Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi, ya’ni ba’zi oyatlarning yetti xil talaffuzda o‘qilishi haqidagi mavzu eng nozik mavzulardan biri hisoblanadi. Bu mavzuning nozikligi bir necha omilga bog‘liq.
Avvalo, Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lgani sahih va mutavotir hadisi shariflar ila sobit bo‘lgan.
Qolaversa, Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi nima ekanini o‘sha hadisi shariflardan ochiq-oydin tushunib olishimiz qiyin.
Buning ustiga, mazkur hadisi shariflardan «yetti harf»dan aynan nima ko‘zda tutilganini ham bilib olish qiyin.
Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning davrlarida yashagan sahobai kiromlar bu narsalarni yaxshi bilganlar. Ular o‘sha o‘zlari yaxshi bilishlariga e’timod qilib, o‘zaro muomala qilganlar.
Shu o‘rinda «O‘zlari tushungan bo‘lsalar, yaxshi. Ammo kelajak avlodlar uchun bu masalani bayon qilib qo‘ysalar bo‘lmasmidi?» degan savol tug‘iladi. Ular uchun oddiy bo‘lgan masalani kelajakda boshqalar tushunmay qolishlari mumkinligini kim o‘ylabdi, deysiz. Bundan ham muhimi, ular bunga o‘xshash oddiy narsalarga vaqt ham topmaganlar. U azizlar butun dunyoni Islom hidoyatiga boshlashdek ulkan ishtiyoq bilan yashaganlar. Ular o‘zlari yetishgan ulkan baxtga o‘zgalar ham tezroq erishishi haqida bosh qotirar edilar. Bunaqangi og‘zaki tortishuvlarga vaqtlari ham, xohishlari ham yo‘q edi.
Shuning uchun Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi masalasi keyingi paytning turli ulamolari tomonidan turlicha o‘rganilgan va turlicha talqin qilingan.
Hofiz Abu Hotim ibn Hibbon al-Bustiy:
«Odamlar bu masalada o‘ttiz besh qavlga ixtilof qilganlar», deydi.
Imom Jaloliddin Suyutiy rahmatullohi alayhi «Itqon fii ulumul Qur’on» nomli kitoblarida bu masalada qirq xil fikr borligini keltirganlar.
Shu yerda Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi nima ekanini tushunish uchun harakat qilib aytilgan fikrlardan ba’zilarini keltirib o‘tsak, foydadan xoli bo‘lmasa kerak. Chunki xuddi shu gaplarni ba’zi bir kishilar bizda ham gapirishga va yozishga o‘tmoqdalar.
1. Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi arab tilining yetti lahjasida nozil bo‘lishidir.
Ulamolar bu gap mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlaganlar. Avvalo, qaysi lahjalar ko‘zda tutilgani ma’lum emas. Qolaversa, Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi haqidagi hadisi shariflarning birida Umar ibn Xattob Hishom ibn Hakim roziyallohu anhu bilan ixtilof qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hu¬zurlariga boradilar va u zot Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lganini aytadilar. Umar ibn Xattob va Hishom ibn Hakim roziyallohu anhu ikkovlari ham arab tilining quraysh lahjasida so‘zlashadigan odamlar edilar. Agar gap lahjada bo‘lganida, ular ixtilof qilishmas edi.
2. Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi yetti qiroatda nozil bo‘lishidir. Shuning uchun ham Islom olamida yetti xil qiroat tarqalgan.
Bu gap nihoyatda kulgili bo‘ladi. Chunki yetti qiroat degan gap ancha keyin chiqqan. Buning ustiga, avvalda qiroatlar ko‘p bo‘lgan. Ulardan faqat eng mashhurlarini tanlab olishga harakat qilinganda ulamolar yetti qiroatni ixtiyor qilishgan, xolos.
3. Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi muayyan adadni taqozo qilmaydi. Arablarda «yetti» so‘zi gohida cheklanmagan adadga nisbatan ishlatiladi.
Bu gap ham to‘g‘ri emas. Chunki Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi haqidagi hadisi shariflarda gap aynan olti bilan sakkiz sonlari orasidagi yetti soni haqida ketadi.
Biz o‘zimiz sharh qilayotgan «at-Tojul Jome’» kitobida Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi haqida kelgan hadisi shariflarni o‘rganib, keyin xulosa chiqarsak, yaxshi bo‘ladi.
عَنِ ابْنَ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَقْرَأَنِي جِبْرِيلُ عَلَى حَرْفٍ فَرَاجَعْتُهُ فَلَمْ أَزَلْ أَسْتَزِيدُهُ وَيَزِيدُنِي حَتَّى انْتَهَى إِلَى سَبْعَةِ أَحْرُفٍ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Jabroil menga bir harfda qiroat qildirdi. Unga murojaat qilib, ziyoda etishini so‘rayverdim, oxiri yetti harfda intihosiga yetdi», dedilar».
Ikki shayx rivoyat qilganlar.
Sharh: Avvalo, «harf» so‘zining ma’nosini tushunib olaylik. Arab tilida «harf» so‘zi bir narsaning old–yuz tarafi, bir narsaning burilish–buzilishi va bir narsaning o‘lchovi ma’nolarini bildiradi.
Biz so‘z yuritayotgan mavzuda esa birinchi ma’no ishlatiladi. Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi yetti taraf, ya’ni yetti tariqa desak bo‘ladi.
Ushbu hadisi sharifda Jabroil alayhissalom avval Qur’oni Karimni Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bir harfda yetkazganlar, ammo Payg‘ambarimiz alayhissalom bir harf kamlik qilishini anglab, uni ziyoda qilishni so‘raganliklari haqida so‘z ketmoqda. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qayta-qayta iltimos qilishlari tufayli bir harf yetti harfga yetgan.
عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قاَلَ: سَمِعْتُ هِشَامَ بْنَ حَكِيمٍ يَقْرَأُ سُورَةَ الْفُرْقَانِ عَلَى غَيْرِ مَا أَقْرَؤُهَا، وَكَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَقْرَأَنِيهَا، فَكِدْتُ أَنْ أَعْجَلَ عَلَيْهِ ثُمَّ أَمْهَلْتُهُ حَتَّى انْصَرَفَ، ثُمَّ لَبَّبْتُهُ بِرِدَائِهِ فَجِئْتُ بِهِ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنِّي سَمِعْتُ هَذَا يَقْرَأُ سُورَةَ الْفُرْقَانِ عَلَى غَيْرِ مَا أَقْرَأْتَنِيهَا، فَقَالَ: أَرْسِلْهُ، اقْرَأْ يَا هِشَامُ، فَقَرَأَ الْقِرَاءَةَ الَّتِي سَمِعْتُهَا، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: هَكَذَا أُنْزِلَتْ، ثُمَّ قَالَ لِي: اقْرَأْ، فَقَرَأْتُ فَقَالَ: هَكَذَا أُنْزِلَتْ، إِنَّ هَذَا الْقُرْآنَ أُنْزِلَ عَلَى سَبْعَةِ أَحْرُفٍ فَاقْرَأُوا مَا تَيَسَّرَ مِنْهُ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Hishom ibn Hakim «Furqon» surasini mening qiroatimdan boshqacha qiroat qilayotganini eshitib qoldim. Uni menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroat qildirgan edilar. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘yishimga sal qoldi (u namozda edi). Keyin (namozdan) chiqqunicha tegmay turdim.
So‘ngra uni ridosidan changallab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordim va:
«Ey Allohning Rasuli! Albatta, men manavining «Furqon» surasini siz menga uni qiroat qildirganingizdan boshqacha qiroat qilayotganini eshitib qoldim», dedim.
«Uni qo‘yib yubor. O‘qi, ey Hishom», dedilar.
U men eshitgandek qiroat qildi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Mana shunday nozil qilingan», dedilar va menga:
«O‘qi», dedilar. Bas, men o‘qidim. U zot:
«Mana shunday nozil qilingan. Albatta, bu Qur’on yetti harfda nozil qilingandir. Undan muyassar bo‘lganida qiroat qilinglar», dedilar».
To‘rtovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifdan quyidagi mulohazalarni qilishimiz mumkin:
1. Dastlab Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lganini umumiy e’lon qilmaganlar. Bo‘lmasa, Umar ibn Xattob Hishom ibn Hakim roziyallohu anhuni o‘zlariga tanish bo‘lmagan qiroat qilganlari uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga sudrab olib bormas edilar.
2. Umar ibn Xattobning mulohazalari ma’lum sura – «Furqon» surasi ustida bo‘lganligi. Bundan «yetti harf» boshdan-oyoq boshqacha o‘qishni emas, ba’zi joylarida boshqacha bo‘lishini bildiradi.
3. Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘l¬ganligini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sa¬hobai kiromlarning o‘zaro tortishuvlaridan keyin e’lon qilganliklari.
4. Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi uni muyassar bo‘lganicha osonlik ila qiroat qilish maqsadida joriy qilinganligi. Agar bir harfdagina qiroat qilish majburiy bo‘lsa, odamlar Qur’oni Karimni qiroat qilishda qiynalib qolishlari mumkinligi.
عَنْ أُبَيِّ بْنِ كَعْبٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ عِنْدَ أَضَاةِ بَنِي غِفَارٍ، فَأَتَاهُ جِبْرِيلُ عَلَيْهِ السَلام فَقَالَ: إِنَّ اللهَ يَأْمُرُكَ أَنْ تَقْرَأَ أُمَّتُكَ الْقُرْآنَ عَلَى حَرْفٍ، فَقَالَ: أَسْأَلُ اللهَ مُعَافَاتَهُ وَمَغْفِرَتَهُ، وَإِنَّ أُمَّتِي لَا تُطِيقُ ذَلِكَ، ثُمَّ أَتَاهُ الثَّانِيَةَ فَقَالَ: إِنَّ اللهَ يَأْمُرُكَ أَنْ تَقْرَأَ أُمَّتُكَ الْقُرْآنَ عَلَى حَرْفَيْنِ، فَقَالَ: أَسْأَلُ اللهَ مُعَافَاتَهُ وَمَغْفِرَتَهُ، وَإِنَّ أُمَّتِي لَا تُطِيقُ ذَلِكَ، ثُمَّ جَاءَهُ الثَّالِثَةَ فَقَالَ: إِنَّ اللهَ يَأْمُرُكَ أَنْ تَقْرَأَ أُمَّتُكَ الْقُرْآنَ عَلَى ثَلَاثَةِ أَحْرُفٍ، فَقَالَ: أَسْأَلُ اللهَ مُعَافَاتَهُ وَمَغْفِرَتَهُ، وَإِنَّ أُمَّتِي لَا تُطِيقُ ذَلِكَ، ثُمَّ جَاءَهُ الرَّابِعَةَ فَقَالَ: إِنَّ اللهَ يَأْمُرُكَ أَنْ تَقْرَأَ أُمَّتُكَ الْقُرْآنَ عَلَى سَبْعَةِ أَحْرُفٍ، فَأَيُّمَا حَرْفٍ قَرَأُوا عَلَيْهِ فَقَدْ أَصَابُوا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَلَفْظُهُ: يَا جِبْرِيلُ إِنِّي بُعِثْتُ إِلَى أُمَّةٍ أُمِّيِّينَ، مِنْهُمُ الْعَجُوزُ، وَالشَّيْخُ الْكَبِيرُ، وَالْغُلَامُ، وَالْجَارِيَةُ، وَالرَّجُلُ الَّذِي لَمْ يَقْرَأْ كِتَابًا قَطُّ، قَالَ: يَا مُحَمَّدُ، إِنَّ الْقُرْآنَ أُنْزِلَ عَلَى سَبْعَةِ أَحْرُفٍ
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bani Fiforning hovuzi oldida edilar. U zotning huzurlariga Jabroil alayhissalom kelib:
«Albatta, Alloh senga ummating Qur’onni bir harfda o‘qishini amr qilmoqda», dedi.
«Allohdan Uning ofiyati va mag‘firatini so‘rayman. Albatta, mening ummatim unga toqat qila olmaydi», dedilar u zot.
So‘ngra ikkinchi marta kelib:
«Albatta, Alloh ummating Qur’onni ikki harfda o‘qishini senga amr qilmoqda», dedi.
«Allohdan Uning ofiyati va mag‘firatini so‘rayman. Albatta, mening ummatim unga toqat qila olmaydi», dedilar u zot.
Keyin uchinchi marta kelib:
«Albatta, Alloh ummating Qur’onni uch harfda o‘qishini senga amr qilmoqda», dedi.
«Allohdan Uning ofiyati va mag‘firatini so‘rayman. Albatta, mening ummatim unga toqat qila olmaydi», dedilar u zot.
Keyin to‘rtinchi marta kelib:
«Albatta, Alloh ummating Qur’onni yetti harfda o‘qishini senga amr qilmoqda. O‘shandan qaysi harfda qiroat qilsalar ham to‘g‘ri qilgan bo‘ladilar», dedi».
Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Termiziyning lafzida:
«Ey Jabroil! Men bir ummiy ummatga yuborilganman. Ularning ichida keksa ayollar, keksalar, yosh bolalar, kichik qizchalar va hech qachon yozuv o‘qimagan odamlar bor», dedilar.
(Jabroil:) «Ey Muhammad! Albatta, Qur’on yetti harfda nozil qilingandir», dedi», deyilgan.
Sharh: Bu hadisi sharifda Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishidan ko‘zlangan maqsad ochiq-oydin kelmoqda.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomga qayta-qayta:
«Allohdan Uning ofiyati va mag‘firatini so‘rayman. Albatta, mening ummatim unga toqat qila olmaydi», demoqdalar.
Buni uch marta takrorlaganlaridan keyin bir harf yetti harfga yetkazildi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Qur’on oyatlarini olib keladigan va bir harfda o‘qishga amr bo‘lganini yetkazayotgan farishtaga ummatlarining toqat qila olmasligini:
«Ey Jabroil! Men bir ummiy ummatga yuborilganman. Ularning ichida keksa ayollar, qari shayxlar, yosh bolalar, kichik qizchalar va hech qachon yozuv o‘qimagan odamlar bor», degan xitoblarida bayon qilmoqdalar.
Bundan Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi aholining turli tabaqalariga Kalomullohni o‘qishni oson qilish maqsadida bo‘lganligi kelib chiqadi.
وَعَنْهُ قَالَ: كُنْتُ فِي الْمَسْجِدِ، فَدَخَلَ رَجُلٌ يُصَلِّي فَقَرَأَ قِرَاءَةً أَنْكَرْتُهَا عَلَيْهِ، ثُمَّ دَخَلَ آخَرُ فَقَرَأَ قِرَاءَةً سِوَى قَرَاءَةِ صَاحِبِهِ، فَلَمَّا قَضَيَا الصَّلَاةَ دَخَلْنَا جَمِيعًا عَلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَقُلْتُ: إِنَّ هَذَا قَرَأَ قِرَاءَةً أَنْكَرْتُهَا عَلَيْهِ، وَدَخَلَ هَذَا فَقَرَأَ سِوَى قِرَاءَةِ صَاحِبِهِ، فَأَمَرَهُمَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَرَآ فَحَسَّنَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ شَأْنَهُمَا، فَسُقِطَ فِي نَفْسِي مِنَ التَّكْذِيبِ وَلَا إِذْ كُنْتُ فِي الْجَاهِلِيَّةِ، فَلَمَّا رَأَى رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَا قَدْ غَشِيَنِي ضَرَبَ فِي صَدْرِي، فَفِضْتُ عَرَقًا وَكَأَنَّمَا أَنْظُرُ إِلَى اللهِ عَزَّ وَجَلَّ فَرَقًا، فَقَالَ لِي: يَا أُبَيُّ، أُرْسِلَ إِلَيَّ أَنِ اقْرَإِ الْقُرْآنَ عَلَى حَرْفٍ، فَرَدَدْتُ إِلَيْهِ أَنْ هَوِّنْ عَلَى أُمَّتِي، فَرَدَّ إِلَيَّ الثَّانِيَةَ اقْرَأْهُ عَلَى حَرْفَيْنِ، فَرَدَدْتُ إِلَيْهِ أَنْ هَوِّنْ عَلَى أُمَّتِي، فَرَدَّ إِلَيَّ الثَّالِثَةَ اقْرَأْهُ عَلَى سَبْعَةِ أَحْرُفٍ فَلَكَ بِكُلِّ رَدَّةٍ رَدَدْتُكَهَا مَسْأَلَةٌ تَسْأَلُنِيهَا، فَقُلْتُ: اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِأُمَّتِي، اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِأُمَّتِي، وَأَخَّرْتُ الثَّالِثَةَ لِيَوْمٍ يَرْغَبُ إِلَيَّ الْخَلْقُ كُلُّهُمْ حَتَّى إِبْرَاهِيمُ عَلَيْهِ السَلام. رَوَاهُ مُسْلِمٌ
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Masjidda edim. Bir odam kirib, namoz o‘qiy boshladi. U bir qiroat qildi. Uning qiroatini inkor qildim. Keyin boshqasi kirib, haligining qiroatidan ham boshqacha qiroat qildi.
Ikkovlari namozlarini tugatib bo‘lganlaridan keyin hammamiz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirdik va men:
«Manavi bir qiroat qildi. Men uning qiroatini inkor qildim. Keyin bunisi kirib, unisining qiroatidan ham boshqacha qiroat qildi», dedim.
Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikkovlarga amr qildilar. Ikkisi ham qiroat qildi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikkisini ham ma’qulladilar. Ko‘nglimga shunday gumon tushdiki, bunaqasi johiliyat paytida ham bo‘lmagan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni o‘rab olgan narsani bilib, ko‘ksimga urdilar. Ter bo‘lib oqib ketdim. Qo‘rqqanimdan xuddi Alloh azza va jallaga nazar solib turganday bo‘ldim.
Shunda u zot menga:
«Ey Ubay! Menga «Qur’onni bir harfda qiroat qil», deb (xabar) yuborildi. Men U Zotga «Ummatimga oson qil», deb qaytardim.
Menga ikkinchi marta «Uni ikki harfda qiroat qil», deb qaytardi. Men U Zotga «Ummatimga oson qil», deb qaytardim.
Menga uchinchi marta «Uni yetti harfda qiroat qil. Seni har bir qaytarganimda sen uchun bir narsani Mendan so‘rab olishingga imkon bor», deb qaytardi.
Shunda men:
«Allohim! Ummatimni mag‘firat qilgin! Allohim! Ummatimni mag‘firat qilgin!» dedim.
Uchinchisini xaloyiqning barchasi, hatto Ibrohim alayhissalom ham menga rag‘bat qiladigan kunga qoldirdim», dedilar».
Muslim rivoyat qilganlar.
Sharh: Qur’oni Karimni bir harfda va ikki harfda o‘qish haqidagi amr kelganidan keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallam oson qilishini so‘rab, iltimosni qaytarganlar. Alloh taolo asta-sekin osonlashtirish bilan birga, u zotga mukofot ham taqdim qilgan.
«Seni har bir qaytarganimda sen uchun bir narsani Mendan so‘rab olishingga imkon bor», deb aytgan.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlariga ikki marta mag‘firat so‘rab, duo qilganlar va uchinchi imkoniyatdan foydalanishni qiyomat kuniga qoldirganlar. O‘sha kunda hamma, hatto Ibrohim alayhissalom ham u zotning duolaridan umidvor bo‘lib turgan bo‘ladilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:
«Men U Zotga «Ummatimga oson qil», deb qaytardim», deganlaridan Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi ummatga osonlik tug‘dirish uchun ekani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.
Ushbu va boshqa ma’lumotlarni sinchiklab o‘rgangan mutaxassis ulamolarimiz «Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi Qur’oni Karimning ba’zi so‘z va harflarini talaffuz qilishda ijozat berilgan yetti tur xilma-xillikdir», deganlar. Ular quyidagilardan iborat:
1. Ismlarning birlik va ko‘plikda, muzakkar va muannaslikda turlicha talaffuz qilishga berilgan ijozat.
Misol uchun, arab tilida «omonat» so‘zi bir xil yozuvda turganda uni birlikda ham, ko‘plikda ham o‘qish mumkin.
2. E’robda (so‘zning jumladagi o‘rniga ko‘ra oxiridagi harakatlarning o‘zgarishi) arab tili qoidasi doirasida turlicha bo‘lishni ko‘taradigan joylarda turlicha talaffuz qilishga berilgan ruxsat.
Misol uchun, «maa» kelishigidan keyin ikki ism kelsa, ikkinchisini nasb – fathali yoki raf’ – zammali o‘qish mumkin.
3. Sarf qoidalariga binoan, turlicha talaffuz qilish mumkin bo‘lgan so‘zlarni turlicha talaffuz qilishga ijozat.
Misol uchun, arab tilida yozilgan «boid» so‘zini «boid» deb ham, «boada» deb ham o‘qish mumkin.
4. Ba’zi harf va so‘zlarning o‘rnini almashtirib o‘qishga berilgan izn.
5. Bir harfning o‘rniga boshqasini qo‘yib o‘qishga ijozat.
6. Biror harfni ziyoda yoki noqis qilib o‘qishga ijozat.
7. Harflarni yo‘g‘on va ingichka, cho‘zib yoki cho‘zmay o‘qish bo‘yicha arab lahjalarining turli talaffuzlariga amal qilishga berilgan ruxsat.
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi