O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida 2019-2020 o‘quv yili uchun 2019 yilning
13 iyul kuni qabul imtihonlari boshlandi. Bugungi kunda respublikamizda 9 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari faoliyat olib bormoqda. Shundan, 7 tasi o‘g‘il bolalar uchun, 2 tasi ayol-qizlar uchun mo‘ljallangan.
Mazkur ta’lim muassasalariga 2019-2020 o‘quv yili bo‘yicha jami
4252 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan 2018-2019 o‘quv yilida hujjat topshirgan abituriyentlar soniga nisbatan
2,5 barobarni tashkil etmoqda.
Joriy yildagi qabul jarayonlariga yuqori darajada tayyorgarlik ishlari ko‘rilgan bo‘lib, kirish test sinovlarini yanada shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida joriy o‘quv yilidan boshlab, test sinovlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilmoqda.
Bu yilgi test sinovlari barcha diniy ta’lim muassasalarida bo‘yicha maxsus tayyorlangan pavilonlarda o‘tkazilmoqda. Mazkur pavilonlarda test jarayonlarini kuzatib borish uchun kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, test jarayonlari abituriyentlarning ota-onalari uchun katta monitorlar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatib borilmoqda. Shuningdek, ota-onalarning dam olishlari uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Abituriyentlarni binoga tartibli kiritish, ularning xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar, Milliy gvardiya va tibbiyot xodimlari jalb qilingan.
Test sinovlari ertalab soat 9:00 da boshlangan bo‘lib, 12:00 gacha davom etadi. Abituriyenlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun “Chet tili”, “Tarix” va “Ma’naviyat asoslari” fanlari bo‘yicha test sinovlarini topshirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati