Bismillahir rohmanir rohim
Salkam 2600 yillik tarixga ega bo‘lgan hamisha navqiron Buxoro mustaqillik yillarida yanada obod va ko‘rkam bo‘ldi. Uning qaysi bir go‘shasiga nazar solmang, ulkan ijodkorlik va bunyodkorlik ishlariga ko‘zingiz tushadi.
Buxoroi sharif hududida saqlanib qolgan, xalqimiz tomonidan asrlar davomida e’zozlanib kelinayotgan tarixiy yodgorliklar va me’moriy obidalar ham qaytadan ta’mirlanib, ba’zilari yangidan bunyod qilindi. Bugun nafaqat xalqimiz, balki dunyo jamoatchiligi kelib ko‘rsa, ma’naviy oziqlansa arziydigan muqaddas qadamjolar yanada ko‘rkamlashtilmoqda. Jumladan, Islom dinining ma’naviy va ma’rifiy maskani Buxoro viloyati “Jo‘ybori Kalon” o‘rta maxsus islom bilim yurti masjidi XVII asr holatiga qaytarildi.
Bilim yurti masjidi bezaksiz va ta’miri o‘zining asl holatidan o‘zgarib qolgandi. Hozirda masjid peshtoqi bezaklari bahor gullari rangidek islimiy naqshlar bilan bezatilgan. Masjid gumbazi Buxoro ganchkorlik maktabidagi iroqiy naqshlar bilan bezatildi.
Mashhur ganchkor usta Baxtiyor Hamroyev shogirdlari usta Ermuhammad Ro‘ziyev hamda usta Zavqiddin bilan islimiy va geometrik naqshlar asosida guldastalar, oq, ko‘k, yashil, zangori rangli bezaklar hamohangida mohirona ijod qilishdi. Naqshlarning yanada mukammal, jozibador bo‘lishiga o‘zlarining bebaho hissalarini qo‘shishdi.
Bilim yurti jamoasi XVI - XVII asrlarda madrasaning me’moriy bezaklari, rangtasviri jozibali va mo‘jizakorligi, hamda me’morchilik san’ati qanday yuksak e’tiborga ega ekanligi haqida umumiy tasavvur va tushuncha hosil qildilar.
Ota-bobolarimiz qurdirib, bizga meros qoldirgan obidalarni ta’mirlab asrash barchamizning burchimizdir.
Jo‘ybori Kalon o‘rta maxsus islom bilim yurti
ma’naviyat va ma’rifat ishlari mudir o‘rinbosari
Roxat Muhammadshoyeva
Shu yilning 12 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladi.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan shar’iy masalalar, masjidlar qurish, haj va umra, ishga joylashish, oilaviy munosabatlar, kitob chop etish, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati