Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَقَضَى رَبُّكَ أَلاَّ تَعْبُدُواْ إِلاَّ إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَاناً
“Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishnigni amr etdi” (Isro surasi, 23-oyat).
Mashaqqatli lahzalarda, ishing osonlashishini, mashaqqating arishini duo qilib so‘rab, yoningda turadigan — onang.
Bemor bo‘lib turganingda, shifo so‘rab, dori ichirib, peshonangni silab, yoningda turadigan — onang.
Yig‘layotganingda, ko‘z yoshlaringni artib, «Nega yig‘layapsan?» deb yoningda turadigan — onang.
Ishing orqaga ketib, sen uchun jonini «fido» qilmoqchi bo‘lganlar yo‘qolib qolganda, yoningda turadigan — onang.
Xursand bo‘lganingda, shodligingdan sevinib, yuzida tabassum bilan yoningda turadigan — onang.
Qo‘pollik bilan xafa qilsang ham darrov kechirib, «O‘z bolamdan xafa bo‘larmidim» deya bag‘riga bosadigan ham — onang.
Dilini og‘ritib, dunyoni ko‘ziga tor qilib yuborganingda ham seni qarg‘amaydigan, balki “Seni tug‘may men o‘lay” deya o‘zini yomonlaydigan ham – onang.
Jannatga kirishing uchun birinchi bo‘lib rozi qilishing kerak bo‘lgan inson ham – onang.
Duolaringda o‘zingdan avval esga olishing lozim bo‘lgan insoning ham – onang.
Qorni och bo‘lsa ham, taomini senga uzatadigan, usti yupun bo‘lsa ham sening yangi libos kiyishingni istaydigan, o‘zi ko‘rmagan kunlarni ko‘rishingni yuragining tub-tubidan xohlaydigan inson ham – onang.
Alloh taolo ota-onalarimizni O‘z panohida asrab, vafot etganlarini rahmatiga g‘arq etsin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Savol: Namozga “Allohu akbar”, deb quloq qoqishda “Allohu akbar” dagi “r” ga kelganda ikki qo‘lni bosh barmog‘i quloq yumshog‘iga tegiziladimi? Shunday deb, eshitdim.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozga kirishda avval ikki qo‘lni yuqoriga ko‘tarib, bosh barmoqlarni quloqning yumshoq joyiga tegiziladi. So‘ng “Allohu akbar”, deb, namozga kirishiladi.
Bu haqida Faqih Abu Ja’far rahimahulloh bunday zikr qilganlar: “Ikki kaftini ichki taraflari bilan qiblaga yuzlanadi va panjalari yozadi hamda qo‘llarini yuqoriga ko‘taradi. Qachonki, ikki bosh barmog‘i ikki quloqlarining yumshoq joylariga tegsa, “Allohu akbar” deb namozga shuru’ qiladi.
Shamsulaimma Saraxsiy rahimahullohga ko‘ra, barcha mashoyixlar shunga ittifoq qilganlar (“Muhiyt” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.