Bugun juda ham dolzarb masalalardan biri xususida suhbatlashamiz. Ayni paytda butun dunyoning eng katta muammolaridan biri bo‘lgan musulmonlarning boshiga musibatlar keltirib, iymonlaridan ayrilishiga sabab bo‘layotgan sehr, folbinlik va munajjimlik zamonamizning boshiga bitgan balo bo‘ldi, desak xato qilmaymiz.
Islom ulamolari sehrgar shak-shubhasiz, kofir bo‘ladi, degan hukmni o‘qishgan. Bunga hujjat sifatida quyidagi oyat keltiriladi: «Balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar» (Baqara surasi, 102).
La’natlangan shaytonning odamlarga sehr o‘rgatishdan ko‘zlagan birdan-bir maqsadi – ularni mushrikka aylantirishdir. Alloh o‘ziga shirk keltirgan insonni hech qachon kechirmaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki bashoratgo‘y yoki folbinning oldiga borib, aytayotgan gapini rost deb bilsa, u shubhasiz, Muhammadga tushgan narsaga kufr keltiribdi» (Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki bashoratgo‘yning oldiga borib, undan biron narsani so‘rasa, qirq kungacha uning bironta ham namozi qabul qilinmaydi» (Muslim rivoyati).
Oisha roziyallohu anho aytdilar: «Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan folbinlar haqida so‘rashdi. U zot roziyallohu anho: «Ular haq emaslar», dedilar. Ular: «Yo Rasululloh, ular gohida shunday gaplarni aytadilarki, u haq bo‘lib chiqadi», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu haq kalimani jin o‘g‘irlab o‘g‘rincha bilib oladi-da uni do‘sti folbinning qulog‘iga quyadi. Folbinlar esa unga yuzta yolg‘onni aralashtirib yuboradilar», dedilar» (Muttafaqun alayh).
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytganlar: «Folbin – sehrgar, sehrgar esa kofirdir».
Bu hol shu qadar keng rivoj olganki, ommaviy axborot nashrlari ham munajjimlar bashoratiga alohida e’tibor qaratib, odamlarning yulduziga qarab fol ochish bilan ovora. Allohning kalomi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari bir chetda qolib, odamlar shaytonga rostmana shogird tutingan folbinlarning so‘zlariga quloq soladilar. Yuqorida gunohi kabira rukni ostida kelgan xabarlarda bir hadis e’tiborimizni o‘ziga tortadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z hadislarida folbinning oldiga borib, uning gapini tasdiqlagan kishi dindan chiqishini aytganlar. Nima uchun endi, faqat borgan odam emas, balki borib gapini tasdiqlagan kishi? Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Aslida borganning o‘zidayoq qirq kunlik namozlarining savobidan mahrum bo‘lib, o‘sha ibodatlari qabul bo‘lmas ekan. Musulmon kishi uchun bir vaqt namozining qabul bo‘lmay qolishidan ulkanroq musibat yo‘q! Demak folbinga yugurayotgan insonlarning iymonida juda katta zaiflik va nuqson mavjud. Chunki, borish ham, uning so‘zini tasdiqlash ham o‘ta og‘ir jinoyat va musibatdir.
Shu o‘rinda “Xalqimizda “folga borma folsiz yurma” degan gap bor” deydigan mahmadonalar diqqqatiga: bu maqolni ham folbinlar tegirmoniga suv quyayotgan ilmsiz, nodon kimsalar o‘ylab topgan. O‘zingizning gunohingiz va buzg‘unchiligingiz uchun xalqni aybdor qilmang.
So‘zimiz so‘ngida betob bo‘lsa ham folbinga, biror narsasi yo‘qolsa ham folbinga, ishi yurishmasa ham folbinga, qiziga sovchi kelmay qolsa yohud o‘g‘liga qiz topilmasa ham folbinga yuguradigan va umuman hayotini folbinlarsiz tasavvur qila olmaydigan yurtdoshlarimizga xitobimiz shuki, Allohga qayting, Muhammad sollallohu alayhi vasallam qaytargan va oxiri abadiy do‘zax bo‘ladigan yo‘lni tark eting! Payg‘ambarimiz Alloh ta’olo har bir odamning taqdirini ularni yaratishidan ellik ming yil oldin yozib qo‘yganini aytib ketganlar. Bu taqdirni hech kim o‘zgartira olmaydi. Folbinlarga qatnayotgan opalarimiz, singillarimizning shu bugundanoq bu yo‘ldan qaytishlarini so‘raymiz. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, nima uchun folbinlar hamisha xor va g‘aribxonalarda yashashadi. Nima sababdan ular kelajakni aytib berish uchun o‘zlarida jur’at topishadi-yu, oyoqlari ostida turgan konlarni topib, boyib ketmaydilar. Mayli, bu ham og‘irdir, nega birgina lotoreya qog‘ozini olib, nol butun mingdan bir millimetr narida turgan yozuvni o‘qib, Kaptiva yoki Malibu egasi bo‘lib olishmaydi, nega?! Chunki ular kelajakni hech qachon bila olishmaydi. Alloh ta’olo Qur’oni karimda bu ilm faqat O‘zida ekanligini aytgan. Alloh taolo bilan faqat Allohgagina tegishli bo‘lgan ilmni talashayotgan bandalar albatta xor bo‘lajak. Shu mal’un, iflos va jirkanch mahluqlarning oldiga borib, iymon-u e’tiqodni poymol qilmaylik, azizlar. Kimki shu ishni qilgan bo‘lsa, shu bugunoq tavba qilsin, Alloh kechiruvchi Zot. Ulgura olmay qolsa, qiyomatda Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tushgan dinda bo‘lmaydi. Kofirning joyi esa abadiy jahannamdir. Bundan Allohning O‘zi asrasin.
Saidabror Umarov
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati