Masjidlar Alloh taoloning yerdagi uylaridir. Uni obod etish har bir musulmon uchun ulkan ajru savobdir. Masjid qurilgan joyda qut-baraka bo‘ladi.
Joriy yilning 16 iyul kuni Toshkent viloyati Qibray tumanidagi "Chinobod" mahallasida faoliyat yuritib kelayotgan "Masharib ota" jome’ masjidining eski, yaroqsiz holga kelib qolgan binosi o‘rnida, zamonaviy, namozxonlarga har tomonlama qulay va barcha sharoitlarga ega qilib yangidan qurilishi uchun birinchi g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov, tuman imomlari, mahalla oqsoqollari va faollari ishtirok etdi. Ilk g‘ishni qo‘yib bergan Xayrulloh domla Turmatov yig‘ilganlarga yurtimizda din rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar va musulmonlarga ibodat qilishlari uchun tashkil etilayotgan sharoitlar haqida to‘xtalar ekanlar, bu ayniqsa ko‘rkam va zamonaviy tarzda qayta qurilayotgan masjidlarda ayniqsa namoyon bo‘layotganini ta’kidladilar. Bu, o‘z navbatida, yurtdoshlarimiz qalbiga shodlik ulashib, ne’matga shukronalik hissini ziyoda qilayotganini bayon qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Siz hech qachon yutqazmaydigan, kasodga uchramaydigan uchta tijoriy kelishuv haqida eshitganmisiz? Unda ushbu oyatga quloq tuting:
"Albatta, Allohning Kitobini tilovat qiladiganlar,
- namozni to‘kis ado etib,
- Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora nafaqa qiladiganlar hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar" (Fotir surasi, 29-oyat).
Izoh: "..hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar". Bu ushbu oyatning asosiy xulosasidir. Dunyodagi tijoratda foyda ham, zarar ham bo‘lishi mumkin. Lekin yuqorida sanab o‘tilgan uch amalni – Qur’on tilovati, namoz va infoqni – bajargan insonlar Alloh bilan bo‘lgan "tijorat"dan hech qachon yutqazmaydilar. Bu tijoratning foydasi bu dunyoda ham, u dunyoda ham bo‘ladi. Bu dunyoda qalb xotirjamligi, baraka, hayotda ma’no topish kabilar, u dunyoda esa Allohning roziligi, jannat va abadiy saodatdir. Bu tijorat – haqiqiy va abadiy muvaffaqiyatdir.
Doktor Ahmad Iso Ma’soraviy