Joriy yilning 10 iyul kuni Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi “Umar ibn Xattob” jome masjidining yangi binosiga birinchi g‘isht qo‘yildi. Marosimda Zafarobod tumani hokimi I.Qarshiboyev, Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonali domla Jabborov va boshqalar ishtirok etishdi.
“Masjidimiz binosi 2000 yili qurilgan bo‘lsada, biroq bugungi kunga kelib xonaqoh va tahoratxona tagidan yemirilib, avariya holatiga kelib qolgan edi. Sababi bu yerlarda sho‘rlanish kuchli. Yangi quriladigan masjidda albatta ana shu sharoitlar hisobga olingan holda zaruriy chora-tadbirlar ko‘riladi”, deydi masjid imom-xatibi Faxriddin Rasulov.
Yangi masjid sig‘imi 250 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, shu yilning yakuniga qadar bitkazilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlari xalq hashari va mahalliy tadbirkorlar ko‘magida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, hozirgi kunda Jizzax viloyatida “Boymoqli”, “Qoratepa” (Zomin t.), “Yangiqishloq” (Do‘stlik t.), “Yangiqishloq-2” (Forish t.) “Jizzaxlik” (Sh.Rashidov t.) masjidlari qulay sharoitlarga muvofiq holda yangidan qurilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bo‘lib o‘tgan taqdimot va matbuot anjumani doirasida Markaz hamda Imom Termiziy nomidagi islom instituti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum ikki ilmiy-ma’rifiy muassasa o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, talabalarni Islom ilmlari va termiziy allomalarning ilmiy merosi asosida ta’lim-tarbiya berish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazishni nazarda tutadi.
Shuningdek, tadbirda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Islom institutiga markazda nashr etilgan nodir kitob va ilmiy risolalar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati