Allohga hamd, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Allohning salotu salomi bo‘lsin!
Sunnatni bizga sof holida yetkazgan sahoba, ahli bayt va olimlardan Alloh rozi bo‘lsin!
Salafu solihlar yo‘lidan yurish, ularning ta’limotiga amal qilish eng sharafli maslakdir. Zero, ular bizdan ko‘ra Allohning kalomi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yaxshiroq bilishgan.
Ming afsusklar bo‘lsinki, so‘ngi yillarda salaflar yo‘lidan yurish da’vosi bilan ummat orasiga tafriqa soladigan toifalar chiqib qoldi. Ular o‘zlarini salafiy deb atab, avom xalqni mazhabga ergashishdan qaytarmoqda.
Keling ularning ba’zi da’volarini ilmiy va mantiqiy tahlil qilib ko‘ramiz. Zero, har bir da’voni ilmiy o‘rganib, keyin uni qabul qilish dinimizning ta’limoti hisoblanadi.
Ular aytadi: «Alloh bizni birovning fikriga ergashib ibodat qilishga buyurmagan. Shuning uchun, mazhab imomiga ergashishimiz shart emas».
Bu da’volari Qur’on oyatlariga ziddir. Chunki Alloh taolo bilmagan narsalarimizni olimlardan so‘rab, unga amal qilishga buyurib, shunday degan:
«Bilmasangiz, zikr ahlidan (ya’ni olimlardan) so‘ratng». (Nahl, 43).
Ushbu oyatda Alloh taolo bizlarni olimlardan so‘rashga va ular aytgan ko‘rsatmaga amal qilishga buyurmoqda.
Yana boshqa bir oyatda, Qur’on va hadisdan hukm chiqara oladigan mujtahidlarga ergashishga targ‘ib qilib shunday degan:
«Qachonki ularga eminlik yoki haq to‘g‘risida bir ish – xabar yetsa, uni har qayoqqa tarqaturlar. Agar uni Rasulga va o‘zlaridan bo‘lgan ishboshilarga havola qilganlarida edi, ulardan ishning negizini biladiganlari uni anglab yetar edilar». (Niso, 83).
«Ishning negizini biladiganlar» deb tarjima qilingan so‘z arab tilida istinbot deb nomlanadi. Ya’ni istinbot qila oladigan mujtahidlarga havola qilishsa, xato qilmagan bo‘lishadi, deyilmoqda.
Demak, ijtihod qilish darajasiga yetmagan har bir odam, garchi u arab tilini yaxshi bilib, oyat va hadislarning ma’nosini tushunsada, mujtahid imomga ergashishi shart.
Ularning yana bir da’vosi: «Bitta mazhabga ergashib ibodat qilishdan ko‘ra, har bir mazhabdagi to‘g‘ri fikrlarni olib, ibodat qilamiz».
Ularning bu da’vosi kishini fosiqlikka olib boradi. Tasavvur qilib ko‘ring, ayol kishiga qo‘li tekkan kishining tahorati buzilish yoki buzulmasligi borasida, imom Shofeiy rahmatullohi alayhning «Tahorati buziladi», degan so‘zini olmasdan, Abu Hanifa rahmatullohi alayhning: «Tahorati buzilmaydi», degan so‘zini olsa, shuningdek, badandan qon chiqish masalasida imom A’zamning: «Tahorati buziladi», degan so‘zini olmasdan, Shofeiyning: «Tahorati buzilmaydi», degan so‘zini olsa, bunda inson o‘ziga qulay yo‘llarni qidirib, dinda fosiq bo‘lib qolmaydimi?! Har bir mazhabdan terib, terib amal qilish talfiq ya’ni beqarorlik deyiladi. Bunday yo‘lni tutgan inson haromni halolga, haromni halolga, makruhni, mubohga, mubohni makruhga chiqaradigan dini sust insonga aylanadi.
Ularning yana bir da’vosi «Mazhabga emas, salaflarga ergshashish kerak». Mana shu so‘zni aytayotgan salafiyga: «Bu fikrga qayerdan kelding», deb savol bersangiz, u: «Alboniy, Usaymin va Ibn Bozlarning ma’ruzasidan yoki kitobidan o‘qib shu fikrni aytganlarini eshitdim», deydi. Farazan to‘rt mazhab imomiga ergashmay, salaflarning yo‘lidan yuradigan bo‘lsak, o‘sha salaflarning so‘zini, yo‘lini qanday topamiz, desak, salafiylar: «Alboniy, Usaymin, Ibn Boz va boshqa olimlar o‘z kitoblari va ma’ruzalarida salaflar yo‘lini bayon qilib, fiqhiy masalalarni aytishgan. Biz o‘shanga amal qilsak bo‘ldi», deydi. Biz shunda u salafiyga: «Demak, sen ham salaflarning emas, o‘sha Alboniylarning yo‘liga ergashayatgan ekansanda», deymiz. Aslida, imom A’zamga ergashish salaflar yo‘lini mahkam tutishdir. Chunki, imom A’zam tobein ya’ni salaf bo‘lganlar. Shuningdek, qolgan uch mazhab imomi Alboniy, Usaymindan ko‘ra salaflar davriga yaqin yashagan va ularning yo‘lini bulardan ko‘ra yaxshi bilgan.
Salafiylik da’vosi bilan faoliyat olib borayotgan toif mazhabsizlikka chaqirish bilan, aslida o‘zlari bir mazhabni paydo qilgan va ummatning tafriqa va bo‘linishiga sabab bo‘lgan.
Ular aytgan da’voning ya’ni mazhab imomlarining birortasiga ergashmasdan ibodat qilish kerak, degan so‘zning imkoni yo‘q. Chunki qaysi bir fiqhiy masalani yechishga urunmasin, albatta to‘rt imomdan birining so‘zini olishga majbur. Shunday ekan, bu asosi yo‘q da’volarni chetga surib, bir ming ikki yuz yildan beri davom etib kelayotgan to‘rtta mazhabning biriga ergashib, ibodatlarni ado qilish eng to‘g‘ri va salaflar yo‘lini mahkam tutish hisoblanadi.
Alloh barchamizni to‘g‘ri yo‘lgan boshlasin!
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
“Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi
Kishining ma’rifati yuksalgani sari undagi farosat nuri ham kuchayib boraveradi. Farosat – kishida tez va to‘g‘ri fahmlay olish qobiliyati, zakovat, diddir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqinglar. Chunki u Allohning nuri ila qaraydi”, deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ulamolarimiz ushbu hadisni sharhlab: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing” ya’ni ma’siyatlarning oshkorasidan ham, maxfiysidan ham saqlaninglar. Ehtimol, mo‘min kishi qilayotgan gunohlaringizni basirat ko‘zi ila ko‘rib turar, natijada uning oldida izza bo‘lasizlar. Chunki komil mo‘min sizlar yashirayotgan narsaga Alloh taolo ato etgan qalb ko‘zi bilan nazar soladi va haqiqatni his etadi”, deyishgan.
“Tuhfatul oliy” kitobida farosat uch xil – iymoniy, riyoziy va xalqiy bo‘lishi ta’kidlangan.
Iymoniy farosat – banda qalbiga Alloh taolo solgan nuridir. Ushbu farosat iymon quvvatiga ko‘ra turlicha bo‘lib, iymon qanchalik kuchli bo‘lsa, farosat ham shuncha o‘tkir bo‘ladi. Ulamolar bunga misol qilib, Usmon roziyallohu anhuning hayotida sodir bo‘lgan voqeani keltiradilar.
Bir kishi hazrat Usmon roziyallohu anhuning huzuriga kelayotib, yo‘lda bir nomahram ayolga qarab qo‘ydi. Hazrat Usmon:
– Biringiz ko‘zlaridagi gunoh asorati bilan kirib kelmoqda, – dedi. Haligi kishi hayrat-la:
– Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan keyin ham vahiy bormi?! – deya g‘alati ahvolga tushib qoldi. Usmon roziyallohu anhu:
– Yo‘q, lekin sodiq farosat bor, – dedilar.
Riyoziy farosat – to‘yib taom yemaslik, bedorlik va aqliy mashg‘ulotlar bilan ko‘p shug‘ullanish orqali hosil bo‘lib, narsalarning haqiqatini anglash to‘g‘risidagi ma’lum bir tushuncha yuzaga keladi. Ushbu farosat faqat mo‘min kishiga xos emas, balki mazkur riyozatlarni chekkan boshqa insonlarda ham bo‘lishi mumkin. Chunki bu farosat iymonga ham, valiylikka ham dalolat qilmaydi. Shuningdek, faqat xaqiqatni ham, to‘g‘ri yo‘lni ham ko‘rsatib bermaydi.
Xalqiy farosat – Alloh taoloning hikmati taqozo qilgan narsalardan xulosa chiqarish iste’dodi.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari shogirdlariga dars berib turganida majlisga bir yigit kirib keladi-da, iltifotsizlik bilan: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing. Chunki u Allohning nuri bilan qaraydi”, degan hadisning mazmunini so‘raydi. Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari unga: “Bu hadisning ma’nosi shuki, bo‘yningdagi xochni yechgaysan”, deydi. U xochi borligini inkor qildi. Shunda ustozning ishorasi bilan shogirdlar uning to‘nini yechishganda, xochi ko‘rinib qoladi va siri fosh bo‘ladi. U mazkur hadisning isbotini ko‘rgani bois iymonga kelib, Islomni qabul qiladi.
Imom Shofe’iy va Imom Muhammad ibn Hasan rahimahumalloh Masjidi Haramda o‘tirishsa, bir notanish kishi masjidga kirib keldi. Shunda Imom Muhammad uning yurishi va o‘zini tutishiga qarab: “Bu odam duradgor bo‘lsa kerak”, dedi. Imom Shofe’iy esa: “Menimcha, bu odam temirchi-yov”, dedi. Shunda o‘sha odamni o‘zidan so‘ralgan edi: “Men avval temirchi edim, ayni paytda duradgorlik qilmoqdaman”, deb javob beradi (“Risolatul Qushayriya”). Ya’ni, har ikki olim ham farosatlarining o‘tkirligidan notanish kishining kasbini aniq topa olishgan.
Shuningdek, ulug‘larning maqomi va ehtiromini o‘z o‘rniga qo‘ya olish ham kishining farosatidan sanaladi. Masalan, bir kishi Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhudan: “Siz kattamisiz yoki Rasulullohmi?” deb so‘radi. Shunda u zot: “U zot mendan kattalar, lekin men u zotdan avvalroq tug‘ilganman”, – deb javob bergan.
Kishi suhbatdoshiga malol kelmaydigan tarzda ta’lim berishi ham farosatdir. Masalan, bir kishi Abdulloh ibn Muborak rahimahullohning oldida aksa urdi va sunnatga muvofiq hamd aytmadi. Shunda Abdulloh ibn Muborak odob bilan o‘sha odamdan savol so‘rovchi talabadek: “Taqsir, kishi aksa urganda sunnatga ko‘ra nima deydi?” deb so‘radi. Haligi odam: “Alhamdulillah”, dedi. Shunda u zot: “Yarhamukalloh” deya javob qaytardi.
Farosatni ziyoda qilish uchun har ishda dinimizga amal qilish zarur. Ibn Shujo’ Kirmoniy rahimahulloh bunday deydi: “Kim zohirini sunnatga ergashish bilan, botinini Allohning muroqabasi (nazoratini yodda saqlashi) bilan obod qilsa, ko‘zini haromdan to‘ssa, nafsini ortiqcha istaklaridan tiysa, halol luqmaga odatlansa, farosati o‘tkirlashadi” (“Hilyatul avliyo”).
Bugungi kunda farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga, ularning yuksak farosat sohiblari bo‘lib kamol topishlariga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratishimiz darkor. Buning uchun, avvalo, o‘zimiz ham, farzandlarimiz ham kitob mutolaasiga odatlanishimiz, ilm-ma’rifat egallash harakatida bo‘lishimiz lozim. Zero, Imom Abu Homid G‘azzoliy: “Ilmning ko‘payishi, ma’rifatning kengayishi – tafakkur mevasidir”, degan.
G‘ulomiddin XOLBOYEV,
O‘zMI Fatvo markazi direktor o‘rinbosari