Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Fevral, 2025   |   12 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:04
Quyosh
07:23
Peshin
12:42
Asr
16:10
Shom
17:55
Xufton
19:09
Bismillah
11 Fevral, 2025, 12 Sha`bon, 1446

Nega yolg‘on gapiramiz?

19.07.2019   6973   5 min.
Nega yolg‘on gapiramiz?

Nega yolg‘on gapiramiz?

 

Ma’lumki, yolg‘on gapirish Dinimizda og‘ir gunohlardan deb e’lon qilingan. Yolg‘on arab tilida «kizb» deyiladi va lug‘atda rostning teskarisini anglatadi. Yolg‘on gapirish gunoh bo‘lgani uchun uni gapirgan odamning qalbiga qora dog‘ tushadi. Yana yolg‘on gapirsa, yana tushadi. Agar kishi yolg‘onni to‘xtovsiz gapiraversa, qalbini qora dog‘ qoplab olib, keyin gunoh qilsa, o‘sha gunoh burniga pashsha qo‘nganchalik ta’sir qilmaydigan bo‘lib qoladi. Bundan tashqari u “kazzob” deb yozib qo‘yiladi. Gunoh qalbni o‘rab olishi haqida Alloh taolo bunday degan:

كَلَّا بَلْ رَانَ عَلَى قُلُوبِهِم مَّا كَانُوا يَكْسِبُونَ

“Yo‘q! Ularning qilgan kasblari qalblariga mog‘or bo‘lib o‘rnashib qolgan, xolos” (Mutoffifun surasi, 14-oyat).

 

Xo‘sh, yolg‘onni kim gapiradi?

Alloh taolo yolg‘on gapni kimlar gapirishini, kimlar to‘qishini bayon qilib shunday marhamat qilgan:

إِنَّمَا يَفْتَرِي الْكَذِبَ الَّذِينَ لاَ يُؤْمِنُونَ بِآيَاتِ اللّهِ وَأُوْلـئِكَ هُمُ الْكَاذِبُونَ

“Yolg‘onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to‘qirlar. Ana o‘shalar o‘zlari yolg‘onchilardir” (Nahl surasi, 105-oyat).

Bu oyatda Allohning oyatlariga iymon keltirmaydigan kishilargina yolg‘on gap to‘qishlari bayon etilmoqda. Yolg‘on gapirayotgan kishilar bu haqida o‘ylab ko‘rsinlar, ko‘zlarini ochsinlar! 

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Qachonki bir banda yolg‘on gapirsa, farishta u gapning sassiqligi uchun u bandadan bir mil masofaga uzoqlashadi”, dedilar.

Tasavvur qiling, kishini muhofaza qilib turadigan, undan hech ajralmaydigan farishtalar yolg‘onchidan uzoqlashar ekanlar. Bu juda qo‘rqinchli holat. Boshqacha qilib aytganda, yolg‘onchining farishtasi bo‘lmaydi.

Alloh taolo yana bir oyatda bunday deb marhamat qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ اتَّقُواْ اللّهَ وَكُونُواْ مَعَ الصَّادِقِينَ

“Ey iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo‘linglar” (Tavba surasi, 119-oyat).

Demak, inson nafaqat o‘zi yolg‘on gapirmasligi kerak, balki uning do‘stu ulfatlari ham rostgo‘y kishilar bo‘lishi kerak. Chunki, suhbatdoshning, atrofdagi muhitning ta’siri bor bo‘lib, yolg‘onchilar davrasida yolg‘on gapirishga moyillik kuchli bo‘ladi. Rostgo‘ylar bilan birga yurganda esa, inson rostgo‘y bo‘lib boradi, mabodo yolg‘on gapirsa ham, rostgo‘y do‘stlari darhol uni isloh qilishga urinadilar.

 

Inson nima uchun yolg‘on gapiradi?

Boshqalarga ozor bermaslik uchun.

Ba’zida inson yaqinlarining dilini og‘ritmaslik, og‘riqli haqiqatni aytmaslik uchun ularga yolg‘on gapiradi.

Boshqalarning e’tiborini jalb etish uchun.

Kishi odamlarning e’tiborlarini o‘ziga qaratish, barchaning diqqat markazida bo‘lish uchun o‘zi haqida yolg‘on so‘zlar ishlatadi.

Maqtanish, faxrlanish uchun.

Ba’zida inson o‘zini ilmli, obro‘li qilib ko‘rsatish, zakovati o‘tkirligini namoyon etish va boshqa yutuqlari borligini barchaga bildirish uchun yolg‘on aralashtirib gapiradi.

Foydani jalb qilish uchun.

O‘zining ishonchli, vafodor, omonatdor kishi ekanligini urg‘ulash va shu orqali odamlarning ishonchiga kirish, ulardan biror narsa olish ilinjida yolg‘on gapiradi.

Boshqalar bilan hamfikr ekanini bildirish uchun.

Ba’zan inson suhbatdoshining gaplari va qarorlariga hamfikr bo‘lmasa ham, u bilan adovatga bormaslik yoki undan biror narsa tama’ qilib, “Gaplaringiz to‘g‘ri, men ham sizning fikringizga qo‘shilaman” deb yolg‘on gapiradi. Aslida ichida uning gaplariga qo‘shilmayotgan bo‘ladi.

O‘ch olish uchun.

Ba’zida inson dushmanidan o‘ch olish maqsadida uni yomonlovchi, obro‘sini tushiruvchi, odamlar qalbida unga bo‘lgan ishonchni so‘ndiruvchi yolg‘on gaplarni gapiradi.

O‘zidan ozorni uzoqlashtirish uchun.

Ba’zida kishi rost gapirsa, o‘ziga qandaydir ziyon yetishidan qo‘rqib, o‘sha o‘rinda yolg‘on ishlatadi.

Odatlanib qolgani uchun.

Ba’zi odamlar yolg‘on gapirishga odatlanib qolganlari uchun umumiy holatlarda ham yolg‘on gapiradilar.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: “Munofiqning belgisi uchta: gapirsa, yolg‘on so‘zlaydi, va’da qilsa, xilof qiladi va omonat ishonib topshirilsa, unga xiyonat qiladi”.

Demak, yolg‘on gapirgan odam munofiqlikning uchdan birini qilgan bo‘ladi.

Imom Ahmad ibn Hanbal Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Kim bir go‘dak bolaga “mana buni ol” desa-yu, hech narsa bermasa, u odam yolg‘onchi bo‘ladi”, deydilar.

Farzandlarimizga biror narsa va’da qilayotganimizda shu hadis esimizda tursin! Biror narsa olib kelaman dedikmi, o‘shani, albatta, olib kelishimiz kerak. Aks holda biz yolg‘onchi bo‘lamiz.

 

Yolg‘on gapirish oqibatlari

  • Yolg‘onchi odam Allohning g‘azabiga duchor bo‘ladi.
  • Yolg‘onchi odam Allohdan uzoq kimsa bo‘ladi.
  • Yolg‘onchilik mo‘minlikka xos bo‘lmagan amaldir.
  • Yolg‘on gapirish munofiqlik belgisidir.
  • Yolg‘onchi jamiyatdagi ishonchsiz kimsa bo‘ladi.
  • Yolg‘onchiga hech kim ishonmaydi.
  • Yolg‘onchi odamlar orasida sharmanda bo‘lib, insonlarning nazaridan chetda qoladi.
  • Yolg‘onchining farzandlari ham yolg‘onni o‘rganib tarbiya topadilar.

Alloh taolo barchamizni yolg‘on gapirishdan va yolg‘onchilarga sherik bo‘lishdan asrasin!

 

Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jigarni quritadigan ichimlik

7.02.2025   6568   1 min.
Jigarni quritadigan ichimlik

So‘nggi paytlarda yoshlar orasida energetik ichimliklar ichish odat tusiga kirdi. Shifokorlar tetiklashtiruvchi bunday ichimlik­larni sog‘lik uchun juda xavfli ekanini ta’­kidlashmoqda.

Energetik ichimliklar 1960 yili Yapo­niyada tibbiyotda dori vositasi sifatida kashf qilingan. Dastlab inson salomatligi uchun zararsiz deb hisoblangan ichimlik asta-sekin ommalashib, tijoratga aylanib ketdi. So‘ngra uning tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalar qo‘shildi.

2014 yilga kelib Jahon sog‘liqni saq­lash tashkiloti dunyoda voyaga yetmagan o‘s­mirlarning energetik ichimlikni ko‘p is­te’mol qilishi xavfli ekanini e’lon qildi. Shu sababdan ko‘p mamlakatlarda bu ichimlikka taqiq qo‘yildi.

Salomatlik uchun aso­siy xavflar shakar va ko­fein miqdorining yuqori­ligidir. Energetik­larda esa, kofein 100 ml uchun 30–50 mg bo‘ladi. Ba’zilarida 100 mggacha oshishi mumkin. Bu oddiy qahva (12 mg)dan 8 baravar ko‘p. Energetik ichimliklarni muntazam iste’mol qilish tushkunlikka tushish ehtimolini oshiradi.

“Energetik ichimliklarni muntazam ra­vishda iste’mol qilish yurak xurujini oshiradi, asab tizimini susaytiradi va giyohvandlikka olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, qon bosimini ko‘tarish xavfi bor. Masalan, bitta idishdagi energetik ichimlikda 27 choy qoshiq shakar bor. Agar siz bu ichimliklarni ichsangiz, kelajakda qandli diabet va boshqa og‘ir kasalliklarga duch kelishingiz muqarrar”, deydi mutaxassislar.

Ayrim ishlab chiqaruvchilar bu ichimliklarga hayvonlar aminokislotalariga o‘xshash bo‘lgan taurin moddasini qo‘shadi. Bu modda yurak mushaklarining ishlash jarayonini tezlashtiradi.

Energetik ichimliklar tarkibida shakar miqdori me’yoridan ancha yuqori. Shu bois bir shisha energetik ichimlik ichgan kishi jigari qattiq zo‘riqadi. Energetik ichimliklarni muntazam ichish jigar qu­rishiga olib keladi.