Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Turkiyalik fotograf Orhan Durgut bilan hamkorlikda “Imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy” asarining qo‘lyozma nusxalari va “Dunyo islom shaharlari” nomli xalqaro fotoko‘rgazma ish boshladi.
“Dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, ma’rifat va madaniyatlarni o‘zaro boyitish” masalalari bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishni taklif qilib, bunda Toshkentdagi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi samarali platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini aytgan edi.
Prezidentimizning mazkur tashabbusi xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlarining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi va ular tomonidan hamkorlikka oid qator takliflar bildirilmoqda.
Turkiyalik taniqli fotograf Orhan Durgut ham mazkur tashabbusdan ruhlanib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida o‘zining fotoko‘rgazmasini tashkil etish taklifini bildirdi. Bu markaz rahbariyati va tegishli tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Fotograf o‘z asarlarida dunyoning 60 ta Islom shaharlarining tarixiy bino va muqaddas qadamjolarini aks ettirgan. E’tiborli jihati, u Imom Buxoriy ilmiy safarlarda bo‘lgan Makka, Madina, Basra, Kufa, Bag‘dod, Damashq, Qaysariya, Asqalon va E’zob shaharlarida bo‘lib, u yerdagi mashhur Islom madaniy meroslarini o‘z ijodida ifodalagan.
Orhan Durgutning foto jamlanmasidan O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xorazm, Toshkent, Termiz shaharlarida joylashgan muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, xususan, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Registon ansambli, Shohizinda, Ichan qal’a, Hakim At-Termiziy, Xasti Imom, Ko‘hna Ark kabi mashhur tarixiy obida va maqbaralar ham o‘rin olgan.
– Bu asarlarimni namoyish etishdan maqsadim islom dunyosini barcha xalqlarga yaqindan tanitish, – deydi Orhan Durgut. – Yurtingizda mazkur ko‘rgazmani tashkil etish uchun ko‘rsatilgan yordamdan minnatdorman. Mana shuning o‘zi mamlakatingizda islom olami, ma’naviyati, ilmi merosiga bo‘lgan e’tiborning naqadar yuqori ekanligini belgilab turibdi. Hozirga qadar dunyoning 60 ta Islom shaharlarida bo‘ldim. Kelgusida yana 40 ta shunday shaharlarda bo‘lishni va 100 ga yaqin shaharlarning tarixiy bino hamda muqaddas qadamjolarini o‘z asarlarimda aks ettirishni istayman.
Mazkur xalqaro fotoko‘rgazma Imom Buxoriy tavallud topgan oy (810 yil 20 iyul) munosabati bilan tashkil etilayotgani bois, muhaddisning “Sahih al-Buxoriy” asarining qo‘lyozma nusxalari ham ko‘rgazma doirasida xalqimiz e’tiboriga havola etilmoqda.
Imom Buxoriyning shoh asari bo‘lmish “Sahih al-Buxoriy” kitobi butun islom olamida Qur’oni karimdan keyingi birinchi, eng ishonchli manba, deb tan olingan. Bu hadislar to‘plami musulmonlar axloq-odobi, ibodati, ijtimoiy mezonlarini belgilovchi umuminsoniy qadriyatlar namunasidir.
Xalqaro fotoko‘rgazmaga o‘ndan ortiq professor-olimlar va tadqiqotchilar, soha mutaxassislari va yosh olimlarning ma’ruzalari ham kiritildi. Tadbirda ta’kidlanganidek, Imom Buxoriyning boy ilmiy merosidan butun dunyo xalqlari bahramand bo‘lmoqda. Allomaning asarlari turli tillarga tarjima qilinib, nashr etilmoqda. Dunyo mamlakatlarining deyarli barcha kutubxonalarida o‘quvchilar e’tiboriga havola qilingan. Dunyoning ko‘plab kutubxonalarining internet saytlaridan istalgan tildagi Imom Buxoriy asarlarini, ayniqsa, “Al-jomi’ as-sahih“ ya’ni, “Sahih al-Buxoriy”ni topib, o‘rganishi mumkin. Yurtimizda ham ulug‘ allomaning asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, xalqqa yetkazilmoqda.
Davra suhbati davomida sohani yanada rivojlantirish uchun ilmiy-tadqiqot markazlari va sohaga tegishli mutasaddilarning fikr-mulohazalari va takliflari eshitilib, tegishli vazifalar belgilab olindi.
Imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy” asarining qo‘lyozma nusxalari va “Dunyo Islom shaharlari” nomli xalqaro fotoko‘rgazma joriy yilning 19 iyulidan 19 avgustiga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati