Ilm Alloh roziligi uchun o‘rganiladi, olim deyilish uchun emas!
Qur’on Alloh roziligi uchun yodlanadi, qori deyilish uchun emas!
Namoz Alloh roziligi uchun o‘qiladi, namozxon deyilish, odamlarning ishonchiga kirish uchun emas!
Ro‘za Alloh roziligi uchun tutiladi, ro‘zador deyishlari uchun emas!
Zakot Alloh roziligi uchun beriladi, boy, puldor deb atalish uchun emas!
Haj Alloh roziligi uchun qilinadi, hoji aka deb chaqirishlari uchun emas!
Ehson, sadaqa Alloh roziligi uchun beriladi, saxiy, qo‘li ochiq deyishlari uchun emas!
Mashina Alloh roziligini topishga sabab bo‘ladigan ishlarga minish uchun olinadi, odamlarga maqtanish, ko‘z-ko‘z qilish uchun emas!
Yangi libos Alloh tanani berkitishga buyurgani uchun olib kiyiladi, moda yoki falon brenddan kiyinar ekan deyishlari uchun emas!
Ota-onaga Alloh roziligi uchun, Uning amriga itoat qilib yaxshilik qilinadi, hovli-joy, mashina va boshqa matohlarni hadya qilishlari uchun emas!
To‘y ikki yoshning iffatini saqlash, sunnatga amal qilish va ummatning sonini ko‘paytirish uchun qilinadi, noyob taomlar qo‘yib odamlarga maqtanish, isrof, dabdaba uchun emas!
So‘zimizni ushbu oyatlar bilan yakunlaymiz:
قُلْ إِنَّ صَلاَتِي وَنُسُكِي وَمَحْيَايَ وَمَمَاتِي لِلّهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ لاَ شَرِيكَ لَهُ وَبِذَلِكَ أُمِرْتُ وَأَنَاْ أَوَّلُ الْمُسْلِمِينَ
“Sen: “Albatta, mening namozim, ibodatlarim, hayot va mamotim olamlarning Robbi Alloh uchundir. Uning sherigi yo‘q. Ana shunga buyurilganman. Va men eng avvalgi musulmonman... deb ayt” (Bu oyat musulmon odam butunlay Allohiga ajralib chiqishi lozimligini ko‘rsatadi. U namozni faqat Alloh uchun o‘qiydi. Boshqa zot uchun yoki badantarbiya, axloqiy mashq, ota-onasini xursand qilish uchun emas. U ibodatlarini faqat Alloh uchun ado etadi. Haj qilsa, ro‘za tutsa, zakot bersa, Alloh uchun qiladi. Birovning gapi, maqtovi yoki ehtiromi uchun qilmaydi.) (An’om surasi, 162, 163-oyat).
Maqolani Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.
Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati