Saudiya Arabistonining Madina shahridan kelgan Abdulbosit Abdulhodiy Andijonda tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha istiqbolli loyihani taqdim etdi. Bu haqda «Xalq so‘zi» xabar berdi.
— Arablarning milliy kiyimlari Xitoyda ishlab chiqariladi, — deydi investor. — Lekin O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta xom ashyosi sifatliligi bilan ajralib turadi. Shu sababli Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «Qo‘rg‘on gruk» MCHJ bilan hamkorlikda arablar milliy kiyimlarini tayyorlashni rejalashtirdik. Buning uchun Andijonda barcha sharoit bor.
Loyiha amalga oshirilgach, dastlab 100 ta ish o‘rni yaratiladi. Bu esa «Qo‘rg‘on gruk»ning ishlab chiqarish sur’ati uch barobar ortishiga sabab bo‘ladi. Hamkorlikdagi rejalar ijobati natijasida qo‘rg‘ontepalik chevarlar tomonidan tikilgan mahsulotlar «Al Andijoniy» brendi ostida dunyo bozoriga kirib boradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yilning 6 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yangi tayinlangan mudir (direktor) o‘rinbosarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, rais o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov hamda Ta’lim va ilmiy-tadqiqot, Kadrlar va Ichki nazorat bo‘limlaridan vakillar ishtirok etdi.
Tadbirda yangi tayinlangan xodimlar ham tanishtirilib, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.
Yangi rahbar xodimlarga kerakli tavsiyalar berilib, xususan, yoshlarning axloqiy va ma’naviy tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, ularga milliy va diniy qadriyatlarimizni singdirish, zamonaviy ta’lim usullaridan samarali foydalanish masalalari eslatib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati