186-CAVOL:
Bir otaxon namozda bel ochilib qolsa namoz buziladi, dedilar. Haqiqatan ham shundaymi?
JAVOB:
Bismillahir rohmanir rohim. Namoz durust bo‘lishi uchun avrat a’zolarining barchasi yopiq bo‘lishi shart. Chunki, avrat yopilishi namozning farzlaridan biri hisoblanadi. Zero, Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
يَا بَنِي آَدَمَ خُذُوا زِينَتَكُمْ عِنْدَ كُلِّ مَسْجِدٍ
ya’ni: “Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz!” (A’rof surasi, 31-oyat).
Ma’lumki, namozdagi biror bir farz amal bajarilmasa namoz durust bo‘lmaydi. Erkak kishi namozda kindigining ostidan boshlab tizzasining ostigacha yopishi farzdir (Manba: “Sharhun nuqoya”).
Ulamolarimiz avrat a’zolardan birining to‘rtdan bir qismi bir muddat ochilib qolsa namoz buziladi, deganlar. Bunda ayol kishining soqi (ya’ni boldiri), erkak kishining soni alohida a’zo hisoblanadi. Bir muddat miqdori esa uch marta tasbeh aytish miqdoricha ekani bilan izohlangan (manba: “Hoshiyatut-Tahtoviy”).
Hozirgi paytda esa ba’zi yoshlar kalta va tor ko‘ylak bilan namoz o‘qib, ruku va sajdaga borganlarida mana shu a’zolarining to‘rtdan biri tugul yarmidan ko‘prog‘i ko‘rinib qolib, natijada shuncha harakat qilib o‘qiyotgan namozlari o‘zlari bilmagan holda buzilishiga olib kelmoqda. Bu ham yetmaganday orqa safdagi namozxonlarning ko‘zlari avrat a’zolarga tushishiga sababchi bo‘lmoqdalar.
Yana shuni ham ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda ba’zilar kalta shim (shortik)da namoz o‘qimoqdalar. Unday kalta kiyimda belni yopganda, tizza ochilib qolishi, tizzani yopganda esa bel ochilib qolishi tabiiy. Vaholanki, tizzaning o‘zi ham avrat a’zo hisoblanib, uni to‘rtdan birini ochilib qolishi namozni buzadi.
Shuning uchun har bir namozxon o‘ziga qulay bo‘lgan va avrat a’zolarni yopadigan keng hamda uzun kiyimda namoz o‘qishi dinimiz talabidir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay’ati. @diniysavollar
Savol yo‘llash
http://savollar.muslim.uz
@SavollarMuslimUzBot
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati