Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
Ey Alloh! Barchamizga Baytingni tavof qilishni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘pgan hajarul asvadni o‘pib, muborak qadamlarining izi tushgan yo‘llarda yurishni nasib etgin! Omin!
*****
Senga isyon qildik, Sen bizni satr qilding.
Seni unutdik, Sen bizni unutmading.
Sening g‘azabingni keltiradigan amal qildik, Sen bizga rahm qilding.
“Ey Alloh, albatta, Sen Afuvv, Karimsan. Afvni yaxshi ko‘rasan, bas, bizni afv etgin!”
*****
Imom Ahmad ibn Harb rahimahulloh shunday deganlar:
«Allohga ellik yil ibodat qildim. Uch narsani tark qilmagunimcha ibodat halovatini topmadim:
«Siyaru a’lamin nubala» kitobidan
*****
Erkak o‘zining janozasi uchun tobutda masjidga olib kirilmaguncha masjidga kirmay yuraveradimi?!
Ayolni kafanlikka o‘rashmaguncha avratini berkitmay yuraveradimi?!
*****
Bir kunda besh marta tahorat oladigan ayolning pardoz-andozga ehtiyoji tushmaydi!
*****
Bir kishi Xolid ibn Valid roziyallohu anhuni so‘kdi. Buyuk sahobiy unga o‘girilib qaradilar-da, «U sening sahifang, uni istagan narsang bilan to‘ldir» dedilar.
*****
Ovozingni ko‘tarma, balki so‘zlaring saviyasini ko‘tar. Gullarning o‘sishiga sabab bo‘ladigan narsa yomg‘irdir, momaqaldiroq emas.
Jaloliddin Rumiy rahimahulloh
*****
Uylanmoqchi bo‘lganingda, o‘zingga: «Ushbu ayol men u bilan umr bo‘yi gaplashishni istagan ayolmi?» deb savol ber.
«Tarix muhrlagan so‘zlar»
*****
Ustozlarimizdan birlari: «Agar ayolim itoatsizlik qilsa, darhol o‘tirib istig‘for aytaman. Keyin Allohning izni bilan yana itoat qila boshlaydi» degan edilar.
*****
Ey Odam farzandi, sen kunlardan iboratsan. Har gal bir kun ketsa bir qisming ham ketgan bo‘ladi.
Hasan Basriy rahimahulloh
*****
Meni yomon ko‘rganlarni yomon ko‘rishga vaqtim yo‘q. Chunki men, meni yaxshi ko‘rganlarni yaxshi ko‘rish bilan bandman.
Mahmud Darvesh
*****
Taom uzatgan qo‘lingni tishlaydigan kimsalar odatda o‘zlarini tepadigan oyoqdagi poyabzalni yalaydilar.
«Tarix muhrlagan so‘zlar»
*****
Pulingiz ko‘payib, boy bo‘lganingizda qarindoshu yaqinlaringiz ko‘pligini bilib qolasiz.
*****
Boshqa millatlar o‘z millati nomini faxr bilan tilga oladi. Nega biz millatimiz nomini ko‘pincha “qovun tushirganda”, xato sodir bo‘lganda tilga olamiz? “O‘zbekchilik-da buyog‘i, aka” deymiz. Xato qilganimizda xatoni o‘zimizga nisbat berishni o‘rganaylik, millatimizga emas. “Kamchiligim bor-da”, “Malakam yetishmadi”, “Xato qilib qo‘ydim. Albatta, tuzataman” kabi uslubda gapirilsa o‘rinli bo‘lardi. Bu millat qanchadan qancha ulug‘larni yetishtirgan. O‘zi aslida millat so‘zini zarurat bo‘lmasa ishlatavermagan ma’qul. Aks holda, gap millatchilik mavzusiga o‘tib ketishi mumkin. Millat nomi yutuqni qo‘lga kiritilgan, zafar qozonilgan, yaxshilik sodir bo‘lgan o‘rinlarda ishlatilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
(Boshqalar qanday fikrda bilmadim. Men shunaqa deb o‘ylayman)
*****
Internet materiallaridan to‘plab,
tarjima qiluvchi Nozimjon Iminjonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo O‘z Kalomida tadabbur qilish haqida bunday marhamat qiladi:
﴿كِتَٰبٌ أَنزَلۡنَٰهُ إِلَيۡكَ مُبَٰرَكٞ لِّيَدَّبَّرُوٓاْ ءَايَٰتِهِۦ وَلِيَتَذَكَّرَ أُوْلُواْ ٱلۡأَلۡبَٰبِ ٢٩﴾
“Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir” (Sod surasi, 29-oyat).
﴿أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآَنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا﴾
“Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar” (Niso surasi, 82-oyat).
Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni, uni chuqurroq anglashga intilish juda zarur ishdir. Mo‘minlar Qur’on tilovat qilar ekanlar uning oyatlari borasida tafakkur yuritib, unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat olishlari lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon Qur’on tilovat qilsalar uni tartil bilan tilovat qilib, uning har bir oyatini tadabbur etar edilar. Tafakkur ila o‘qilgan suralar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlarini oqartirgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Abu Bakr roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochingizga oq tushibdimi?” deb so‘radi. Shunda u zot alayhissalom: “Mening sochimni Hud, Voqea, Mursalot, Naba’ va Takvir (suralari) oqartirdi”, dedilar” (Imom Termiziy, Imom Hokim, Imom Bayhaqiy, Imom Abu Ya’lo rivoyati).
Hud surasining ikki oyati Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sochlarini oqartirgan oyatlardan hisoblanadi.
Imom Bayhaqiy “Shu’ab al-iymon” nomli asarida Ali Shatoriydan quyidagilarni bayon qiladi: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochimni Hud surasi oqartirdi deb aytganingizni eshitdim”, dedi.
Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha shunday”, deb javob berdilar.
“Yo, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam suradagi payg‘ambarlar qissasi-mi yoki ularning ummatlarining holimi sizning sochingizni oqartirdi”.
“Yo‘q, payg‘ambarlar ham ularning ummatlari haqidagi oyatlar ham sochimni oqartirgani yo‘q. Balki suradagi “Bas, (ey, Muhammad!) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling!” oyati sochimni oqartirdi”, dedilar.
Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning o‘zidan to‘g‘ri yo‘lda mustaqim qilishini so‘rab ko‘p duo qilar edilar. Xususan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ya, muqallibal qulubi sabbit qalbiy a’la diynik (Yo, Qalblarni o‘zgartiruvchi Zot, qalbimni o‘zingning diningda sobit qil)” deb duo qilar edilar.
Qur’onni ko‘p tilovat qilishlik bizni Allohga yaqin qiladi. Qur’onni o‘qish qanchalik savobli bo‘lsa, uni tinglash ham shunchalik savobli amallardandir.
Shunday ekan, Qur’onga muxlis bo‘lib, uni tilovat qilganimizda ham, tinglaganimizda ham tadabbur qilaylik.
Davron NURMUHAMMAD