Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Fevral, 2025   |   6 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:10
Quyosh
07:30
Peshin
12:42
Asr
16:03
Shom
17:47
Xufton
19:02
Bismillah
05 Fevral, 2025, 6 Sha`bon, 1446

MO‘MIN VAZIFASINI BЕKAMU KO‘ST BAJARADI

19.07.2019   2818   6 min.
MO‘MIN VAZIFASINI BЕKAMU KO‘ST BAJARADI

"Musulmonlar bir jonu bir tan kabidirlar. Agar a’zolaridan birortasi dard cheksa, qolgan butun jasadi unga bedorlik bilan hamdard bo‘ladi. Mo‘min kishilar ham bitta vujud ka­bidirlar. Agar uning boshi og‘risa, hamma yog‘i og‘riydi va agar ko‘zi og‘risa ham uning hamma yog‘i dard chekadi"[1].

Musulmon kishi tanasining haqqi va ehtiyojlarini ado etgani kabi birodarlarining ham haq-huquqlariga rioya qilishi kerak.

Mo‘min-musulmonlar bir-birlariga rahmu shafqat, marhamat qilishlari, yordam berishlari, ularning mushtarak vazifalaridan bo‘lib, bu yordam gunoh ishlarda emas, balki haq va iymon yo‘lida bo‘lishi lozim, albatta. Kasallarni ziyorat qilish, mo‘minlarning janozalarida qatnashish, muhtoj mo‘minlarga imkon qadar himmat qo‘lini uzatish, xizmatchisidan tortib qo‘ni-qo‘shni, qavmu qarindosh, yoru birodarlar, hatto hayvon va parrandalarning ham haqlariga rioya qilish – mo‘min kishi to‘la-to‘kis bajarishi zarur bo‘lgan amallardandir. Chunonchi, tanamizdagi har bir a’zoning o‘z vazifasi bor. Agar bir a’zo ishdan chiqsa, vujud salkam yaroqsiz holga keladi. Bir nechtasi ishdan chiqsa-chi? Masalan, ko‘z ko‘rmasa, quloq eshitmasa, qo‘l-oyoq ishlamay qolsa, bu vujudning ne qiymati bor?

Har bir a’zoning o‘ziga yarasha vazifasi bo‘lganligidan bir-birining o‘rnini bosa olmaydi. Biz bu a’zolarning qadriga yetib, haqlarini ado etmog‘imiz, shukrini keltirmog‘imiz lozim. Kishining ko‘zi og‘riganida malham qo‘yishga zarurat tug‘ilgani kabi, boshqa odamlarning ham haqqini ado etish vazifasi bor. Har bir inson o‘zi mas’ul bo‘lgan vazifasini bekamu ko‘st bajarishi bilan jamiyatda uyg‘unlik paydo bo‘ladi. Aks holda birgina a’zoning shikastlanishi bilan tana zaiflashgani kabi jamiyat ham mutanosiblikni yo‘qotadi, zaiflashadi.

Insonlar ustida vazifani to‘g‘ri bajarishga harakat qilish iymon va Islomning talabidir. Keksalarni, ayniqsa ota-onani alohida e’tibor bilan hurmat qilish, kichiklarga shafqat, marhamatini ayamaslik, muboh va gunoh bo‘lmagan xususlarda oqsoqollarga bo‘ysunib, o‘zaro birlikni saqlash, ushbu hadisning talablaridir. Agar jamiyatning o‘zagini tashkil etuvchi a’zolarning ittifoqi mustahkam bo‘lsa, hamma bir-biriga insoniy va birodarlik yordam qo‘lini cho‘zadi, bir-biridan hol-ahvol so‘raydi.

Dinimizning ilk davrlarida farzandlar ota yoki ona vafot etishini musibat deb bilmas edilar. Chunki atrofidagi musulmonlar ularga yordam qo‘lini cho‘zganlar, lutf-ehsonlar qilganlar. Ular bu yaxshiliklarning ayrimlarini hayot davrla­rida, hatto ota-onalaridan ham ko‘rmagan edilar. Mana shu narsa ham musulmonlikdagi o‘zaro hamjihatlikning yorqin namunasidir.

O‘zaro mehru muhabbat, marhamat, lutfu ehson va yordamlashuvning noqisligi Islom hamjihatligining zaifligi yoki umuman mavjud emasligining belgisidir. Chunonchi, bir binodagi tosh, temir, taxta, qum, sement va boshqa moddalar bir-biri bilan mahkam chirmashib turar ekan, bino ham mustahkam demakdir. Qachonki ularning o‘zaro bog‘liqligiga putur yetguday bo‘lsa, tosh, temir, qum bir-biridan ajrala boshlasa, u mustahkam bino yemirilishga yuz tutadi. Shunga o‘xshab, mo‘min kishilar ham bir-birlaridan uzoqlashsalar, parokanda bo‘lsalar, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lsa, o‘sha bino singari vayron bo‘ladi.

Sevimli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning "Iymon ahli bir tan, bir jondir" hadisi shariflari ham bunga yorqin dalildir. Bizlar o‘zaro jipslashsak, ittifoq bo‘lsak, ana shundagina hurriyatga, shonu sharafimizga erishamiz. Aksincha, iymon va Islom birdamligi zoye bo‘lsa, hamma o‘z nafsini o‘ylayversa, o‘zgalarga qul-asir bo‘lib, ozodlik ne’matidan mahrumligimizcha qolaveramiz. Zolimlar bizni insoniy hududlardan chiqib ketishga majbur kiladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilarki:

"Insonlarga shunday bir zamon (oxirzamon) keladiki, mo‘min kishi qo‘ydan ham tubanlashadi"[2]. Qo‘y cho‘ponning qo‘lida qanchalik zabun, mahkum va nochor bo‘lsa, mo‘min kishi ham iymon va Islomning haqiqatini yo‘qotdimi, bas, ongsiz jonivor – qo‘yga aylanadi. Sherigini so‘ysalar ham, parvoyi palak, o‘tlab yuraveradi.

Aziz birodar! Insonning bir a’zosini biron sababdan kesmoqchi yoki jarrohlik qilmoqchi bo‘lsalar, xastalangan a’zoga og‘riqni sezdirmaydigan igna uriladi. Shundan keyin u a’zo tanadagi boshqa a’zolardan butunlay ajraladi, hech bir a’zo unga hamdardlik bildirmaydi va nihoyat kesiladi. Ushbu a’zolardagi asab tolalarini o‘ldirish bilan badan og‘riq sezmaydi. Sezgi hissining o‘ldirilishi bilan ma’naviyatning o‘ldirilishi orasida hech farq yo‘q. Biri modda bilan o‘ldiriladi, ikkinchisi ruhiy tuyg‘ular orqali.

Alloh taoloning borligi va birligiga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qayta tirilishga, jannat va jahannamga, mezonga, sirotga ishonmaslik, Qur’oni karimning buyruqlari va Rasulullohning sollallohu alayhi vasallam sunnati saniyyalariga ergashmaslik yoki inkor etish tufayli bandaning ruhi butkul sinadi. Iymon va Islom tushunchalarini idrok etish shuuridan ham mahrum bo‘ladi. Ruhiy-ma’naviy hissi tamoman o‘ladi. Ana shunda qo‘li yoki oyog‘i kesilganda og‘riq sezmaydigan bemorga aylanadi. Alloh sakdasin! Ma’lum vaqtdan so‘ng bemor o‘ziga keladi. Og‘riklarni his eta boshlaydi. Ammo asl ruhiyatini yo‘qotgan bechoraning o‘ziga kelishi, g‘aflatni tark etib iymonga yopishishi, hayotda kam uchraydigan ba’zi bemorlarning o‘limdan qutulib qolgani kabidir.

Qur’oni karimda dinsiz, iymonsiz kimsalar eng tuban kimsalar deb sifatlangan: "...Kofir kimsalar jahannam o‘tida bo‘lib, o‘sha joyda mangu qolurlar! Ana o‘shalar eng yomon maxluqdirlar”. Endi bunday bedin, beiymonlarning orqasidan ergashganlarga nima deyish kerakligani o‘zingiz ayting?

Mo‘min-musulmonlar qanchalik tarqoq, bir-birlaridan qay daraja uzoq bo‘lmasin, ular baribir yakvujuddirlar. Bir-birlarining yordamiga shoshish, bir-birlarini har taraflama muhofaza qilish barcha musulmonlarning bo‘ynidagi vazifadir.

Bir insonning qo‘li yoki boshqa joyi kesilsa, qattiq og‘riydi. Bu og‘riq, kesilgan a’zodagi birlikning buzilishidan kelib chiqadi. Chunki kesilgan a’zo ikkiga bo‘linadi. Yara bitgunga qadar davom etgan og‘riq yaraning bitishi va yangidan birlashuvi natijasida yo‘qoladi. Darhakiqat, quvvat birlikdadir. Chunki dinimizning asosi yakka e’tiqod – tavhiddir: La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh. Alloh taolo barchamizni bu yo‘ldan adashtirmasin!

 

Shayx Muhammad Zohid Qo‘tquning

“Mo‘minning sifatlari” kitobidan

 

[1] “Ramuz al-ahodis” 236/2 roviy hazrati No‘mon ibn Bashir (r.a.).

[2] “Jomi’ as-sag‘ir” 2/178, roviy hazrati Anas ibn Molik (r.a.).

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Taroveh mus'hafining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

5.02.2025   1045   1 min.
Taroveh mus'hafining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Kecha «Hilol Nashr» nashriyotining majlislar zalida yangi chop etilgan taroveh mus'hafining (https://hilolnashr.uz/taroveh-musxafi-27-29) taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda kitobni nashrga tayyorlagan ustoz Hasanxon Yahyo Abdulmajid qori, Abdulhakim qori Matqulov va bir qancha qorilar mehmon bo‘ldilar.
 

Suhbat avvalida ustoz Erkin Malik Hasanxon Yahyo Abdulmajidni yangi kitob bilan tabriklab, tadbirni ochib berdilar. Keyin esa Hasanxon qori Qur’oni Karimning mus'haf holiga keltirilishi, juz, hizb kabi qismlarga bo‘linishi, taroveh mus'hafining tayyorlanish jarayoni va unda ishlatilgan belgilar haqida so‘zlab berdilar.
 

So‘ng an’anaga ko‘ra, kitobxonlar bilan savol-javob o‘tkazilib, to‘g‘ri javob topganlarga taqdimoti bo‘layotgan kitob − taroveh mus'hafi hadya qilindi.


Keyin Hasanxon Yahyo Abdulmajid navbatdagi xushxabar − quran.uz sahifasidagi o‘n qiroat bo‘yicha yangilik bilan o‘rtoqlashdilar. Endilikda ushbu sahifa orqali Qur’oni karimni 10 xil qiroat va 20 xil rivoyatda o‘qish va tinglash mumkinligini taqdimot yordamida tushuntirib berdilar.


So‘ng ustoz qorilardan Abdulhakim Matqulov Hasanxon Yahyo Abdulmajidni mus'hafning yangi nashri bilan qutlab, kelgusi ilmiy faoliyatlariga baraka tiladilar.


Kelgan mehmonlarga nashriyotning esdalik sovg‘alari ulashildi.


Ahmad Rizo qori va Abdulbosit qori Qobilovning tilovatlari hamda Abdulhakim qori Matqulovning xayrli duolari bilan tadbir nihoyasiga yetdi.


@hilolnashr

Taroveh mus'hafining taqdimoti bo‘lib o‘tdi Taroveh mus'hafining taqdimoti bo‘lib o‘tdi Taroveh mus'hafining taqdimoti bo‘lib o‘tdi Taroveh mus'hafining taqdimoti bo‘lib o‘tdi Taroveh mus'hafining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari