O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy (Alimov) hazratlari tomonidan yozilgan “Tafsiri Irfon” nomli Qur’oni karim oyatlarining o‘zbekcha tarjima va tafsiri to‘liq 30 juzi eng sifatli shaklda 6 kitob qilib nashr etildi.
Haqiqatan, Qur’oni karim Alloh taoloning muborak kalomi, Islom diniga oid barcha xukmlarning asosiy manbaidir. Qur’oni karimni yaxshi bilmagan, tushunmagan kishilarning asl hidoyat yo‘lidan chalg‘ishlari, turli oqim va harakatlarga aldanib qolishlari oson kechadi.
Shuning uchun xalqimizni iloji boricha Qur’oni karim bilan yaqindan tanishtirish, unga bag‘ishlangan asarlarni ko‘proq targ‘ib qilish hozirgi paytdagi muhim vazifa sanaladi. “Tafsiri Irfon” nomli o‘zbekcha tarjima va tafsir kitobi shu yo‘ldagi kamtarona urinishlardan biridir.
Ushbu ma’nolar tarjimasi va tafsir asari boshqalaridan shu bilan farqlanadiki, unda oyatlar ma’nosi zamondosh o‘quvchilarimizga iloji boricha tushunarli, sodda va ravon bo‘lishiga harakat qilindi. Bunda oyatlar tarjimasida qavs ichidagi izohlardan iloji boricha voz kechildi. Oyatlarni tafsir qilishda o‘tmishdagi va hozirdagi ulug‘ mufassirlar tafsirlaridan keng istifoda qilish bilan bir qatorda zamonaviy fan-texnika yutuqlari va kashfiyotlari bayon etilgan ilmiy kitoblardan ham foydalanildi.
Alloh taolo ushbu mo‘tabar tafsir kitobini xalqimizga muborak aylasin!
Murojaat uchun telefon: (99) 0010112
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati