Bugun, 17 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakilligi hamda Toshkent viloyati hokimligi tomonidan Toshkent viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom noiblari uchun seminar trening tarzida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, diniy soha xodimlarining hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirayotgan ishlarini yanada takomillashtirish, bu borada ularning ilm va malakalarini yanada oshirishdan iborat. Aynan shu sababli ham seminar trening dinimiz rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan, o‘zidan keng ilmiy meros qoldirgan yurtdoshimiz fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining majmuasida o‘tkazildi.
Tadbir an’anaviy tarzda Qur’on tilovati bilan boshlandi va mamlakatimiz taraqqiyoti, dinimiz rivoji, millatimiz kelajagi uchun, buyuk ajdodlarimiz ruhi yod etilib xayrli duolar qilindi. Seminar-treningni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi X.Turmatov ochib berdi.
Tadbirda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan notiqlar Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining hayoti va ilmiy merosi; Shayx tomonidan tasnif etilgan «Al-adab al-mufrad», «Ijtimoiy odoblar», «Baxtiyor oila», «Islom tarixi», «Oltin silsila», «Mazhablar birlik ramzi» va «Mazhabsizlik bid’atdir» kitoblari va ularning ahamiyati; hadis ilmlari; diniy sohaga oid qonun hujjatlarining mazmun mohiyati; missionerlik, prozelitizm va yot g‘oyalar ta’siriga berilishning salbiy oqibatlari va ularga qarshi kurashish ko‘nikmalarini yuksaltirish mavzularida ma’ruzalar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Juma kuni o‘n ikki soatdir. Undan qaysi soatda musulmon Allohdan biror narsa so‘rasa, Alloh taolo unga o‘sha narsani berur. Uni asrdan keyingi oxirgi soatda izlanglar", dedilar.
Solihlardan biri aytadi: "Juma kuni asr bilan shom orasida duo qilganimda Robbim duolarimni ijobat qilaverdi. Hatto Robbimdan biron narsa so‘rashga uyaladigan bo‘lib qoldim".
Fazl ibn Fazola rahimahulloh juma kuni asr namozini o‘qigach to quyosh botgunicha duo qilishdan to‘xtamas edi.