Qur’oni Karimda eriga bosh ko‘targan ayolni tartibga chaqirish borasidagi ko‘rsatmalarda urish turi ham bor.
Alloh taolo Niso surasida shunday marhamat qilgan:
وَاللاَّتِي تَخَافُونَ نُشُوزَهُنَّ فَعِظُوهُنَّ وَاهْجُرُوهُنَّ فِي الْمَضَاجِعِ وَاضْرِبُوهُنَّ فَإِنْ أَطَعْنَكُمْ فَلاَ تَبْغُواْ عَلَيْهِنَّ سَبِيلاً إِنَّ اللّهَ كَانَ عَلِيّاً كَبِيراً
“Bosh ko‘tarishlaridan xavf qilingan ayollarga va’z-nasihat qiling, yotoqlarida hijron qiling va uring. Agar itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmang. Albatta, Alloh yuksak maqomli buyuk zotdir” (34-oyat)
Ushbu oyatdagi “uring” so‘zining ma’nosi nima?
Ayolni urish, ba’zilar o‘ylaganidek, ko‘kartirib, a’zolarni sindirib, mayib qilib, qonatib urish yoki tepish emas! Aslo unday emas!
Ulamolarimiz bu urishni misvok bilan yoki barmoq bilan ayolning biqiniga turtish, deb tushuntirganlar.
Hadisda faqat oliyjanob erkak ayolini hurmat qilishi va faqat pastkash kimsa ayolini xo‘rlashi aytib qo‘yilgan. Ayolini xumordan chiqqunicha, charchab qolgunicha, qo‘llari og‘rigunicha uradigan kimsalarning pastkash nusxalar ekanligi mazkur hadisdan ma’lum.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan oldin “Ayollarga yaxshi munosabatda bo‘linglar!” degan ma’nodagi gapni ko‘p ta’kidlaganlari ham er ayoliga yumshoq munosabatda bo‘lishi, halimlik, og‘ir-vazminlik bilan ish tutishi lozimligini anglatadi.
Alloh taolo bizni O‘zining hukmlariga, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oilaviy mavzulardagi ko‘rsatmalariga amal qilib borishimizni nasib etsin!