“Zuyuful malik” – “Qirol mehmonlari” har yilgi haj va umra mavsumi mobaynida Saudiya Arabistoni qiroli tomonidan dunyoning turli davlatlaridan taklif etiladigan ziyoratchilar hisoblanadi.
Mana, bir necha yildir-ki, diniy-ma’rifiy sohada uzoq yil xizmat qilgan, elu yurt oldida obro‘ e’tiborga ega bo‘lgan yurtdoshlarimiz muborak haj va umra ziyoratini “Zuyuful malik” – “Qirol mehmonlari” sifatida ado etib kelishmoqda. Bu yilgi Haj-2019 mavsumida ham “Qirol mehmonlari” sifatida Haj ibodatini ado qilish uchun diniy-ma’rifiy sohada uzoq yil xizmat qilgan 10 nafar yurtdoshimiz Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketish taraddudini ko‘rishmoqda.
Kecha, 16 iyul kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada ular bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda ziyoratchilarimiz uchun muborak safar davomida e’tibor berish kerak bo‘lgan muhim jihatlar, kerakli tavsiya va maslahatlar berilgan. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
matbuot xizmati xabar berdi.
“Qirol mehmonlari” haj ibodatini ado etish bilan birga, Madinai munavvara va Makkai mukarramadagi muborak maskanlarga ziyoratga borishadi hamda e’tiborli shaxslar bilan uchrashadilar. Uchrashuv so‘ngida muborak safarga otlangan ziyoratchilarimiz muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan olib borilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar natijasi o‘laroq, diniy sohada uzoq yil xizmat qilgan xodimlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnun ekanliklarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, “Qirol mehmonlari”ning Haj safari joriy yilning 3 avgust kunidan 16 avgust kuniga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, bugun Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” intellektual bellashuvining Respublika bosqichi boshlandi.
Musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalaridagi saralashdan o‘tgan talabalar ishtirok etmoqda.
Tadbir Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Bellashuv Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uni targ‘ib qilishga qaratilgan. Ishtirokchilar moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari va aqidaviy yechimlari bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyon etishmoqda.
Bu musobaqa — ilm, ma’rifat va sof e’tiqodni mustahkamlovchi muhim voqelik!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati