Qushbaliq – baliqlarning bir turi bo‘lib, dengiz yuzasida sirpanadi yoki havoda uchib, keyin yana suvga tushadi. Ushbu baliq dushmandan qochish uchun suvdan uchib chiqadi. Bunda u dumini suvda o‘ng va chapga urib, tez harakatlantiradi. Bu hol uning suvdan chiqib ko‘tarilishiga yordam beradi. Keyin qanotlarini yozgancha o‘rtacha 1,5 metr balandlikka ko‘tarilib, soatiga 30-40 km tezlikda havoda taxminan 10 soniya parvoz qiladi. U mana shunday parvozni olti-yetti marta takrorlab, dushmandan 400 metrcha masofaga uzoqlashadi.
Ushbu baliqning taxminan 50 ta turi bor bo‘lib, uzunligi 30-40 santimetr atrofida bo‘ladi. Bu baliqning qanotlari kattaligi va yozganda qushga o‘xshab biroz parvoz qilish imkonini berishi bilan boshqa baliqlardan ajralib turadi.
Uchuvchi baliq suzish va uchish asnosida ikki ko‘zi orqali yuqori va pastni ko‘ra oladi. Bu esa unga dengizdagi yirtqich baliqlar hamlasidan va yuqoridagi baliqchi qushlar hujumidan qochishga imkon beradi. Bu baliq dengizning tubida emas, balki suv sathida yashaydi. Chunki osonlik bilan suvdan sakrashiga va parvoz etishiga qulay bo‘lishi uchun suv sirtida yashashi kerak.
Uchuvchi baliqni suvining harorati 20 darajadan yuqori bo‘lgan dengizlarda uchratish mumkin. Ko‘proq u ekvatorial mintaqalardangi dengiz va ko‘llarda yashaydi. Shuningdek, Atlantik, Tinch va Hind okeanlaridan ham bu baliqni topish mumkin. U ba’zida yolg‘iz yursa, ba’zan yuzlab baliqlardan tashkil topgan katta jamoa bo‘lib yashaydi.
Uchuvchi baliq kechqurunlari ov qiladi. Asosan mayda jonzotlar, o‘simliklar va bakteriyalardan iborat planktonlar bilan oziqlanadi.
Baliqning ko‘payish mavsumi bahor yoki kuz faslida bo‘ladi.
Ushbu baliqni ko‘proq Karib dengizi atrofidagi orollarda yashovchilar, yaponlar, tayvanliklar va xitoyliklar ovlashadi.
So‘zimizni ushbu oyat bilan yakunlaymiz:
هَذَا خَلْقُ اللَّهِ فَأَرُونِي مَاذَا خَلَقَ الَّذِينَ مِن دُونِهِ بَلِ الظَّالِمُونَ فِي ضَلَالٍ مُّبِينٍ
“Bu Allohning yaratganidir. Qani menga ko‘rsating-chi, Undan boshqalar nimani yaratdilar. Yo‘q! Zolimlar ochiq-oydin adashuvdadirlar” (Luqmon surasi, 11-oyat).
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bir odamning qorni ochdi. U garchi iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lmasa-da, bir tamaddixonaga kirib, taom buyurtma qildi. Buyurtma tayyor bo‘lgunga qadar derazadan tashqariga qarab o‘tirarkan, ellik yoshlardagi odam tez-tez tamaddixonaga qarab qo‘yayotgani, kirishga jazm qilolmay turganiga ko‘zi tushdi. O‘tgan ketganlar unga e’tibor bermas, u esa aftidan juda och qolgan edi.
Shu payt buyurtma berilgan taom olib kelindi. U esa hech o‘ylanmasdan ovqatni olib, o‘zi och bo‘lsa-da, ko‘chadagi odamga olib chiqib berdi. So‘ng ortiga qaytib, hisobni berishlarini so‘radi. Holatni zimdan kuzatib turgan tamaddixona rahbari xizmatchiga bir qog‘oz berdi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi:
“Insoniylik bebahodir, sizday oliyjanob inson bizning tamaddixonaga kelganidan baxtiyormiz. Ruxsat bersangiz, siz bir miskinni mehmon qilganingiz kabi biz ham sizni mehmon qilsak”.
Xulosa shuki, Alloh taolo hech bir amalni zoye qilmas, bandasini bandasidan qarzdor holda qoldirmas, ehsonga ehson bilan javob qaytarar ekan.
Shunday ekan, imkonimiz borida boshqalarga yaxshilik qilib qolaylik.
Akbarshoh Rasulov