Agar Alloh taolo kislorod va vodorod atomlarini yog‘dirib, o‘zinglar suv qilib olinglar desa, nima qila olardik?!
Qaysi laboratoriya u atomlarni suvga aylantirishni eplay olardi?!
Bu ishga qancha mablag‘ sarf bo‘lib ketardi?!
Allohning bizga rahmati tufayli ichadigan suvimiz yomg‘ir-qor ko‘rinishida tayyor suv bo‘lib yog‘adi. U Zot Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَهُوَ الَّذِي يُنَزِّلُ الْغَيْثَ مِن بَعْدِ مَا قَنَطُوا وَيَنشُرُ رَحْمَتَهُ وَهُوَ الْوَلِيُّ الْحَمِيدُ
“U zot (odamlar) noumid bo‘lganlaridan keyin yomg‘irni nozil qilur va O‘z rahmatini taratur. U valiy va maqtalgan zotdir” (Shuro surasi, 28-oyat).
Ma’lumki, yomg‘ir juda katta tezlikda yerga tushadi. Aslida, bunday tezlikda tushgan narsa balandlik, erkin tushish tezligi hamda yerning tortishish kuchi natijasida ulkan kuchga aylanib, boshimizni majaqlab, halokatimizga sabab bo‘lishi kerak edi. Lekin undoq bo‘lmay, katta tezlikda tushayotgan yomg‘ir tomchilari yuzimizga mayin uriladi. Bu ham Rahmonning marhamati, mehribonligidir.
Nozimjon Hoshimjon
Oisha onamiz roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Agar qattiq shamol bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
اللهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ خَيْرَهَا وَخَيْرَ مَا فِيهَا وَخَيْرَ مَا أرْسِلَتْ بِهِ وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّهَا وَشَرِّ مَا فِيهَا وَشَرِّ مَا أرْسِلَتْ بِهِ
"Allohumma inniy asaluka xoyroha va xoyro ma fiyha va xoyro ma ursilat bihi va a’uzu bika min sharriha va sharri ma fiyha va sharri ma ursilat bihi", deb aytar edilar".
Robbim, Sendan uning yaxshisini, undagi yaxshilikni va u bilan yuborilgan narsaning yaxshisini so‘rayman. Robbim, Sendan uning yomonidan, undagi yomonlikdan va u bilan yuborilgan narsaning yomonligidan panoh so‘rayman.