘i o‘xshatilgan o‘rinlar
Zirr ibn Hubaysh rivoyat qilishicha, Ibn Mas’ud arok (daraxti)dan misvok olar edi. Uning boldiri shunchalik ingichkaligidan shamol uchirib yuborgudek bo‘lardi. Qavm uning ustidan kuldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nimadan kulyapsizlar?!” dedilar. Ular: “Ey Allohning Payg‘ambari, uning boldirlari ingichkaligidan kulyapmiz”, deyishdi. Shunda u zot: “Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, uning ikki (boldiri) Mezonda Uhud (tog‘i)dan ham og‘irroqdir!” dedilar (Ahmad “Musnad”da, Ibn Hibbon “Sahih”da, Tabaroniy “Kabiyr”da, Abu Ya’lo va Tayolisiylar o‘z “Musnad”larida rivoyat qilishgan).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning jussasi juda kichkina bo‘lgan. Hatto arokdek kichkina va odamni ko‘tara olmaydigan daraxtlarga ham bemalol chiqib ketavergan. Bu haqida Abdullohning o‘zi shunday rivoyat qiladi: “Misvok olish uchun arok daraxtiga chiqdim. Shunchalik yengil ekanimdan birodarlarim hayron bo‘lishdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Nega ajablanyapsizlar? Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, u qiyomat kunida Uhuddan ham og‘irroq bo‘ladi!” dedilar” (Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan).
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: “Do‘zaxdagi kofirning oziq tishi Uhud tog‘ichalik katta, terisining qalinligi esa uch kunlik yo‘l qadar bo‘ladi” (Muslim: 17/186, Termiziy: 4/104 rivoyati).
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom hadisi shariflaridan birida: «Sahobalarimni so‘kmanglar, mening nafsim qo‘lida bo‘lgan Zot bilan qasamki, agar birortangiz Uhud tog‘idek oltin nafaqa qilsangiz ham, ularning bittasining bir muddiga (og‘irlik o‘lchovi) to‘g‘ri kelmaydi», – deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganliklari sobit bo‘lgan: “Kimda-kim musulmon kishining janozasiga iymon va ajr umidida ergashsa va to unga namoz o‘qilib, dafn qilinishdan forig‘ bo‘lguncha birga bo‘lsa, batahqiq, ikki qiyrot ajr bilan qaytadi. Har bir qiyrot Uhud (tog‘i) mislichalikdir. Kimda-kim unga namoz o‘qisa so‘ng dafn qilinishdan oldin qaytib kelsa, batahqiq, bir qiyrot bilan qaytadi”. (Buxoriy (47), Muslim (945)
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Kim janozaga namoz o‘qilguncha hozir bo‘lsa, unga bir qiyrot savob, kim dafn qilinguncha hozir bo‘lsa, unga ikki qiyrot savob», dedilar.
«Ikki qiyrot nimadir?» deyildi.
«Ikki ulkan toqqa o‘xshash narsa», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Boshqa bir rivoyatda:
«Ikkovlaridan kichigi Uhudga o‘xshash», deyilgan.
Alloh taolo barchamizni Haj, Umra ibodatlariga qayta-qayta musharraf etsin!
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati