Shu yilning muborak Ramazon oyida muhtaram yurtboshimiz “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” majmuasining ochilish marosimida bu joyda ulamolar, diniy soxa xodimlarining ilmiy suhbatlarini uyushtirish, ularning malakasini oshirish hamda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ilmiy meroslarini o‘rganib, keng targ‘ib qilish yuzasidan tavsiyalar bergan edilar. Zero, umrini din xizmati, ilm ravnaqi yo‘lida sarf etgan buyuk alloma rahmatullohi alayh o‘zlari hayotlik chog‘larida ilm ahli, ulamolar, shogirdlari bilan ko‘plab ilmiy suhbatlar, anjumanlar o‘tkazar edilar. Ana shu ezgu an’ana yana davom ettirilmoqda. Endilikda, shayx hazratlari nomlari bilan atalguvchi mazkur majmuaning maxsus majlislar zalida mahalliy va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar, munavvar suhbatlar, dinimiz, xalqimiz uchun manfaatli tadbirlar o‘tkaziladi.
Bugun, 4 iyul kuni birinchi bor ushbu majmuada “Hanafiylik – mo‘tadil mazhab” nomli diniy soxa xodimlarining anjumani tashkil etildi.
Avvalo anjuman aynan mazhablar mavzusida o‘tkazilishi bejiz emas. Zero Shayx hazratlari musulmonlarni doim buyuk ulamolar, ulug‘ mujtahid zotlar yo‘lini mahkam tutishga, ummatning birligi, totuvligini ta’minlashga, ixtiloflarga barham berishga chaqirib kelganlar. Bu yo‘lda yirik asarlar ta’lif etgan edilar.
Chindan ham bugun ana shu merosni o‘rganish, nafaqat diyorimiz, balki mintaqamizda keng tarqalgan Hanafiy mazhabida mustahkam bo‘lib, ixtilof va fitnalarning oldini olish har qachongidan ham zarur bo‘lib qoldi. Bugun har yerdan turli vositalar orqali musulmonlarni chalg‘itib, mazhablarni inkor qilayotgan, ulamolarni rad etib, Qur’on va sunnatdan o‘zicha mustaqil hukm chiqarish da’vosini qilayotgan savodi chala kimsalar islom ummatini adashtiryapti, tafriqa va ixtiloflarga sabab bo‘lyapti.
Anjumanda ishtirok etgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va boshqa notiqlar o‘z chiqishlarida “Mujtahid ulamolarning ta’rifi”, “Mazhablarning kelib chiqishi va islom olamidagi ahamiyati”, “Imom Abu Hanifa rohmatullohi alayhning hadis ilmidagi o‘rni” kabi mavzularda ma’ruza qildilar.
Shuningdek tadbirda O‘MI raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansurov "Islom dinida mo‘tadillik" mavzusida, O‘MI Kotibiyat bo‘limi mudiri Muhammadayyub Xomidov "Imom Abu Hanifaning hadis borasidagi o‘rni" mavzusida ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Ulamolar mujtahid darajasiga yetmagan kishilar muayyan mazhabni ushlashlari lozim, deb aytganlar. Doktor Vahba Zuhayl: “Fiqhiy mazhablarning ixtilof va fitnalarga, qonli to‘qnashuvlarga olib kelganini bilmaymiz. Yirik to‘qnashuvlar aqidaviy masalalarda bo‘lgan”, deb aytgan.
Ba’zilar Abu Hanifa rohmatullohi alayhni kam hadis bilganlikda noo‘rin ayblaydi. Vaholanki ul zot hadislarni aniqlshda talablari shu darajada yuqori ediki, uni faqat muhaddislar anglay olardilar. O‘zlarining talablariga ko‘ra eng ishonchli deb bilgan hadislarinigina “Musnad”ga kiritgan va fiqhiy masalalarda qo‘llagan edilar. Abu Hanifa hadisni tushunishda, idrok etishda ko‘p muhaddislar yetib bormagan nuqtaga yetib bordilar. Bu borada ul zot shunday degan edilar: Allohning dinida o‘z ra’yingiz bilan hech bir so‘z ayta ko‘rmang. Hadisga ergashing. Kim hadisdan chetga chiqsa adashadi.
Ana shu mukammal fiqh maktabiga asos solgan, ilm va taqvoda peshqadam bo‘lgan zotlarga hurmatsizlik qilayotgan, islom olamining mujtahidi mutlaqlaridan o‘z fikrini ustun qo‘yib, musulmonlarni chalg‘itayotgan, mazhabga tosh otayotgan kimsalarga xolis, ilmiy, asosli raddiya berish, diniy savodsizlikka barham berish, fitnalarning oldini olish bugun har bir imom-xatib, islomshunos mudarrisning vazifasi ekanligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi yakunlanish bosqichida turibdi. Ayni vaqtda markaz binosida qurilish va ichki bezak ishlari deyarli tugallangan, ekspozitsiya va kontent bilan boyitish ishlari faol ravishda olib borilmoqda.
Hozirda mamlakatimiz va xorijdan jalb qilingan 2000 ga yaqin olim, mutaxassis, dizayner, usta va me’morlar 800 dan ortiq loyiha ustida ish olib bormoqda.
Birinchi bosqichda namoyish etilishi rejalashtirilgan taxminan 400 ta loyiha Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Sivilizatsiya, shaxs, kashfiyot” konsepsiyasi asosida shakllantirilmoqda. Mazkur konsepsiyaga muvofiq, ekspozitsiyalar tarixiy, ilmiy manbalar va arxeologik dalillarga asoslangan holda mazmun bilan to‘ldirilmoqda.
Jumladan, markaz kontentini boyitish maqsadida 59 ta maket yaratish rejalashtirilgan bo‘lib, ulardan 24 tasi zamonaviy 3D formatida bo‘ladi. Barcha maketlar yuqori sifatli, aniq va ilmiy asoslangan bo‘lishi talab etiladi. Maketlar muzey darajasiga mos bo‘lishi va vaqt omili sifatga ta’sir qilmasligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu sohadagi muhim hamkorlik tashabbuslaridan biri alohida e’tiborga sazovor. O‘zbekistondagi eng ommabop teleplatformalardan biri — “Sevimli” telekanali tarixiy yodgorliklarning maketlarini tayyorlash ishlarini amalga oshirmoqda.
“Sevimli” telekanali tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga 25 ta tarixiy me’moriy yodgorlik maketini bepul taqdim etish rejalashtirilgan. Ushbu maketlar “Artefact” kompaniyasi tomonidan telekanal buyurtmasiga binoan tayyorlanmoqda. Ushbu jarayonda 15 nafar mutaxassis – texnik xodim va modellashtirish dizaynerlari faol ishtirok etmoqda.
I.Ahmedov tayyorladi.