«Allohning masjidlarini Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to‘kis ado etganlar, zakot berganlar va Allohdan boshqadan qo‘rqmaganlargina obod qilurlar» deb marhamat qilgan Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
«Kim bir masjid qursa, Alloh unga jannatda shuning mislini qurib beradi», deb marhamat qilgan Rasulimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlarimiz bo‘lsin!
Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsinki, buyuk allomalar yurti bo‘lmish qadim Movarounnahr yurtimizda so‘nggi yillarda masjid-madrasalar qurish yana odatiy jarayonga aylanib bormoqda. Har kuni yurtimizning turli viloyatlaridan yangi masjid qurilayotgani yoki qurib bitkazilib, ishga tushgani haqida xushxabarlar kelib turibdi.
Poytaxtimizdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi jome masjidlarning, shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi «Hakim Termiziy» jome’ masjidlarining bunyod etilgani fikrimizning yorqin dalilidir. Xususan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjidning yurtimiz rahbari tomonidan bundan keyingi qurilajak masjidlar uchun namuna sifatida e’tirof etilishi O‘zbekistonda masjid-madrasalar qurilishiga naqadar yuksak e’tibor berilayotganini ifodalaydi.
Bugun 22 iyul dushanba kuni poytaxtimiz Toshkentda ana shunday xayrli ishlarning yana bir go‘zal namunasiga guvoh bo‘ldik. Ushbu kun Yunusobod tumani 12 dahadagi «Kulol Qo‘rg‘on» jome’ masjidining ilk g‘ishtini qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov boshchiligidagi bir guruh din peshvolari, imom-xatiblar, mudarrislar masjid qurilishiga tashrif buyurib, ish jarayoni bilan tanishdilar, masjid hay’ati hamda barcha ustalar, masjid qurilishiga moddiy va ma’naviy yordam berayotgan barcha yurtdoshlarimizning haqqiga xayrli duolar qildilar.
Qur’on tilovat qilingach, bu masjidning to qiyomatgacha Alloh taologa ibodat qilinadigan, tarovehlar, xatmi Qur’onlar, zikru tasbehlar qilinadigan sajdagoh bo‘lishini, moddiy va ma’naviy obod bo‘lishini, mo‘min-musulmonlar emin-erkin ibodat qiladigan baytulloh bo‘lishini tilab, xayrli duolar qilindi. Shundan so‘ng muftiy Usmonxon Alimov hazratlari masjidning ilk g‘ishtini tabarrukona qo‘yib berib, uning qurilishiga oq fotiha berdilar.
Alloh taolo bu kunda qilingan barcha xayrli duolarni ijobat aylasin, masjidimizning tez kunlarda ishga tushib, sajdagohga aylanishini nasib qilsin, bu ezgu ishga bosh qo‘shgan, kamarbasta bo‘lgan, moddiy va ma’naviy yordam qilgan, uni qurgan, qurilishga rahbarlik qilgan, ozmi-ko‘pchi hissa qo‘shgan barcha azizlarimizga munosib ajru mukofotlar ato qilsin!
MUHAMMAD Bahodir
«Kulol-Qo‘rg‘on» jome masjidi imom-noibi
Muborak Ramazon arafasida, ya’ni 24 fevral kuni Toshkent shahar Bektemir tumanidagi «Alibek» jome masjidida namunaviy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, O‘zMI mas’ullari, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, shahar vakilligi xodimlari, tuman bosh imom-xatibi va otinoyilari, shuningdek, otinoyilar, «Haj – 2024» ziyoratchilari, mahallalar raislari ishtirok etdi.
Yig‘ilishdan so‘ng Zayniddin domla boshchiliklarida masjid hovlisiga ko‘chatlar o‘tqazildi.
So‘ngra mahallalarga chiqilib, muammoli beshtadan oila o‘rganildi.
Abduqahhor domla peshin namozini «Bektemir» jome masjidida ado etib, namozdan so‘ng mo‘min-musulmonlarga Ramazoni sharifga oz muddat qolganini, bu oyning fazilatlari va barakotlari haqida go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Xayrli ishlarning boshlanish debochasi bo‘lgan bu tadbir so‘ngida tuman imomlarining Ramazonga tayyorgarliklari, oilalar, mahallalar bilan ishlash borasidagi hisobotlari tinglandi.
Xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati