Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446

Qirol mehmonlari bilan uchrashuv

18.07.2019   3616   1 min.
Qirol mehmonlari bilan uchrashuv

“Zuyuful malik” – “Qirol mehmonlari” har yilgi haj va umra mavsumi mobaynida Saudiya Arabistoni qiroli tomonidan dunyoning turli davlatlaridan taklif etiladigan ziyoratchilar hisoblanadi.

Mana, bir necha yildir-ki, diniy-ma’rifiy sohada uzoq yil xizmat qilgan, elu yurt oldida obro‘ e’tiborga ega bo‘lgan yurtdoshlarimiz muborak haj va umra ziyoratini “Zuyuful malik” – “Qirol mehmonlari” sifatida ado etib kelishmoqda. Bu yilgi Haj-2019 mavsumida ham “Qirol mehmonlari” sifatida Haj ibodatini ado qilish uchun diniy-ma’rifiy sohada uzoq yil xizmat qilgan 10 nafar yurtdoshimiz Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketish taraddudini ko‘rishmoqda.

Kecha, 16 iyul kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada ular bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda ziyoratchilarimiz uchun muborak safar davomida e’tibor berish kerak bo‘lgan muhim jihatlar, kerakli tavsiya va maslahatlar berilgan. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
matbuot xizmati xabar berdi.

“Qirol mehmonlari” haj ibodatini ado etish bilan birga, Madinai munavvara va Makkai mukarramadagi muborak maskanlarga ziyoratga borishadi hamda e’tiborli shaxslar bilan uchrashadilar. Uchrashuv so‘ngida muborak safarga otlangan ziyoratchilarimiz muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan olib borilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar natijasi o‘laroq, diniy sohada uzoq yil xizmat qilgan xodimlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnun ekanliklarini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, “Qirol mehmonlari”ning Haj safari joriy yilning 3 avgust kunidan 16 avgust kuniga qadar davom etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Imom Moturidiyga qanday unvonlar berilgan?

28.04.2025   7681   1 min.
Imom Moturidiyga qanday unvonlar berilgan?

Ilgari musulmonlar ayrim ulamolarni ulug‘lab, “Shayxul Islom” (Islom dini shayxi), “Faxrul Islom” (Islom dini faxri), “Hujjatul Islom” (Islom dini hujjati), “Najmul ulamo” (Ulamolar yulduzi), “Muftiy saqolayn” (Insu-jin muftiysi), “Lisonul mutakallimiyn” (Mutakallimlarning so‘zlovchi tili) kabi unvonlar bilan ataganlar. Bunday atash aslo mubolag‘a bo‘lmagan. Balki u muhtaram ulamolar haqiqatdan ushbu unvonlarga loyiq bo‘lganlar. Masalan, “Shamsul aimma” (Imomlar quyoshi) unvoni berilgan Saraxsiy rahmatullohi alayh o‘n ikki ming risolani yod olgani naql qilingan.

Abu Mansur Moturidiyni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan u zotning martabalarini namoyon etuvchi ko‘plab unvonlar berilgan:  

–      Imomul hudo (To‘g‘ri yo‘lga boshlovchi);

  • Imomul mutakallimiyn (Kalom ilmi olimlari peshvosi);
  • Musahhihu aqoidil muslimiyn (Musulmonlarning aqidalaridan xatolarni tuzatuvchi);
  • Roisu ahli sunna val jamoa (Ahli sunna val jamoa boshlig‘i);
  • Nosirus sunna va qomi’ul bid’a (Sunnatni himoya qiluvchi va bid’atlarni bostiruvchi);

–  Muvattidu aqoidi ahlis sunna (Ahli sunna aqidalari asoschisi).

Abu Mansur Moturidiyning mazkur unvonlari ham aslo mubolag‘a emas, balki u zot haqiqatan shu martabaga loyiq zot bo‘lganlar.

Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.   

Abdulqodir Abdur Rahim,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
katta o‘qituvchisi.