Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2025   |   13 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:58
Xufton
21:36
Bismillah
09 Iyun, 2025, 13 Zulhijja, 1446

QIBLANI QANDAY ANIQLANADI?

10.07.2019   9839   6 min.
QIBLANI QANDAY ANIQLANADI?

189-CAVOL:
Hurmatli ustozlar, men men ko‘p safarda bo‘laman. Ba’zan namoz o‘qishim uchun qiblani aniqlashda muammoga duch kelaman. Ayniqsa chet davlatlarida bo‘lganimda qiblani so‘rash uchun biror musulmon kishini uchratishim qiyin bo‘ladi. Mana shunday vaziyatlarda qiblani qanday aniqlashim mumkin? Iltimos, shu haqida batafsil ma’lumot bersangiz.

JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ma’lumki, qiblaga yuzlanish namozning shartlaridan biridir. “Qibla” so‘zi namoz va duoda odamlar yuzlanadigan taraf ma’nosini anglatadi. Makkadagi Ka’baning osti ham, usti ham musulmonlar uchun qibladir. Shuning uchun tog‘ tepasida yoki chuqurlikda Ka’ba tarafga yuzlangan kishi qiblaga yuzlangan bo‘ladi.
Ka’bani bevosita ko‘rib turib, namoz o‘qiyotgan kishi uning ayni o‘ziga yuzlanishi lozim. Uni to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rmayotgan, o‘zi haramda turgan kishi masjidul-harom tarafga, haramdan tashqarida turgan kishi esa – haram hududi joylashgan tarafga yuzlanishi kerak bo‘ladi. Bunga quyidagi hadisi sharif ham dalolat qiladi: Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ka’ba – masjid(ul harom) ahlining qiblasidir. Masjid(ul-haram) esa – haram ahlining qiblasidir. Haram – yer yuzining mashriqiyu mag‘ribidagi ummatimning qiblasidir”, – deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Barcha faqihlar namozda xotirjam holdagi kishi qiblaga yuzlanish shart ekaniga ittifoq qilishgan. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday buyurgan: “... Yuzingizni Masjidi Harom (Ka’ba) tomonga buring! (Ey, mo‘minlar, sizlar ham) qayerda bo‘lsangiz, yuzlaringizni o‘sha tarafga buringiz! ...” (Baqara surasi, 144-oyat). Ammo dushman yoki yirtqich hayvon xavf solib turgan holatda namozda qiblaga yuzlanish sharti soqit bo‘ladi.

Qiblani aniqlashni o‘rganish har bir balog‘atga yetgan musulmonga vojibdir. Chunki kishi hayoti davomida turli safarlarga chiqishi va turar joylarda bo‘lishi mumkin. Ana shunday vaziyatlarda qibla tarafni aniqlashi va qayerda bo‘lmasin, ibodatini mukammal ado etishi shariat talabidir.
Qiblani aniqlashning fiqhiy manbalarda ulamolar tomonidan zikr qilingan ko‘plab qadimiy va ilmiy uslublari mavjud.

Fuqaholarimiz bunda o‘ta nozik qoidalarni ishlab chiqishgan. O‘z davrida bu borada alohida izlanishlar olib borgan Islom ulamolari geografiya, astronomiya, geometriya fanlaridan, hatto arifmetik qoidalar va trigonometrik funksiyalardan keng foydalanishgan.

Qiblani aniqlashda quyidagi uslublar bugungi kun sharoitida nisbatan qulay va ommabop hisoblanadi:

1. Qadimiy masjid mehroblari;
Sahobalar tomonidan turli yurtlar fath qilinganda birinchi navbatda qiblani aniqlab, masjidlar bino qilingan. Ushbu masjid mehroblari orqali boshqa masjidlarning ham qiblasini aniqlash keyinchalik odat tusiga kirgan va barcha fuqaholar tomonidan unga ergashish lozimligi ta’kidlab kelingan. Jumladan, hanafiy mazhabining taniqli ulamolaridan Sayyid Ahmad Tahtoviy shunday deydi: “Shahar va qishloqlarda qiblani aniqlash sahoba va tobeinlar tomonidan belgilab bergan mehroblar orqali bo‘ladi. Ular o‘rnatgan mehroblar orqali qiblaga yuzlanishda biz ham ularga ergashishimiz lozimdir” (“Hoshiyatu ala maroqil-faloh”).
O‘rni kelganda shuni ham aytib o‘tish lozimki, musulmonlar asrlar davomida ibodat qilib kelayotgan qadimiy masjidlarning qiblasi huddi adolatli musulmonning xabari kabi so‘zsiz qabul qilinadi. Chunki, ular ham qiblani aniqlashda o‘z tajribalariga suyanish bilan birga soha mutaxassislarining nozik ilmiy qoidalariga rioya qilishgan (“Kuvayt fiqh ensiklopediyasi”, 36-juz, 197-bet).

2. Yulduzlar;
Asosan qutb yulduziga qarab qiblani aniqlash mumkin. Chunki ushbu yulduz doim bir joyda ko‘rinadi. Ammo har bir o‘lkaning qiblasi bir-biridan farq qiladi. Masalan, bizning mintaqamizga nisbatan qibla janubi-g‘arb tarafda joylashgan bo‘lib, qutb yulduzini o‘ng qulog‘ining orqa tarafida qoldirib, yuzlangan kishi qiblaga yuzlangan hisoblanadi.

3. Quyosh.
Quyoshning chiqishi va botishi, tushdan keyingi yo‘nalgan tomoniga qarab ham qiblani aniqlash mumkin. Azaldan bizning diyorimizda Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatulloh alayhning fatvosi asosida quyoshning botish o‘rniga qarab masjidlar qiblasi belgilangan. Imom Saraxsiy naql qilishicha Imom Moturidiy rahimahulloh shunday deganlar: “Yozning eng uzun kunida quyosh botgan joyni belgilab qo‘y. So‘ngra qishning eng qisqa kuni quyosh botgan joyni ham aniqlab, belgilab qo‘y. Shu ikki alomat o‘rtasidagi oraliqni uchga bo‘lib, o‘ng tomoningga ikki hissasini, chap tomoningga bir hissasini taqsimlab, yuzlansang, shu qibladir” (“al-Mabsut”).
Ammo bu kun ochiq va mo‘tadil bo‘lgan vaqtda to‘g‘ri chiqadi. Boshqa vaqtlarda taxminan ikkisining, ya’ni, quyoshning qish va yoz faslidagi botish manzilining o‘rtasi olinadi.

4. Kompas.
Kompas qayerda bo‘lsa ham faqat bir tarafni ko‘rsatib turadi. Mana shu bilan to‘rt taraf aniqlanib, qibla qayerdaligini bilib olish mumkin. Hozirda qibla tarafni ko‘rsatuvchi maxsus kompaslar ham ishlab chiqarilgan. Ana shu kabi vositalar bilan ham qiblani aniqlash mumkinligiga fuqaholarimiz fatvo berganlar.

5. Mobil ilovalar.
Hozirgi kunda qiblani aniqlashning eng qulay va keng tarqalgan uslubi mobil aloqa vositalarining maxsus ilovalaridan foydalanish hisoblanadi. Ayni paytda bu kabi ilovalarning turi va sifati turlicha bo‘lib, ularning barchasi asosan AQSHning Google kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan (qiblafinder.withgoogle.com) tizimiga ulanish orqali amalga oshiriladi. Bunda foydalanuvchilar qibla yo‘nalishini to‘g‘ri aniqlashlari uchun mobil vosita joylashgan manzilni aniqlash xizmati(GPS)ni faollashtirishlari talab etiladi.

Agar kishi safarda bo‘lsa yoki biror notanish joyda bo‘lsa, avvalo o‘sha yerdagi ishonchli kishilardan qibla qaysi tarafdaligini so‘raydi. Agar ularning xabariga shubha qilsa yoxud so‘rash uchun atrofida biror kishi topilmasa yuqorida zikr qilingan omillarni ishga solib, qiblani aniqlashi mumkin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay’ati. @diniysavollar

Savol yo‘llash
? http://savollar.muslim.uz
? @SavollarMuslimUzBot

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Moturidiylik” jurnalining maxsus soni uchun maqolalar qabul qilinadi

02.06.2025   4566   1 min.
“Moturidiylik” jurnalining maxsus soni uchun maqolalar qabul qilinadi

 

Imom Moturidiĭ xalqaro ilmiĭ-tadqiqot markazi tomonidan imom-xatiblar, mudarrislar, oliĭ va ŭrta maxsus diniĭ ta’lim muassasalari ŭqituvchilari va tadqiqotchilari uchun “Moturidiylik” jurnalining maxsus sonini nashr qilish rejalashtirilmoqda. Maxsus sonni taĭërlashdan maqsad – diniĭ soha xodimlarining ilmiĭ salohiyati va malakasini yanada oshirish, islomshunoslik sohasidagi ilmiĭ tadqiqotlarini qŭllab-quvvatlashga qaratilgan.

“Moturidiylik” respublikaning islomshunoslik sohasidagi yetakchi ilmiĭ nashrlaridan biri bŭlib, Oliĭ attestatsiya komissiyasi tomonidan ilmiĭ tadqiqotlarning asosiĭ ilmiĭ natijalarini chop etishga tavsiya etilgan. Ya’ni, “Moturidiylik” jurnalida chop etilgan maqolalar respublika miqësida mustaqil ilmiĭ tadqiqot sifatida tan olinadi va ilmiĭ ish olib borayëtgan tadqiqotchilarga qŭĭilgan maqola talablarini bajarishda tŭliq e’tirof etiladi.


JURNALNING MAXSUS SONIGA MAQOLALAR QUYIDAGI YO‘NALISHLAR BO‘YICHA QABUL QILINADI:

- Imom Moturidiy va yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning hayoti va merosi.

- Jaholatga qarshi ma’rifat, yot oqimlarning soxta da’volariga qarshi ilmiy raddiyalar, jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash masalalari.

- Dinshunoslik, islomshunoslik, Islom huquqi, Islom tarixi, Islom falsafasi, manbashunoslikka oid ilmiy tadqiqotlar natijalari.

- Madaniyat, madaniyatshunoslik va madaniyat tarixi.


Jurnalga taqdim qilinayëtgan material ushbu ĭŭnalish bilan cheklanib qolmaĭ, diniĭ, ma’naviĭ-ma’rifiĭ, ilmiĭ va adabiĭ merosimizning bugungi hayëtimizda egallagan ŭrni va ahamiyatini kŭrsatishga qaratilgan bŭlishi ham e’tiborga olinadi.


Tahririyat manzili: 100011, Toshkent shahri, Shaĭxontoxur tumani, A.Qodiriĭ kŭchasi, 11-uĭ, Imom Moturidiĭ xalqaro ilmiĭ-tadqiqot markazi.

Murojaat uchun: t.me/zarifjon0203