Bugun, 19 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun Arab tili fanidan ijodiy imtihon bo‘lib o‘tdi.
Dastlab institut rektori Uyg‘un G‘afurov abituriyentlarga imtihon jarayoni va tartibini tushuntirib o‘tdi.
So‘ngra Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Diniy-ma’rifiy ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Rustamov Bobomurod so‘z olib, abituriyentlarga imtihonlardan muvaffaqiyat bilan o‘tishlarini tiladi.
Ijodiy imtihon materiallari solingan konvert imtihon boshlanishi oldidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi kuzatuvchisi, Toshkent islom instituti qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar hamda ota-onalar ishtirokida ochilib, bu haqda dalolatnoma tuzildi.
Kuzatuvchilar, ota-onalar imtihon uchun ajratilgan xonalar va imtihon topshiruvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.
So‘ngra, savollar solingan konvertlar abituriyentlar tomonidan ochilib, navbati bilan variantlar olindi va ular javob berishga tayyorlanish uchun ajratilgan o‘rinlarga joylashdilar.
Imtihonga Toshkent islom instituti, Xalqaro islom akademiyasi va Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Arab tili fani bo‘yicha mutaxassis o‘qituchilari jalb etilgan.
Ijodiy imtihon jarayonlarida savollarga tayyorlanib bo‘lgan abituriyentlar imtihon oluvchi o‘qituvchilar tomonidan savol-javob qilinib, ularning bilimlari sinovdan o‘tkaziladi. Farzandlariga ruhiy dalda bo‘lib, ular bilan hamroh bo‘lib kelgan ota-onalar va mehmonlar uchun institut hududida salqin ichimliklar va shinam kutish joylari tashkil qilindi. Imtihonlarni talab darajasida o‘tkazish maqsadida ichki ishlar va tibbiyot xodimlari ham jalb qilindi.
Abituriyentlar ijodiy imtihonda Arab tili fanidan sinovdan o‘tishmoqda. Toshkent islom institutiga abituriyentlarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Aqoid, Fiqh va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari ertaga 20 iyul kuni O‘zko‘rgazmasavdo markazida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-2020 o‘quv yili uchun jami 226 abituriyentlardan arizalar qabul qilingan bo‘lib, bu yil O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 60 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, shundan 10 nafari ayol-qizlardan iborat.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va boshqa maqsadlarda borgan yurtdoshlarimiz bilan samimiy muloqot qilish, ular bilan dildan gaplashish, ma’rifiy suhbatlar qilib berish maqsadida ayni kunlarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov mazkur mamlakatda bo‘lib turibdi.
Dastlab Moskva viloyati Odinsovo shahridagi "Monotek" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish shirkatida ishlayotgan vatandoshlarimiz bilan, so‘ngra Moskva shahridagi "AntYapi" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish firmasida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan samimiy muloqot qildi.
Vatandoshlarimiz ma’rifiy suhbatlar asnosida Abduqahhor domladan o‘zlarini qiziqtirgan diniy va boshqa mavzulardagi savollarga atroflicha javoblar oldi.
Bosh imom vatandoshlarimizga qayerda bo‘lsa ham yurtimiz sha’nini baland tutishni, aqidasi buzuq har xil oqimlarga qo‘shilib qolmaslik zarurligini alohida ta’kidladi.
Xizmat safari Sankt-Peterburg shahrida davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati