Qirol Salmon Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahri masjidlaridagi teraktda qurbon bo‘lganlarning 200 nafar yaqinlari Saudiya Arabistoni hisobidan haj ziyoratini amalga oshirishini tashkillashtirish haqidagi farmonga imzo chekdi.
ArabNews xabariga ko‘ra, bu haqda Saudiya Arabistonining Islomiy ishlar vaziri Abdullatif ibn Abdulaziz ma’lum qilgan.
Saudiya Arabistonining Yangi Zelandiyadagi elchixonasi Kraystcherch teraktni qurbonlarining yaqinlaridan hajga boradiganlarning ro‘yxatini tuzmoqda. Xususan, “Nur” masjidida to‘qqizta o‘qdan yaralangan, lekin omon qolgan Temel Atako‘g‘li ham hajga taklifnoma oldi.
Yangi Zelandiya musulmonlari odatda hajga borish uchun 15 ming dollar to‘lashadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Qashqadaryoda 15 juft yoshlarning nikoh va 160 nafar bolajonning sunnat to‘ylari o‘tkazib berildi.
Prezidentimizning e’tibori va tashabbusi bilan o‘tkazilgan nikoh va sunnat to‘yini viloyat hokimi Murotjon Azimov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Unda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, faxriylar, ziyolilar ishtirok etib, to‘y sohiblari va homiylari haqqiga xayrli duolar qilishdi.
Murotjon Azimov: "To‘y sababchilariga o‘zimizning samimiy tilaklarimizni bildiramiz. To‘ybolalarimiz ota-onalariga faqat obro‘ va rahmat yetkazadigan, Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun sadoqat bilan xizmat qiladigan mard va olijanob yigitlar bo‘lib yetishsinlar!
Yoshlarimiz qurayotgan oilalar mustahkam bo‘lsin, kelin-kuyovlarimiz baxtli-taxtli bo‘lib, qo‘sha qarishsin!".
To‘y munosabati bilan kelin-kuyovlarga zamonaviy televizor va 5 mln. so‘mlik sertifikat hamda sunnat to‘yi bo‘layotgan bolajonlarning har biriga velosiped va 1 mln. so‘mlik moddiy yordam berish haqidagi hujjat taqdim etildi.
Ushbu to‘y yoshlarimizning ijtimoiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ularni oilaviy hayotga munosib kirishishga yordam beradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati