19 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari juma namozini ado etish uchun Toshkent shahridagi yangidan barpo etilgan “Koh ota buzruk” jome masjidiga tashrif buyurdilar. Ushbu qaytadan bunyod etilgan ko‘rkam jomeda muborak kun ibodatini ado etish uchun minglab namozxonlar jam bo‘ldilar.
Muftiy hazratlari juma mav’izasida bugungi kunda mo‘min-musulmonlarga muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida juda katta imkoniyatlar berilayotgani haqida gapirib, yurtimizda yangi masjid-madrasalarni qurish, mavjudlarini zamonaviy ko‘rinishda qayta ta’mirlash ishlari jadal davom etayotganini so‘zlab berdilar.
O‘tgan Ramazon oyi va undan keyin ham yangi-yangi jomelar ochilgani, yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti oldidan ham Toshkent shahri va boshqa hududlarda ko‘plab jome masjidlarni yangidan qurish ishlari, xalqimizga tuhfa etish marosimlar davom etayotganini bildirdilar.
Muftiy hazratlari respublikamizning har bir hududidagi mana shunday jomelarda namozxonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, masjidlardagi qulayliklar hozirlangani, imom-xatiblar faoliyati bilan yaqindan tanishilgani va masjid qavmi ila dildan suhbat qilinganida ularning kayfiyati juda ham chog‘ ekanini bayon qilib berdilar.
Mav’izada muftiy hazratlari namozxonlarga bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan muborak dinimiz taraqqiyoti yo‘lidagi shunday xayrli ishlar, ijrootlar va bunday ne’matlarga har bir kishi Parvardigorga shukrona qilishi lozimligini aytib, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning “Sadaqai joriya” haqidagi hadisi shariflarini izohlab berdilar.
“Koh ota buzruk” jome masjidida qurilish ishlari 2017 yilda boshlangan. 2018 yil mart oyida Shayx Abdulaziz Mansur boshchiligida yangi bino uchun birinchi g‘isht qo‘yilgan. Mahalla ahli va ko‘plab ixlosmandlar ko‘magida, saxovatpesha kishilar yordami ila hashar yo‘li bilan boshlangan mazkur xayrli ish bugun o‘z nihoyasiga yetdi. Masjidning hozirda qurilgan yangi binosining sig‘imi bir vaqtning o‘zida 2000 ming nafardan ortiq namozxonni sig‘dira oladi.
Masjid namozxonlar uchun yetarli darajadagi shart-sharoitlar bilan ta’minlandi. Xonaqoh tepasiga bitta katta va to‘rtta kichik gumbaz barpo etildi. O‘ttiz besh metrli minora masjidning ko‘rkiga fayz baxsh etib turibdi. Masjid xonaqoh va yerto‘la qismining har ikkisida ham sovutgichlar haroratni salqin qilib, bir maromda ushlab turishiga qulay bo‘lsin uchun tepada, shiftda joylashtirilgan. Xonaqohda sharq me’morchiligiga xos turli bo‘yoqlar o‘ziga xoslik baxsh etgan bo‘lsada, yong‘in xavfsizligi inobatga olinib, binoga bironta ham yog‘och mahsulotlari ishlatilmagan.
Yangi binoning ochilish marosimida ko‘plab taniqli mehmonlar, imom-xatiblar va boshqa ulamolar ishtirok etdi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan Allohning uyini obod qilishdek xayrli ishlarda ishtirok etayotganlar haqlariga xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kun avval uxlashga kech yotganim uchunmi, saharda vaqtli uyg‘onishim qiyin bo‘ldi. Masjidda jamoat bilan bomdod namozini ado etganimdan so‘ng, uyga qaytdim. Biroz mizg‘ib olay deb, boshimni yostiqqa qo‘yganimni bilaman, kimdir darvozamizni qattiq taqillatib qoldi. Tezda borib, eshikni ochdim. Qarasam: qo‘shnimiz. Ko‘zlari bejo. Sochlari hurpayib ketgan. Qo‘l-oyoqlari qaltirayotgani bilinib turibdi.
– Qo‘shni, – dedi u titragan ovozda. – Shaharni dushmanlar egallabdi. Hammasi qurollangan emish. Narigi mahalladagi xonadonlarning har biriga kirib, erkaklarni bir mashinaga, keksalar, ayol va bolalarni avtobusga bosib olib ketishayotganmish. Qarshilik qilganlarni joyida otib tashlashayotganmish...
– Subhanalloh. Nimalar deyapsiz? Qanaqa dushmanlar? Kim aytdi bu gaplarni sizga?
– Hozir ukam telefon qildi. Maktablarga, shifoxonalarga ham hujum qilishibdi. Shahar markazida harbiylar bilan dushmanlar o‘rtasida otishmalar bo‘layotganmish...
Shunday deya qo‘shnimiz nari ketib, uydagilariga «Bo‘laqolinglar, mashinaga o‘tiringlar, shahardan tezroq chiqib ketish kerak», deb baqira ketdi.
Nimalar bo‘layotganini tushunmay garang bo‘lib turganimda, qo‘shnim mashinasini yurgizib, ikki-uch marta signal berdi.
Shu payt uyg‘onib ketdim... Xayriyat, tush ko‘rayotgan ekanman. Astag‘firulloh. Bunaqa holatlardan o‘zing asragin, ey Allohim. Turib, tahorat qildim. Ikki rak’at namoz o‘qib, Yaratganga hamdu sanolar, shukronalar aytgan holda U Zotdan yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo saqlashini so‘rab duo qildim. To‘g‘ri, bu bir tush, lekin xuddi shu holat hozir dunyoning qaysidir burchagida haqiqatda sodir bo‘lmayaptimi?! Tan olish lozim: ko‘pchiligimiz bugun mamlakatimizda hukm surib turgan xotirjamlikning qadriga yetmayapmiz.
Alloh taolo tomonidan insonga berilgan ne’matlarning son-sanog‘i yo‘q. Shunday ne’matlardan biri xotirjamlikdir. Xotirjamlik – o‘zbek tilining izohli lug‘atida «ruhan tinch bo‘lish», «bamaylixotirlik», «osoyishtalik» ma’nolarini bildirishi aytilgan. Istilohda inson uchun unga biron kimsa yoki biror narsa halaqit qilmaydigan qilib berilgan tinch sharoitga xotirjamlik deyiladi. Xotirjamlikning aksi – bezovtalik, ko‘ngli g‘ashlik, betoqatlik, tashvishlanish. Zero, odatdagi oromi, tinchi buzilgan har qanday kishi hayajon va iztirobga tusha boshlaydi, halovati buziladi.
Hadisda: «Munofiqning alomati uchta: gapirsa, yolg‘on gapiradi, va’dasiga vafo qilmaydi, agar unga omonat topshirilsa, xiyonat qiladi», deyilgan (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Afsuski, ko‘pchiligimiz, bilib-bilmay ba’zida bizga berilgan bu omonatga xiyonat qilib qo‘ymoqdamiz. Alloh tomonidan bizga berilgan tinchlik, xotirjamlik ne’matining qadriga yetmayapmiz. Yer yuzining ba’zi nuqtalarida ro‘y berayotgan mash’um voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarmayapmiz...
Darhaqiqat, bugun jahonning ayrim davlatlaridagi ahvol achinarli ko‘rinish olmoqda. Odamlar ko‘chaga chiqishdan qo‘rqadi. Bolalar tahlikali holatda yashamoqda. Otilgan o‘qlar, portlashlar shovqinidan cho‘chib uyg‘onmoqda. Ta’lim olish, hordiq chiqarish, to‘yib yeb-ichish – ular uchun orzu.
Alhamdulillah, yurtimizda tinchlik hukmron. Ko‘chada xotirjam yurishimiz, ishlab, halol rizq topishimiz, farzandlarimizni qo‘rqmay, bemalol maktabga, bog‘chaga jo‘natishimiz – katta ne’mat.
Bolaligimizda nuroniy otaxonlarimiz, yoshi ulug‘ onaxonlarimiz «Tinchlik-xotirjamlik bo‘lsin, yurtimizni yomon ko‘zdan asrasin, barchamizni salomat qilcin, xonadonlarimizdan osoyishtalik arimasin, ilohim» deb duo qilsalar, ushbu so‘zlar ma’nosini yaxshi anglamas edik. Keyinchalik bu kalomlar naqadar qimmatli ekanini tushunib yetdik.
Urush bu – vahshiylik, bosqinchilik, vayronagarchilik, qon to‘kilishi. Urush bu – ochlik, judolik, tanazzul, inqiroz. Uning oqibatlarini aytib ado etib bo‘lmaydi. Shunday ekan, osmonimizni musaffo qilib turgan Alloh taologa shukr qilaylik. Qur’oni Karimda marhamat qilinadi:
«Sizlarga yer yuzida qudrat va imkoniyatlar berdik va unda sizlar uchun yashash vositalari qildik. Qanchalar oz shukr qilasizlar-a?!» (A’rof surasi, 10-oyat).
G‘oyat qisqa iboralardan tashkil topgan ushbu oyati karima cheksiz haqiqatni, voqelikni mujassam qilgandir. Yer yuzida insonga yashash muhitini yaratib berish oson ish emas. Bu imkonni yaratish uchun qanchadan-qancha bir-biriga bog‘liq ishlar amalga oshirilgan. Avvalo, olam inson hayotiga moslangan, keyin inson bu dunyoda yashashga moslashtirilgan. Bu ikki taraflama moslashishning vujudga kelishiga sababchi ishlar haqida olimlar qanchadan-qancha kitoblar yozganlar va yozmoqdalar ham. Inson aqlini ishlatib, dunyoda uning uchun yaratilgan yashash muhitlaridan aqalli bir yoki ikkitasini o‘ylab ko‘rsa, tushunib yetadiki, Allohga har qancha shukr qilsa ham oz ekan.
O‘tgan asrning 70-yillarida Shveysariya statistika markazi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, insoniyatning 5000 yillik tarixi davomida Yer kurrasida atigi 292 yil urushsiz o‘tgan ekan. 15 500 dan ortiq urush, jangu jadallarda 3 milliard 640 million kishi hayotdan ko‘z yumgan (Lixtenshteyn Ye., «Fan haqida so‘z» (Slovo o nauke), M.: «Znaniye», 1976 y., 117-bet).
Shu o‘rinda bu urushlarning aksariyati turli xildagi fitnayu fasodlar, ig‘voyu gijgijlashlar (provokatsiyalar) oqibatida yuzaga kelishini aytib o‘tish lozim. Shunday ekan, har birimiz o‘zimizni, farzandlarimizni, yaqinlarimizni – fitna urug‘ini sochuvchilarning, yo‘q joydan janjal-nizo ko‘taruvchilarning domiga tushib qolishdan, ularning hiyla-nayranglariga uchishdan saqlashimiz darkor.
Alloh barchamizni urush, tuhmat, ofat kabi balo-qazolardan saqlasin. Dorilomon kunlarimiz bardavom bo‘lsin!
Shuhrat Xo‘jayev