Saudiya Arabistoniga Haj ziyorati uchun yetib kelgan hindistonlik muslimaning farzandi shu yerning o‘zida tug‘ilgan. Bu haqda Saudiya Arabistoni axborot agentliklari xabar tarqatdi. Ma’lum qilinishicha, har yili Haj mavsumida o‘nlab ziyoratchilarning farzandlari muqaddas zaminda tug‘iladi.
Bu yilgi Hajga tashrif buyurgan oilaning farzandi ham ushbu mavsumda dunyoga keldi va ular farzandlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari sabab Madina deb nomladilar.
Ma’lumot uchun, joriy yilda Hindistondan rekord miqdorida musulmonlar Haj ziyoratini ado etish uchun tashrif buyuradilar. Ularning soni 200 ming nafarni tashkil etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi joriy yilning 3 fevral kuni Toshkent shahar Sergeli tumanida o‘tkazildi. Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov boshchilik qildi.
Tumandagi “Abdulloh ibn Zubayr” masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishga Diniy idora mutaxassislari, Toshkent shahar vakilligi rahbariyati, tumanlar bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, tumandagi masjidlar imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, “Haj – 2024” hojilari hamda mahallalar raislari taklif qilindi.
Tadbir doirasida umumiy hisobda 116 ta oilaga xonadonga kirilib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordamlar amalga oshirildi.
Tumandagi masjidlarda peshin namozini ado qilinib, yig‘ilgan qavmga “Yurtimizdagi bo‘layotgan islohotlar”, “Inson qadri uchun harakat – buyuk fazilat!”, “Tinchlik-xotirjamlik – ulug‘ ne’mat!”, “Shukronalik tuyg‘usi!”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi. Bunda jami 2000 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida tuman imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati